Jamiyat 01.10.2019 27

DUNYONI O‘ZGARTIRADIGAN ODAM

Esse

 "Haqiqatan ham, o‘zining ko‘z nuri, qalb qo‘ri, butun borlig‘ini yosh avlod tarbiyasiga baxsh etadigan o‘qituvchi va murabbiylar mehnati, jasorati har qanday yuksak baholarga munosibdir".

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bayram tabrigidan.

1

O‘qituvchining ish obyekti - maktab, subyekti - bola, ish jarayoni murakkab, dunyo tilsimlarini o‘rganishga kirishgan bola qiziqishlari doirasi chegara bilmaydi. Mana shu sarhadga yaxshilik urug‘ini ekish uchun bu kasb kishilari tinimsiz izlanishi, muhimi, bolajon bo‘lishi talab etiladi. Noo‘rin qo‘yilgan bir qadam Sizga nisbatan bola qarashini o‘zgartirib yuborishi mumkin. O‘ris birodarlarimiz bejiz kichkintoy bolalarni "pochemuchka" deb atashmaydi. Bola tilidan otilgan "nega", "nima uchun"larni qoniqtirish har kimning ham qo‘lidan kelmaydi.

Bir gal farzandiga boshlang‘ichda saboq berayotgan muallimaning qattiqqo‘lligidan shikoyat qilib kelgan ota-onalardan birini ortiqcha izoh berib o‘tirmasdan o‘sha sinfdagi darsni kuzatishga boshlab kirdim. Mashg‘ulot davomida hamrohimning tez-tez hayajonga tushib o‘tirganini kuzatib turdim. Nihoyat, mashg‘ulot tugadi. Uni ish xonamga taklif etib:

- Hozir o‘qituvchini chaqirtiraman, shikoyatingizni birgalikda muhokama qilamiz, - dedim.

- Rahmat domla, - dedi u sinfdagi hayajonini bostira olmay. - U kishining sabr-bardoshiga, bolalar bilan muomalasiga qoyil qoldim, o‘rniga o‘zimni qo‘yib ko‘rgandim, tasavvurimga sig‘madi. Domlaga mening rahmatimni yetkazib qo‘ying...

2

Bilmadim, onam aytganidan qolmadimi yoki men maktabga chiqqanimda birinchini o‘qitish Salbi domlaning chekiga tushdimi, xullas, bilimlar olamiga sayohatni u kishining qo‘li ostida boshladim. Onamning dakkisi sababmi, boshda serharakat bu ayolni ko‘rganimdan vujudimni qo‘rquv egallar, tizzam qaltirab turardi. Sinfdoshlarimdan kimdir adashib muallimaga "ona" deb murojaat etdi. Botinimda bosh ko‘targan "ana endi oladiganini oladi" degan o‘y bilan muallimamga mo‘ltirab ko‘z tikdim. Lekin kutganim bo‘lmadi, muallimaning javobi yuragimdagi qo‘rquv hissini tarqatib yubordi:

- Eshitaman, jonim bolam...

Bilsam, Salbi malim nafaqat tasavvurimdagi qo‘rqinchli odam emas, balki qalbi mehrga limmo-lim ona ham ekan.

Boshlang‘ichda o‘qiyotganimda akalarim, opam:

- Ustozi ayol bo‘lsa, bundan nima chiqardi, - deb qitiq-patimga tegishardi.

Ammo gap-gurunglaridan anglardimki birgina men emas, oilamizdagi mendan yoshi katta to‘rt o‘g‘il, bir qizning hammasi Salbi momodan alifbo saboqlarini olishgan ekan.

Esimda, muallimamiz bilib-bilmay nojo‘ya harakat qilib qo‘ysak, boshqalarga qaraganda a’lochilarni qattiqroq tergardi. U kishi bilimdonlarimizni o‘ziga xos tarzda rag‘batlantirib, ishyoqmaslik qilib, darslarga bo‘sh tayyorgarlik ko‘rganimizni gap bilan izza qilardi. Muallimamizning birgina dashnomini eshitgan o‘quvchi ertasiga tubdan o‘zgarar, tuni bilan mijja qoqmay chiqsa ham    darslarga burro-burro javob beradigan bo‘lib kelardi va domlaning tahsiniga sazovor bo‘lardi:

- Mana, o‘qisa bo‘larkan, ilm dunyosi hech kimga pand bermagan, yaxshi o‘qigan yaxshi yashaydi, axir allomalarimiz "Ilm o‘rgan, ilmda ko‘p sir, yopiq eshiklarni ochar birma-bir", deb bejiz aytishmagan.

Men sinfning a’lochilaridan edim, hali o‘tilmagan mavzularni ham o‘rganib kelib, domlani hayratlantirishga urinardim.

- Bu mavzuni o‘rganib kelganing yaxshi, ammo shoshilma, hammasining o‘z o‘rni bor, ilm dunyosiga sakrab-sakrab kirilmaydi. U sirli eshiklarini shoshqaloqqa emas, tinimsiz o‘rgangan, izlangan kishiga ochadi, - derdi.

Bir gal nimadir bo‘ldiyu, navbatdagi darsga biroz kechikib kirdim. To‘g‘risi, kechikish, muallimamizning dilini og‘ritish niyatim yo‘q edi. Lekin sinfdoshlarimdan biri tanaffus chog‘ida maktabga uncha uzoq bo‘lmagan uyiga birga borib kelishimni so‘raganida, rad etolmadim. Biz uch kishi edik, o‘qituvchimiz har birimizni sinchkov nigohdan o‘tkazdi, so‘ngra qarashini menda jamlab dedi:

- Xo‘sh, senga nima bo‘ldi, nega kechikib qolding?

Pastga qarab nimalarnidir ming‘irladim, bahona axtardim shekilli. Boshda mehr bilan gapirgan o‘qituvchimiz ko‘zlarida nogoh qahr uchqunlarini ilg‘adim, qo‘lidagi tol chiviq bilan yumshoq joyimga tushirdi, go‘yo kaltagida ham mehr bordek edi:

- Bu yolg‘on gapirishga uringaning uchun, boshingga qilich kelsa ham o‘trik so‘zlama, bor, joyingga o‘tir, boshqa takrorlanmasin.

O‘shanda o‘qituvchimdan biroz ko‘nglim qolgan, "nega   boshqalarni emas, faqat meni..." degan savol o‘rmalagandi botinimda...

Bugun Salbi momoning bandalikni bajo keltirganiga o‘n yildan oshayapti. Ammo u kishi bilan bog‘liq shirin xotiralar hamon qishloq davralarida eskirmaydi. Muallimamning hayot yo‘lidan anglaganim - bilim - boylik ekan, bahosi yo‘q boylik, olinadigan va beriladigan boylik, unga o‘zingdan o‘zga hech kim egalik qilolmas, faqat amal qilinmagan, o‘zgalardan qizg‘oniladigan ilm shamolga sovurilgan xasdek bo‘larkan…

3

U paytlar hali maktab yoshiga yetmagandim, ammo uyimiz shundaygina qishloqdagi yakkayu yagona bilim maskani hovlisiga tutashib ketgani bois tokzor, daraxtzorlar orasida nima uchundir kam harakatlanadigan o‘ng bilagiga bel dastasini qistirib olganicha tinimsiz kuymalanib yuradigan bu kishini deyarli har kuni ko‘rardim. Ba’zan bu odam otamga tirkashib biznikiga kelar, shunda ham qo‘l qovushtirib o‘tirmasdan hovlimizdagi toklarga shakl berar, daraxtlarni butardi.

- Ro‘zi bobongni tanib qo‘y, - derdi otam. - Nasib etib maktabga borsang senga ham dars beradi.

Rosti, meni bu tinib-tinchimas odamning muallimligi emas, yarador qo‘li ko‘proq qiziqtirardi:

- Nega non yeydigan qo‘li bilagidan qayishib turadi, - qiziqsinib so‘rardim otamdan.

- Urushda fashistning o‘qi tekkan, - javob berardi otam...

Boshlang‘ichni tugatib, to‘rtinchiga o‘tganimda Ro‘zi bobo bizning sinfga dars o‘tadigan bo‘ldi. Arifmetikadan. Arximedning hammomdagi "evrika"siyu Nyutonning boshiga tushgan olma sabab olam sirlarini o‘rganishda muhim bo‘lgan qonuniyat kashf etilganini ham tengdoshlarim qatori u kishidan eshitganman.

Domla juda talabchan edi. Biror daqiqa bo‘lsin harakatdan to‘xtamas, bizni ham saboqlarini diqqat bilan tinglashga majbur etardi. Yo‘q, u kishining birovga ovozini ko‘targanini, kuch ishlatganini ko‘rmaganman. Faqat o‘quvchiga nisbatan talabchan edi. Har qanday vaziyatda burro javob berishga tayyorlardi. Aytaylik, o‘z xayollaringizga berilib o‘tiribsiz, domla beozorgina biqiningizdan chimchilaydi:

- Qani, falonchiboy, misolning davomini siz yechib bering...

O‘tgan asrning oltmishinchi yillari Pomuqning uzum, daraxt parvarishlanayotgan xonadonlari barmoq bukib sanar darajada kam, ustozning hovlisi esa ular orasida eng ko‘rklisi edi. Bahor oylari bu hovlidagi loysuvoq uylarning tomini yopgan tut, uzum, o‘rik va boshqa mevali daraxtlar shig‘il hosilga o‘tirardi.

Meni bu bog‘-hovlidagi meva-chevalarga qaraganda ham domlaning burchakdagi ish xonasi ko‘proq qiziqtirardi. Boisi, bu xonada yaxshigina kutubxona bo‘lardi. Kitobga o‘chligimni bilgan domla undan bemalol foydalanishimga ruxsat berardi. Rangli chop etilgan qalingina "O‘zbek xalq ertaklari", "Gulliverning  sayohatlari", "Baron Myunxauzen" kabi o‘nlab kitoblarni domlaning shaxsiy kutubxonasidan olib o‘qigandim.

Haligacha domlani hurmat bilan eslaydiganlarning son-sanog‘i ko‘p. Endi bilsam, Ro‘zi boboning bog‘lari birgina o‘zi ekib, tagini yumshatgan daraxtlar, bog‘lar emas, ko‘p sonli shogirdlari ham ekan...

O‘ninchi sinfda o‘qirdik, shekilli. Besh-olti sinfdosh bir soat bo‘sh qolganimizdan foydalanib, qishlog‘imizning Ignachi mahallasida yashovchi do‘stimizning uyiga bordik. Sobir jo‘ramiznikida choy ichgandan so‘ng, bolalik-da, chillakka berilib qolibmiz. Bir soatga ketgan og‘aynilar arang so‘nggi darsga yetib keldik. Kimyo o‘qituvchimiz mashg‘ulotiga kechikib kirganimiz uchun direktorning xonasiga yetakladi. Tamaki dudi devorlarigacha singib ketgan mo‘jazgina xona to‘rida o‘tirgan direktor bizni ko‘rib:

- Qani, bular nima gunoh qilishdi, bitiruvchi sinf o‘quvchilari-ya, - deb o‘rnidan turdi.

Ko‘zlari odamga chuqur botadigan frontovik direktordan nafaqat biz, balki o‘qituvchilar ham cho‘chib turishini yaxshi bilardik. Aslida Safar domlaning birovga yomonligi yo‘q, o‘tgan kuniga shukrona qiladigan inson edi. Biron harakatidan manfaat izlamas, hatto gapi teng kelmasligini yaxshi bilgan kezlari ham adolatparvarligi tufayli haqiqatni kattayu kichikning betiga ro‘y-rost aytib, pand yegan vaqtlari ham bo‘lardi. Uning mana shu rostgo‘yligi boshqalarning hasad aralash undan tortinishiga turtki berardi.

Domla hammamizni bir-bir sinchkov nigohdan o‘tkazdi. Uning nazari menga kelganda bir muddat qotib qoldi:

- Sen, maktabimizning a’lochisi bo‘lib, nima qilib yuribsan?

To‘g‘risini tan olishga majbur bo‘ldim:

- Chillakka qiziqib qolibmiz.

- Rostdanam chillak o‘ynadingizlarmi, kim yutdi?

Domlaning ovozida sog‘inchmi, nimadir sodir bo‘ldi, qahri bo‘shadi:

- Mayli boringlar, lekin muallimlaringizni ranjitmanglar.

Hammamiz yelkamizdan og‘ir yuk ag‘darilganday yengil nafas olib direktorning xonasidan chiqdik...

...Chori sinfdoshim harbiy xizmatdan so‘ng o‘ris qizga uylanib Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida yashab qolganiga qariyb qirq yil bo‘ldi. Onda-sonda kelib turadi, tili o‘sha-o‘sha, biron so‘zda adashmaydi. Muloqot chog‘ida kimdir biron boshqa tildagi so‘zni aralashtirib yuborsa, dakki beradi. U qishloqqa kelganida albatta meni surishtirib qoladi, uchrashib, maktab yillarini eslaymiz. Yuqorida shunday gurunglardan bir chimdimini keltirdim.

- Oshna, mana sen maktab rahbarisan, menga bir narsani ayt, nega shunday muallimlar kamayib borayapti, - deydi u ko‘zlari yoshlanib.

- Ular zo‘raki emas, tug‘ma o‘qituvchilar edi, - deyman tan berib.

- Rost aytasan, - ma’qullaydi sobiq sinfdoshim. - O‘qituvchilik uchun tug‘ilgan deb shunday kishilarni atasa arziydi...

4

Kechki payt, hovli sahnidagi supada yulduzlar jimiridan ilhomlanib, yozuv klavishlarini shiqirlatib o‘tirganimda qadrdon do‘st o‘rnidagi shogirdim - Niyozmuhammad Panjiyev qo‘ng‘iroq qilib qoldi:

- Ustoz, bayram bilan tabriklab qo‘yay degandim.

- O‘zingni ham.

Niyozmuhammad Jeynovdagi 20-iqtidorli bolalar maktabida ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydi. Binoyigina ijodkor, she’r va publitsistik maqolalari tez-tez respublika, viloyat matbuot nashrlarida e’lon qilinib turadi. Samarali mehnatlari uchun "Shuhrat" medali bilan taqdirlangan.

- Bilasizmi, litseyimiz (maktab bir vaqtlar litsey maqomida faoliyat ko‘rsatgan) tashkil etilganida qishlog‘imizdan bironta fan doktori u yoqda tursin, nomzod ham yetishib chiqmagandi. Bugun sobiq bitiruvchilarimizdan to‘rt nafari fan doktori, sakkizi fan nomzodi rutbasiga ega. Chorak asr mobaynida 700 nafardan ortiq bitiruvchimiz oliygohlarga kirib, tahsil olishdi.

Endi Niyozmuhammadning hayajoni mening ham vujudimni qamrab oladi, o‘rnini topib, mazkur muvaffaqiyatlarda uning ham hissasi borligini qistirib o‘taman. Axir, muallimning baxti shogirdlar kamoli bilan-da...

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarning birida pokistonlik huquq himoyachisi, tinchlik sohasida Nobel mukofoti laureati Malala Yusufzayning quyidagi iborasini o‘qib qoldim:

"Bitta kitob, bitta ruchka, bitta bola va bitta o‘qituvchi dunyoni o‘zgartirishi mumkin".

Naqadar o‘rinli qiyoslash. Aslida har bir bola o‘ziga xos bir olam. Umri davomida bitta bolada yagona ijobiy xislat uyg‘otishga erishgan o‘qituvchi o‘ziga xos bir dunyoni o‘zgartirgan hisoblanmaydimi?!

Abdunabi ABDIYEV