Qishloq xo'jaligi 21.05.2019 206

EKINNI TOMCHILATIB SUG‘ORISH BILAN MILLIONLAB MABLAG‘ TEJALADI

Qishloq xo‘jaligi

Mamlakatimizda chuchuk suvning eng yirik iste’molchisi qishloq xo‘jaligi sohasi hisoblanadi. Binobarin, dehqonchilik ishlarining rivoji har jihatdan suvga bog‘liq, biroq u hisobsiz emas.

Birgina viloyatimiz misolida olib qaraylik. Bugungi kunda hududga   dehqonchilik ishlari uchun yillik o‘rtacha 6,5-7 milliard kub atrofida suv limiti ajratiladi. Bu mavjud ehtiyojni qoplaydigan eng minimal miqdor. Boz ustiga bizda foydalanilayotgan suvning asosiy qismi, ya’ni o‘rtacha 83 foizi qo‘shni respublikalar hududida shakllanadi. Shu bilan birga ana shu resursni dehqon dalasiga qadar yetkazib berish ham oson ish emas, katta sarf-xarajatlar talab etadi. 

Mana shu omillar sabab bizda suvdan oqilona foydalanish, sohaga suvni tejashga qaratilgan yangi loyihalarni izchillik bilan joriy etish ustuvor masalaga aylandi. Shunga monand, qator chora-tadbirlar ham amalga oshirilmoqda. Suv tejovchi qurilmalar, ular ehtiyot qismlarini ishlab chiqaruvchi, yetkazib beruvchi subyektlar, o‘z faoliyatida tejamkorlikka asoslangan loyihalarni joriy etayotgan xo‘jaliklar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda, turli imtiyozlarga ega bo‘layapti.

Ta’kidlab o‘tish joiz, dastlab mamlakatimizda tomchilatib sug‘orish tizimlarini ommalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 19-apreldagi tegishli qarori asosida boshlangan edi. Unga ko‘ra, 2014-2017-yillar davomida asosan bog‘ va uzumzorlarda tomchilatib sug‘orish tizimlarini joriy etish bo‘yicha ishlar amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-dekabrdagi "Paxta xomashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori esa bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi.

Qaror bilan 2019-2020-yillar davomida tomchilatib sug‘orish tizimlari va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish, fermer xo‘jaliklari paxta dalalariga bosqichma-bosqich suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tegishli "Yo‘l xaritasi" tasdiqlandi.

Bu borada viloyatimizda ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, hududda ushbu qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha viloyat hokimining 2018-yil 29- dekabrdagi qarori qabul qilinib, amalga oshiriladigan ishlar rejasi belgilab olindi.

Ayni paytda viloyatda 13 ta fermer xo‘jaligining 293 gektar paxta maydonida tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini o‘rnatish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Buning uchun, fermer xo‘jaliklariga ATB "Agro bank" tomonidan 5 milliard 556 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilishi belgilangan bo‘lsa, shu kunga qadar 2 milliard 778 million so‘m mablag‘ ijrochi pudrat korxonalari hisob raqamiga o‘tkazib berilgan. Buyurtmachi fermer xo‘jaliklar paxta dalalariga tomchilatib sug‘orish tizimlarini o‘rnatish va montaj qilish bo‘yicha ishlar olib bormoqda.

Chiroqchi tumanidagi "Boboxo‘ja" hamda "Ko‘m-ko‘k yashil bog‘" fermer xo‘jaliklari mulkdorlari ham g‘o‘zani tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etishga bel bog‘lashgan. Ularning bu tashabbusi bank tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlanib, umumiy 64 gektar maydonda tomchilatib sug‘orishni yo‘lga qo‘yish uchun hozirgi kunga qadar 580 million so‘m kredit mablag‘i yo‘naltirilgan. Ayni paytda ta’minotchi korxona Turkiyadan barcha zarur ehtiyot qismlarni keltirib montaj ishlari olib bormoqda.

Nishon tumanidagi "Saidaliyev Muhriddin" fermer xo‘jaligining 32 gektar maydonida ham tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish ko‘zda tutilgan. Buning uchun ATB "Agrobank" Qamashi tuman filiali bilan 640 million so‘m kredit ajratish bo‘yicha shartnoma mavjud. Hozirgacha ushbu mablag‘ning 266 million so‘mi ta’minotchi korxonaga o‘tkazib berilgan bo‘lib, qurilish ishlari boshlangan.

Tumandagi "Farmonov Ziyodulla" fermer xo‘jaligi mulkdorlari esa viloyatda birinchilardan bo‘lib ushbu tizimni o‘rnatib, undan allaqachon foydalanishni boshlashgan.

Fermer Ziyodulla Farmonovning ta’kidlashicha, ayni paytda 42 gektar yerda tomchilatib sug‘orish tizimi mavjud. Bu suvni tejash bilan bir qatorda, ishchilarning mehnatini ham juda yengillashtirmoqda.

Shuningdek, G‘uzor tumanidagi "G‘uzor Agro fayz", "Isomiddin o‘g‘li Islombek", "Toshg‘uzor Boysun", Koson tumanidagi "Samandar Nurdiyor", "Qudrat ota YET", Mirishkor tumanidagi "Mohidil Sevinch" hamda Qamashi tumanidagi "Ashir ota", "Ernazarova Dildora" fermer xo‘jaliklarida ham paxta maydonlariga namunaviy loyiha asosida tomchilatib sug‘orish tizimlarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

- Ushbu loyihaning afzalligi shundaki, ekinni sug‘orish uchun zarur miqdordagi suv avval maxsus qazilgan hovuzda to‘planadi, - deydi Paxta seleksiyasi urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti Qashqadaryo ilmiy tajriba stansiyasi mutaxassisi Shukur Jumayev. - So‘ng filtrlanib, nasos yordamida asosiy quvurga, undan esa ekin maydoni bo‘ylab tortilgan maxsus teshikchali kichik polietilen quvurlarga haydaladi. Undan suv tomchilab chiqadi va g‘o‘zaga kerakli namni ta’minlab beradi.

Yana bir afzalligi, ushbu texnologiyada paxta egatlariga plyonka tortish ko‘zda tutilgan. Suv quvurlari uning ostidan o‘tadi. Natijada  namning saqlanish darajasi juda yuqori bo‘ladi, jo‘yakda begona o‘tlar bo‘lmaydi. Mavsum davomida ekinga barcha mineral o‘g‘itlar suv bilan beriladi, texnika xarajatlari qisqaradi. Suv sarfi o‘rtacha 40 foizga kamayadi. Hosildorlik  oshadi, hosil ancha erta yetiladi.

Tejamkor texnologiya asosida yuzaga keladigan ana shu kabi qulayliklar haqida soha xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi mablag‘lari asosida yaratilgan "Tomchi" mobil ilovasi yordamida ham tanishtirib berilayapti.

- Ilova fermerlar, suv xo‘jaligi mutaxassislari yoki boshqa qiziquvchilarga sug‘orishning tejamkor uslublari haqidagi axborotlarni olish, tomchilatib, parlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilishning taxminiy sarf-xarajatlarini oldindan hisoblab chiqarish imkonini beradi, - deydi "Amu-Qashqadaryo" irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi suv  resurslari bo‘limi bosh mutaxassisi Habibullo Mamanov. - Shuningdek, ilovada tomchilatib sug‘orish uskunalarini ishlab chiqarish, montaj qilish xizmatini ko‘rsatadigan barcha korxonalar, ularning xizmat turlari haqidagi ma’lumotlar jamlangan.

Bir so‘z bilan aytganda, viloyatimizda paxta maydonlarida suv tejovchi loyihalarni keng ommalashtirish bo‘yicha katta hajmdagi ishlar boshlangan. Shu bilan bir qatorda, kamchiliklar, belgilangan loyihalarning o‘z vaqtidan kechikish holatlari ham yo‘q emas. Misol uchun, biz yuqorida sanab o‘tgan fermer xo‘jaliklarida tizim mavsum boshidanoq ishga tushirilishi kerak edi. Lekin ularning aksariyatida qurilish, montaj ishlari hali yakunlangani yo‘q, ba’zilarida endi boshlanmoqda. Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda ham bu jihatga e’tibor qaratilib, qator hududlar, shu jumladan, viloyatimizning ayrim tumanlarida olib borilayotgan bu boradagi ishlar kechiktirilgani, tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish uchun paxta xomashyosi yetishtiriladigan maydonlarning har bir gektariga ajratiladigan subsidiyalarning o‘z vaqtida ajratilmagani tanqid qilindi.

Bu bejizga emas. Sug‘orishning tejamkor texnologiyalarini joriy qilish mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasi rivojining ertasiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Chunki biz suv resurslari taqchilligi doimiy xavf solib turadigan hududda yashaymiz. Shunday ekan, sohada ilg‘or, resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish juda muhim, qolaversa, bu davr talabi hamdir.

Jahongir BOYMURODOV