So'nggi yangiliklar 31.05.2019 39

ELEKTR ENERGIYASIDAN NOQONUNIY FOYDALANIB, DAVLAT INSPEKTORIGA SHIKAST HAM YETKAZDI

Qing‘ir ish – keltirar tashvish

Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘uzor tuman sudi tomonidan sudlanuvchi Chori Eshonqulovga nisbatan axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Gap shundaki, 2018-yilning 16-sentabr kuni Majburiy ijro byurosi G‘uzor tumani bo‘limi davlat inspektorlari tumandagi Do‘ltali qishlog‘ida xizmat vazifasini bajarish chog‘ida shu qishloqda yashovchi Chori Eshonqulov yashash xonadonida elektr energiyasidan noqonuniy ravishda foydalanayotganini aniqlashadi. Ushbu qoidabuzalik natijasida ta’minotchi korxona foydasiga 1 million 780 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ladi.

Shunga ko‘ra, fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 101-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgani uchun eng kam oylik ish haqining besh baravari miqdorida jarimaga tortiladi.

O‘rgangan ko‘ngilning o‘rtanishi sababmi, Ch.Eshonqulov tegishli xulosa chiqarish o‘rniga qoidabuzarlik harakatlarini davom ettiradi. Xususan, elektr energiyasidan o‘zboshimchalik bilan foydalanib kelayotgani yetmaganday aybini tan olish o‘rniga davlat inspektoriga keskin qarshilik ko‘rsatadi va uni belkurak bilan urib, sog‘lig‘iga og‘ir shikast yetkazadi.

Qilmishiga yarasha Ch.Eshonqulov endi 1 yilu 6 oy axloq tuzatish jazosini o‘taydigan bo‘ldi.

B.XUJAMURATOV, 

Majburiy ijro byurosi ichki xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi bosh inspektori

A.NIYOZOV,

byuroning viloyat boshqarmasi katta inspektori