Jamiyat 08.10.2019 30

E’TIBORSIZLIK OQIBATI AYANCHLI BO‘LISHI MUMKIN

2019/2020-yillar kuz-qish davrida yong‘inlarning oldini olish bo‘yicha viloyatda o‘tkazilgan tekshirishlar natijasida 250 dan ortiq yong‘in xavfsizligi talablarini buzish holatlari aniqlandi. Yong‘in xavfsizligi talablarining buzilishiga yo‘l qo‘ygan 12 fuqaro va mas’ul belgilangan tartibda jarimaga tortildi. 16 ta maskanning ish faoliyati vaqtincha to‘xtatib qo‘yildi. 

Bu raqamlar ayni paytga qadar o‘rganilgan 234 ta ta’lim va tarbiya, 86 ta sog‘liqni saqlash muassasasi, 138 ta boshqa davlat tasarrufidagi ijtimoiy soha obyekti, 86 ta ko‘p qavatli uy hamda 33 mahalladagi aholi yashash xonadonlarining mavsumga tayyorgarlik holatlari asosida aniqlangani, xolos.

Vaholanki, olib borilayotgan bu kabi chora-tadbirlarga qaramasdan, 2019- yilning o‘tgan 8 oyi davomida viloyat hududida  758 ta yong‘in qayd etildi. Ular oqibatida 37 kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan bo‘lsa, 5 kishi bevaqt hayotdan ko‘z yumgan.

Misol uchun, joriy yilning 24-sentabr kuni Mirishkor tumani Qumbangi mahallasida yashovchi fuqaro – 1991-yilda tug‘ilgan B.S.ning yashash uyida yong‘in sodir bo‘lgan. Achinarli tomoni, yong‘inni o‘chirish jarayonida uy egasining turmush o‘rtog‘i, 1998-yilda tug‘ilgan D.N.ning kuygan holdagi jasadi topildi.

Dastlabki o‘rganish natijalariga ko‘ra, uyning oshxona sifatida foydalanib kelingan bir xonasidagi gaz ballonidan gaz sizib chiqib, to‘planib qolgan. Buni sezmagan D.N. elektr chirog‘ini yoqishi natijasida chaqnash sodir bo‘lib, yong‘in kelib chiqqan.

Yoki boshqa bir misol. 2019-yil 22-sentabr kuni Koson tumani Ayronchi mahallasida yashovchi, 1987-yilda tug‘ilgan J.I. ning yashash uyida yong‘in kelib chiqqan. Natijada binoning ichki va tepa tom qismining 28 metr kvadrat maydoni yongan. Ushbu ko‘ngilsiz holatga esa uy egasining 2010-yilda tug‘ilgan farzandi gugurt o‘ynashi sabab bo‘lgani aniqlandi.

Har qanday xatarning oldini olish uning oqibatini bartaraf etishdan afzal. Shunday ekan, yong‘inlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun ham xuddi shunday yo‘l tutsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Mirzohid OSTONOV,

viloyat YOXB boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik