Jamiyat 26.04.2019 38

"DOMLANING AYTGANINI QILU, QILGANINI QILMA"...MI?

Muammo va munosabat

Darhaqiqat, kundalik hayotda bu naqlga ko‘p duch kelamiz, o‘zimiz ham chin-hazil aralash qo‘llayveramiz. Biroq masalaning tub mohiyati haqida bir zum o‘ylab ko‘rsak, ushbu hazil tagidagi zil, uning zalvoriyu butun yuki ko‘rinadi. Nima, domlada shunchalik vijdon yo‘qmi uning aytganini bajarib, u yurgan yo‘lga qadam bosmasak?

Mavridi kelganda, o‘qituvchilar bilan bog‘liq ayrim holatlarni esga olsak. Bir necha yil avval Muborak sanoat kasb-hunar kolleji direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari qishki yakuniy nazorat baholarini qayta topshirish uchun beriladigan yo‘llanma evaziga ikki o‘quvchidan 400 ming so‘mdan so‘ragan va shu pulni olayotgan paytda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Qarshi transport kolleji kafedra mudiri baho qo‘ydirib berish evaziga 100 AQSH dollari olayotgan vaqtda qo‘lga tushgan. Avvalgi Qarshi olimpiya zaxiralari kolleji o‘qituvchisi chiroqchilik bolani kollejning kurash yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 1000 dollar so‘rab, o‘qituvchi degan sha’ni yoniga poraxo‘rlik degan tavqi la’natni tirkab qo‘ygan. Viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i va Muborak sanoat kasb-hunar kolleji direktori o‘rinbosari ham qonunga zid oldi-berdiga o‘ralashib qolgan. Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti iqtisodiyot kafedrasi professori talabadan avvalgi semestr bahosini qo‘yib berganligi evaziga 85 ming so‘m olgan. Bu yil uchun yaxshi baho qo‘yib berishi uchun esa 200 ming so‘m so‘ragan. Yana 6 talabadan 60 ming so‘mdan jami 360 ming so‘mni "starosta" orqali undirgan.

Bir soha uchun ancha ko‘p, to‘g‘rimi? Ammo eshitgan, bilganlarimizning oldida bu ummondan tomchi, xolos. Balki qaysidir sohada tamagirlik qilmaslikning imkoni topilmas, biroq o‘qituvchining o‘z vijdonini pulga sotishini qay sabab bilan oqlab bo‘ladi?

Kuni kecha Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining iqtisodiyot fakulteti dekani A.X. ikki talabadan 400 dollar olayotgan paytda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan qo‘lga olinganidan ko‘pchilik xabardor. Ma’lum bo‘lishicha, fakultet dekani moliya yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar - Q.M. va O.A. ko‘p dars qoldirgani uchun ularni talabalar safidan chiqarishi va kursdan-kursga qoldirishini aytib qo‘rqitgan. Agar har biri 200 dollardan, jami 400 dollar bersa, bu fikridan qaytishini bildirgan.

O‘ylab qolasan kishi: ertaga mamlakat taqdiri ishonib topshiriladigan avlodni tarbiyalaydigan ustozlarning ahvoli bu bo‘lsa, tamagirligi, poraxo‘rligi bilan "o‘rnak" bo‘layotgan odam o‘qitgan bolalardan nimani kutish mumkin?

Eng qizig‘i, korrupsiyaga qarshi eng ko‘p tadbirlar aynan ta’lim muassasalarida o‘tkazib boriladi. Balki bu yerda tamagirlik qilish imkoni ko‘pligi uchundir (har holda o‘qishga kirishdan tortib uni bitirib olgunga qadar turfa "xarajat"lar, sessiyayu diplom himoyasi kabi kattagina "tashvish"lar borligini hech kim inkor etmaydi), ehtimol yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash uchundir?

Birgina Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutini oladigan bo‘lsak, muassasadan ma’lum qilishlaricha, har oyda har bir fakultetda kamida bir marta korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha tadbir o‘tkaziladi. Bu institut tashabbusi bilan bo‘ladiganlari. Bundan tashqari, prokuratura, ichki ishlar va boshqa huquq-tartibot organlari, siyosiy partiyalar tashabbusi bilan ham ayni mavzuda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib boriladi. Demak, har hafta-o‘n kunda "Pora olma, berma, o‘rtaga qo‘shilma, mansabingni suiiste’mol qilma" degan so‘zlar jarang sochadi institutda. E’tiborlisi, oxirgi marta xuddi shunday tadbir aynan iqtisodiyot fakultetida, dekan boshchiligida o‘tkazilgan...

Shuncha targ‘ibot bo‘la turib, o‘qituvchilar korrupsiyadan o‘zlarini tiyib tura olmayaptimi, demak, yo bu ularning qoniga singib ketgan, yo  targ‘ibot tadbirlari shunchaki nomiga, xo‘jako‘rsinga.

Biror quruvchi qanchadir ashyoni yoki uning pulini "yeb" ketsa, o‘rnini qoplash u qadar mushkullik tug‘dirmas, biroq muallim tamagirlikni kasb qilib olsa, buning oqibatlari yaxshilikka olib kelmaydi.  Kasbga munosabat salbiy tomonga o‘zgaradi, o‘qituvchilarga hurmat yo‘qoladi, oqibatda o‘qish-o‘rganishga ishtiyoq kamayadi. Tamagir muallim qo‘lida o‘qigan bola ham vaqti kelib tamagirlikdan tap tortmaydi. Ta’limdagi korrupsiya jamiyat uchun davolash qiyin (bosh)og‘riqlarni keltirib chiqararkan, tadbirbozlikdan voz kechib, aniq samara beradigan usullarga o‘tish kerak. Har holda to‘rt odam to‘plab, majlis o‘tkazib, poraxo‘rlikka chek qo‘yib bo‘lmasligini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi...

N.XO‘JAYEV