Jamiyat 07.05.2019 134

E’TIBOR VA G‘AMXO‘RLIK - INSONIY BURCH

O‘tganlar xotirasini yod etish, keksalarni e’zozlash bizda azaliy qadriyat bo‘lib, turmush tarzimizning ajralmas bo‘lagi, mazmun-mohiyatiga singib ketgan. Ahamiyatli jihati, bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik mentalitetimizga hamohang davlatimiz ijtimoiy himoya siyosatida ham o‘z aksini topgan.

Buni Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan hurmat va ehtirom, ularning ijtimoiy himoyasini tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlar misolida ham ko‘rish mumkin.

- Urush davri mashaqqatlari, oilalardagi yo‘qotishlar, qashshoqlik, ochlik azoblarini biz ko‘rdik, - deydi Chiroqchi tumani Hayitkul qishlog‘ilik urush qatnashchisi Eshmirza bobo Ochilov. - U paytlar bugungidek farovon, inson e’zozda yashaydigan kunlar kelishini tasavvur ham qilolmasdik. Xudoga shukur, bugun biz, keksalarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, ehtiromdan ko‘nglim tog‘dek yuksaladi. Nevara-chevaralarim qatorida o‘quvchilar, turli tashkilotlar vakillari tez-tez yo‘qlab keladi, xursand bo‘laman. Shifokorlarni aytmaysizmi, doimo holimizdan xabardor.

Ta’kidlash joiz, Prezidentimizning 2019-yil 23-apreldagi "Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ijtimoiy himoyalash bilan bog‘liq ko‘plab tadbirlar, shu jumladan, ularning har biriga tibbiy va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, ularni parvarish qilish maqsadida tibbiy bilimlarga ega xodimlarni (shartnoma asosida) biriktirgan holda doimiy ravishda patronaj xizmatini tashkil etish belgilangan. Zero tinchlik uchun kurashgan insonlarni ulug‘lash bizning insoniy burchimizdir.

J.BOYMURODOV

Suratda: patronaj hamshiralari Eshmirza bobodan tez-tez xabar olib turishadi.

Sobir NARZIYEV olgan surat.