Jamiyat 26.04.2019 152

E’TIBOR VA G‘AMXO‘RLIK - INSONIY BURCH

Ehtirom

9 may umumxalq bayrami - Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 7 million 500 ming so‘m miqdorida biryo‘la pul mukofoti beriladi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 23 apreldagi "Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida"gi farmonida so‘z boradi.

Ma’lumki, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlarning xotirasini abadiylashtirish, bugun ham saflarimizda turib Vatan obro‘-e’tiborini yuksaltirishga, yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylarni e’zozlash hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba nishonlanishi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlari muntazam ravishda moddiy rag‘batlantirib boriladi.

23-aprel kuni Prezidentning "Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ham qabul qilindi. Unga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi kurashishga hissa qo‘shgan, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasini abadiylashtirish, barcha faxriylarga hurmat ko‘rsatish bo‘yicha maxsus dastur va ishchi guruh tarkibi tasdiqlandi.

Nazarda tutilgan tadbirlar "Ajdodlarni xotirlash - muqaddas qadriyat", "E’tibor va g‘amxo‘rlik - insoniy burch" shiorlari ostida o‘tkaziladi.

Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisiga, front orti mehnat faxriylariga, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish maqsadida tegishli vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar, harbiy qismlar vakillari biriktirilib, ushbu toifadagi shaxslarni qutlash maqsadida ularning yashash joyiga rahbarlarning tashrifi tashkil etiladi.

Yolg‘iz va kam ta’minlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining turar joyi va uy xo‘jaliklari ta’mirlanib, obodonlashtiriladi.

Urush qatnashchilari va nogironlarining har biriga tibbiy va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, ularni parvarish qilish maqsadida tibbiy bilimlarga ega xodimlarni (shartnoma asosida) biriktirgan holda doimiy ravishda patronaj xizmati tashkil qilinadi.

Ikkinchi jahon urushiga O‘zbekistondan ketib g‘alabaga o‘zining beqiyos hissasini qo‘shgan va urush qahramoni bo‘lgan faxriylar nomlarini abadiylashtirish maqsadida o‘zlari tug‘ilib o‘sgan ko‘chalarga ularning nomlari beriladi.

Urush qatnashchilari va nogironlari ularning istaklari asosida respublika hududidagi sanatoriyalarga bepul yuboriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi belgilangan joylarda urush vaqtidagi harbiy texnika namoyishi, Toshkent shahrida Ikkinchi jahon urushiga aloqador arxivdan olingan foto va hujjatlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

Mudofaa vazirligi tomonidan Toshkent shahrida 2019-yil 9-may soat 21:00 da bayram salyuti tashkil qilinadi.

Madaniy-ma’rifiy va vatanparvarlik yo‘nalishidagi tadbirlar respublikaning barcha hududlarida bo‘lib o‘tadi.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda mamlakatimizda 878 nafar urush faxriysi hayot bo‘lib, ularning 66 nafari qashqadaryoliklardir.

N.XO‘JAYEV

Suratda: Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi G‘affor bobo Sattorov yosh avlod vakillari bilan uchrashuv chog‘ida.

Sobir NARZIYEV olgan surat.