Yilnoma 14.09.2017 861

DOLZARB MUAMMOLARGA SAMARALI YECHIM

Sayyor qabul

DOLZARB MUAMMOLARGA SAMARALI YECHIM

Nishonlik Dilbar Namozova tumanning Mirzo Ulug‘bek mahallasida qurib foydalanishga topshirilgan namunaviy uy-joylardan birini ipoteka krediti asosida xarid qilgan. ATB "Qishloqqurilishbank"ning hududiy bo‘limi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq, belgilangan summani har oyda, o‘z vaqtidan kechiktirmasdan to‘lab kelmoqda.

Namunaviy uy-joylar qad rostlagan ushbu massivga tabiiy gaz tarmog‘i tortilgan. Bank va mijoz o‘rtasidagi shartnomada ham uy-joyning gazlashgani, tabiiy gaz yetkazib berilishi ko‘rsatilgan. Biroq ushbu fuqaroning yangi uyga ko‘chib o‘tganiga ikki yilga yaqin vaqt o‘tibdi hamki, tabiiy gaz ta’minotidan darak yo‘q. U esa massivda istiqomat qilayotgan boshqa fuqarolar qatori suyultirilgan gaz ballonlaridan foydalanmoqda.

Shu bois Dilbar Namozova "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi viloyat kengashi tomonidan tumanda o‘tkazilgan ochiq muloqotda bu muammoni ko‘tarib, uni hal qilishda amaliy yordam so‘radi.

Ta’kidlab o‘tish joizki, mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida inson manfaatlarini ta’minlash, odamlar bilan muloqot qilish, ularning dardu tashvishlari, orzu-niyatlari, hayotiy ehtiyojlarini o‘rganish va mavjud muammolarini hal qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak, degan tamoyildan kelib chiqib, barcha darajadagi davlat idoralari va mutasaddi tashkilotlar oldiga xalq orasiga kirib borish, oddiy odamlarni qiynayotgan muammolarni o‘rganish orqali, ularga o‘z vaqtida yechim topish talabi qo‘yilmoqda. O‘z navbatida O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi viloyat kengashi tomonidan ham bu borada tegishli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, hududlarda partiya rahbariyatining sayyor qabullari tashkil etilmoqda.

Nishon tumanidagi Nishon transport kasb-hunar kollejida o‘tkazilgan navbatdagi sayyor qabulda ham fuqarolar o‘zlarini qiynayotgan ko‘plab muammolarni bayon etishdi.

Misol uchun, tumanning Oq oltin qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Xudoynazar Jo‘rayev tomonidan ham dolzarb masala ko‘tarildi.

- Bizning qishloq va tuman markazi o‘rtasida avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilmagan, - deydi u. - Vaholanki, ko‘pchilik qishloqdoshlarimizning qandaydir yumush bilan har kuni tuman markaziga yo‘li tushadi. Ko‘plab o‘quvchilar shu yerdagi kasb-hunar kollejlarida tahsil oladi. Avtobus qatnovi yo‘qligi bois ular har kuni yo‘nalishsiz taksilarga murojaat etishga majbur. Bunday taksilarning narxi esa ancha qimmat, hammaning ham imkoniyati bunga yetmasligi mumkin. Agar Oq oltin qishlog‘i va tuman markazi yo‘nalishida avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilsa, bu qishloq ahli uchun katta qulaylik yaratardi.

Fuqaro Sohiba Sharopova esa Paxtakor mahallasi hududidagi ikki qavatli uyning xonadonlaridan birida istiqomat qiladi. Uning ta’kidlashicha, mazkur uy nihoyatda ta’mirtalab. Yog‘in-sochinli kuz-qish mavsumida doimiy ravishda tomdan chakka o‘tib, uy devorlariga zax chiqib ketadi. Bunday sharoitda, ayniqsa, yosh bolalar juda qiynalishadi. Mazkur uyda yashovchi fuqarolar tomonidan bir necha bor tegishli tashkilotlarga murojaat qilinishiga qaramay, hech biridan amaliy yordam bo‘lmagan.

- Qabul davomida fuqarolar tomonidan bildirilgan barcha muammolar o‘rganilib, ularning bir nechtasi bo‘yicha tegishli mutasaddilarga deputatlik so‘rovlari yuborildi va ijrosi nazoratga olindi, - deydi partiyaning viloyat kengashi  raisi Sayfulla Maxmatmo‘minov. - Shuningdek, yana ayrim masalalar joyida hal etildi hamda vaqt talab etiladigan murojaatlar nazoratga olinib, tegishli huquqiy maslahat va tavsiyalar berildi.

Ko‘rish mumkinki, davlat idoralari va mutasaddi tashkilotlar tomonidan joylarda tashkil etilayotgan sayyor qabullar oddiy aholini qiynayotgan muammolarni aniqlash, ularga o‘z vaqtida yechim topishda katta samara berayapti. Zero, fuqarolarning bugunidan rozi, ertangi kunga ishonch bilan yashashida, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlashda bunday tizimning ahamiyati katta.

J.BOYMURODOV