Iqtisodiyot 07.06.2019 86

ELEKTROTEXNIKAGA OID 2 ISTIQBOLLI LOYIHA AMALGA OSHIRILADI

Iqtisodiyot

Yaqin vaqt ichida viloyatimizda yangi yuqori texnologik mahsulot - chiller (markazlashtirilgan isitish va sovutish tizimi) ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi. Yangi barpo etilajak quvvat iste’mol bozorini  yiliga 100 dona tayyor mahsulot bilan muntazam ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Istiqbolli loyihani amalga oshirish uchun jami 5 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ sarflanadi. Shuning teng yarmi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ekani ahamiyatli. Quvvat to‘la ishga tushsa, 100 nafar kishi doimiy ish o‘rni bilan ta’minlanadi. "Century-JV" qo‘shma korxonasi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan ushbu tashabbus hududda elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirishga sharoit hozirlaydi.

 Mazkur istiqbolli loyiha davlat rahbarining joriy yil 30 maydagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan, 2019-2021-yillarga mo‘ljallangan ro‘yxatdan joy olgan. Bu hujjatga muvofiq, mamlakatimizda elektrotexnika sanoatini yangi bosqichga ko‘tarish, tarmoqning investitsiyaviy va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha choralar ko‘riladi.

Qayd etish joiz, tegishli ro‘yxatga Qashqadaryo bo‘yicha yana bitta loyiha kiritilgan. Unga ko‘ra, 2019-yil dekabrida hududda transformatorlar uchun quti ishlab chiqarish tashkil etilishi lozim. Loyiha tashabbuskori - "Trans energo ta’mir" mas’uliyati cheklangan jamiyati yangi quvvatni ishga tushirishga 36 ming AQSH dollari ekvivalentida sarmoya yo‘naltiradi. Shu maqsadda tijorat bankidan 6 ming dollar kredit olinishi reja qilingan, qolgani tadbirkorning o‘z mablag‘idir. Korxona yiliga 700 dona mahsulot tayyorlay oladi va 7 nafar kishini ish bilan band etadi.

Prezident qarorida 2019-2020-yillarda elektrotexnika sanoatini jadal rivojlanitirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi", yaqin 3 yil davomida tarmoqda mahalliylashtirish va ishlab chiqarishni kengaytirish tavsiya etiladigan mahsulot turlari ro‘yxati ham keltirilgan.

Bu kabi chora-tadbirlar tarmoqqa ko‘proq investitsiya olib kirish, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlashni tashkil etishga ham qaratilgan. Shu orqali aholi va iqtisodiyot sohalarining xaridorgir va raqobatbardosh elektrotexnika mahsulotlariga bo‘lgan yuqori talabini ichki imkoniyat hisobidan samarali qondirish, import o‘rnini bosuvchi tovarlar salmog‘ini ko‘paytirishga erishiladi.

M.JO‘RAYEV