Madaniyat 02.10.2018 212

Elmurod BOYMURODOV: “SAN’ATDAN BAXT HAM, SURUR HAM, E’ZOZ HAM TOPDIM”

Elmurod BOYMURODOV: “SAN’ATDAN BAXT HAM, SURUR HAM, E’ZOZ HAM TOPDIM”

Hayotda shunday shaxslar bo’ladiki, uning fidoyi mehnatiyu insoniy fazilatlarini hamma biladi, hamma tan oladi, hurmat qiladi. Aslida bunday inson haqida yozish, el bilganidan ortiq gap aytish oson emas. Ozbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi, davlatimizning qator nufuzli unvon va ordenlari sohibi, taniqli san’atkor, fidoyi ustoz Elmurod Boymurodov ana shundaylardan biri.

Ustoz san’atkor bilan uchrashib, suhbatlashish niyatida ko‘hna va navqiron Shahrisabz shahridagi 20-sonli bolalar musiqa va san’at maktabiga bordik. Kutganimizdek, u kishi bir guruh yoshlarga maroq bilan maqom sirlarini o‘rgatayotgan ekan. Suhbatimiz ham asosan ustozning sohaga bo‘lgan mehri, shogirdlari, mamlakatimizda milliy san’atimizni yuksaltirishga qaratilayotgan e’tibor xususida kechdi.

“RAJ KAPURGA HAVAS QILARDIM”

- Hech qachon o‘zimni san’atdan boshqa sohada tasavvur qilmaganman, qila olmayman ham. 1949 yilda Shahrisabzning so‘lim Miraki qishlog‘ida tug‘ilganman. Bolaligim Ikkinchi jahon urushining asoratlari hali ketmagan, og‘ir inqirozdagi xalq xo‘jaligi endi-endi qayta tiklanayotgan bir vaqtga to‘g‘ri kelgan. O‘qish bilan birga, hamma qatori dalada mehnat qilardim. Suyagim mehnatda qotgan. Ota-onam o‘zlari san’atkor bo‘lmasa-da, san’atni juda yaxshi ko‘rishardi. Maktabda o‘qib yurgan kezlarim haqiqiy san’at shaydosiga aylanganman. Qo‘shiq aytish, rol ijro etish jonu dilim edi. O‘sha yillari Raj Kapurning “Janob 420” filmi tez-tez ekranlarda namoyish etilardi. Bu kinoni ko‘rayotgan vaqtlarim butun dunyoni unutar, unga singib ketardim. Filmdagi qo‘shiqlarni xirgoyi qilib, raqs tushib yurardim. Orzuyim esa xuddi Raj Kapurdek xalq tanigan, sevgan san’atkor bo‘lish edi. 

TALABALIK – USTOZLAR SABOFI, INTILISH VA IZLANISH

- Maktabni bitirgach, oldimda faqat bitta maqsad bor edi – san’atkor bo‘lish. Mendagi iqtidor, ishtiyoq va qat’iy intilishni ko‘rgan yaqinlarim ham bu maqsadimni qo‘llab-quvvatlashdi. Shu bois hech ikkilanmay Toshkent davlat teatr va rassomchilik instituti (hozirgi Toshkent madaniyat va san’at instituti)ga yo‘l oldim. Talabalik baxtiga muyassar bo‘ldim.

Bu oliygoh hayotimda juda katta o‘rin tutadi. U yerda ko‘plab buyuk insonlar sabog‘ini, maslahatlarini, o‘gitlarini olganman. Ularga havas qilib, izlanishga, olg‘a intilishga harakat qilardim.

O‘qish davomida bilimimni oshirish bilan bir qatorda, mahoratimni ham toblab bordim.

1971 yilda institutning rejissorlik bo‘limini muvaffaqiyatli tamomladim. Meni Qori Zokir Sodiqov nomidagi Shahrisabz shahar xalq teatriga ishga yuborishdi.

“TEATR UYIMDAY BO‘LIB KETGAN”

Bu teatrda 1971 yildan to 2014 yilga qadar, ya’ni 43 yil davomida rejissor bo‘lib ishladim. Hayotimning katta qismi shu dargohda kechdi. Ijod zavqini ham, ustozlik sururini, mehnatning rohatini ham, barcha-barchasini shu yerda his etganman.

Ba’zida spektakldagi oddiy bir holatni chiqarish uchun haftalab, oylab mehnat qilgan, repetitsiyalarga zo‘r bergan vaqtlarimiz bo‘lgan. Ana shunday damlarda o‘zimni unutib qo‘yardim. Shu ko‘rinishni o‘zim o‘ylagan kabi chiqargunimga qadar na yegan-ichganimda, na uyqumda halovat bo‘lardi. Lekin spektaklimiz tomoshabinlarga havola qilingach, ularning birinchi olqishidayoq bu charchoqlardan asar ham qolmas, yanada qattiqroq ishlashga, bundan-da yaxshiroqlarini sahnalashtirib, tomoshabinlar e’tiboriga havola etish harakatiga tushardim. 43 yil ana shunday mehnat qildim. Bu joyda juda ko‘plab fidoyi kishilar, yuksak iste’dod egalari bilan birga ishladim, shogirdlar tayyorladim, yangi-yangi nomlarni kashf etdim. Juda ko‘plab spektakllarni sahnalashtirdim. Xullas, hayotimning asosiy mazmuni ana shu dargoh bilan bog‘liq.

SHOGIRDLAR

- Shogirdlarim haqida gapirganda, to‘g‘risi men bunga nima deb ta’rif berishni bilmayman. Ularning har bir yutug‘idan quvonaman, yanada kattaroq muvaffaqiyatlarga erishishini tilab, duo qilaman.

Turli yillarda  O‘zbekiston xalq artistlari Maryam Sattorova, Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Isoq To‘rayev, O‘zbekiston xalq hofizi O‘ktam Ahmedov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Mansur Xurramov, Nasiba Sattorova, Dilfuza Xalilova, aktyorlar Gulchehra Eshonqulova, Feruza Mustafoyeva, shuningdek yana ko‘plab san’atkorlarga saboq berganman. Bugun shogirdlarimning ko‘pchiligi taniqli xonanda, aktyorlar, rejissor, ssenariynavis yoki san’atning boshqa bir yo‘nalishi vakili sifatida faoliyat yuritmoqda. Shahrisabzga kelsa, “Ustoz, bormisiz?” deb yo‘qlab keladi. Quchoq ochib kutib olaman, suhbatlashamiz, shu yerda saboq olgan vaqtlaridagi turli voqealarni eslaymiz.  

Ularning kamoli – mening baxtim. Ularning yutuqlarini ko‘rib, umrim bekorga o‘tmaganini, ana shu iste’dodlarga qanot bo‘lganimni o‘ylab, qanchalar sevinishimni, g‘urur va sururga to‘lishimni tasavvur qila olmaysiz. Bu menga yanada qattiqroq ishlashim, yoshlarga san’at sirlarini o‘rgatishdan charchamasligim uchun kuch, shijoat beradi.

2001 yilda tuman madaniyat saroyi qoshida viloyatning turli hududlaridan kelgan maktab o‘quvchilaridan tashkil topgan “Baxtli bolalik” yosh maqomchilar ansamblini tuzgan edim. Hozir guruhga rahbarlik qilish bilan birga, ana shu yoshlarga maqom sirlarini o‘rgatib kelayapman.

Ayni paytda 70 yoshdaman, nafaqaga chiqqanimga 10 yil bo‘ldi. Lekin erta tongdan turib shogirdlarim yoniga shoshaman. Shu bugun ularga yana bir yangi narsani o‘rgata olsam, o‘zimda halovat sezaman. Ishonsangiz, hatto yakshanba kunlari ham ishga kelib, shogirdlarimni chaqiraman va birgalikda qaysidir maqomni mashq qilamiz. Busiz yashay olmayman.

MAQOM – U ENDI O‘LMAYDI

- Institutni tamomlab, ishga kelganimning ikkinchi yiliyoq Shahrisabzda maqom ansamblini tashkil etgan edim. O‘sha paytda do‘stim, hozirda   AQShda yashab ijod qilayotgan asli shahrisabzlik san’atkor Izro Malakov ham ansambl tashkilotchilaridan biri bo‘lgan.

Keyingi 40 yildan oshiq vaqt davomida bu ansambl tarkibidan ko‘plab iste’dodli san’atkorlar yetishib chiqdi. Ular o‘z ijodlari vositasida maqomning haqiqiy jozibasini, sehrini, siru sinoatini yosh avlodga yetkazib kelmoqda. Shunga qaramay, so‘nggi paytlarda yoshlarimiz orasida maqom san’atiga nisbatan qiziqish biroz pasayib ketayotgandek edi. Shu nuqtai nazardan Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Shahrisabzda Xalqaro maqom san’ati anjumaniga asos solingani mumtoz san’atimizning tom ma’noda qayta tug‘ilishi bo‘ldi. Mana shu anjumandan so‘ng ming-minglab yoshlarimiz qalbida maqomga nisbatan qiziqish, mehr uyg‘ongani, ko‘pchilik uni o‘rganishga bel bog‘laganiga ishonchim komil. Bundan buyog‘iga maqomning nufuzi yanada yuksalib boraveradi.

Anjumandan ikki yarim oy avval viloyatimizdagi turli musiqa va san’at maktablarida ta’lim olayotgan 150 nafar yosh iqtidor egalarini tanlab olib, tanlovda ishtirok etish uchun ularni tayyorlay boshladim. Qisqa fursat ichida bu yoshlar 6 ta eng qiyin maqomni shu darajada mukammal o‘zlashtirdiki, muxlislar qolib, mutaxassislar ham ularning chiqishidan hayratda ekanini yashirishmadi. Demak, yoshlarimiz orasida mumtoz san’atimizni o‘rganib, uning jozibasini dunyoga yoyishga qodir, yuksak iqtidor egasi bo‘lgan o‘g‘il-qizlar juda ko‘p. Shaxsan men ana shu 150 nafar shogirdimning kamida yarmi kelgusida buyuk san’atkorlar bo‘lib yetishishiga ishonchim komil. Faqat ularga o‘rgatishdan, intilishlariga qanot bo‘lishdan to‘xtamasligimiz kerak.

“MukofOtlar yanada mas’uliyat bilan ishlashim kerakligini anglatadi”

- Inson chin dildan, astoydil mehnat qilsa, albatta, e’tibor topadi. Bo‘lmasa, respublikaning olis bir tumanida yashab, shu yerda ijod qilib, yoshlarga san’atdan saboq berib kelayotgan mendek bir kishi mamlakatimizning yuksak unvon va ordenlariga sazovor bo‘larmidim.

1992 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi unvonini oldim. 2009 yilda “El-yurt hurmati” ordeniga sazovor bo‘ldim. 2018 yilda esa yurtimizning yana bir yuksak mukofoti – “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandim. Shu bilan bir qatorda, deyarli har yili Madaniyat vazirligi, vazirlik tizimidagi viloyat va tuman tashkilotlarining diplomlari, faxriy yorliqlari bilan taqdirlanib kelmoqdaman.

Albatta, bu mukofotlar  menga yanada katta mas’uliyat yuklaydi. Ozgina mehnatim davlatimiz, xalqimiz tomonidan e’tirof etilayaptimi, demak, shunga munosib bo‘lishim, ularning ishonchini bundan-da yuksakroq oqlashim kerak, degan maqsad paydo bo‘ladi menda.

OILAM - BORLIG'IM

- Hayotda qanday yutuqlarga erishgan bo‘lsam, bunda oilamning ham hissasi bor. Chunki oilasi tinch, turmush o‘rtog‘i uni tushungan, rejalarini, maqsadlarini hurmat qilgan kishigina (ayniqsa u ijodkor bo‘lsa) katta yutuqlarga erisha oladi. Bu borada men dunyodagi eng baxtli insonlardan biriman.

Turmush o‘rtog‘im Mukarramxon Avazova 50 yil davomida tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasida hamshira bo‘lib ishladi. Odamlarga yordam berishni nafaqat kasbiy, balki insoniy burchi deb bildi. Qo‘li yengil hamshira bo‘lgani bois, qo‘ni-qo‘shnilar ham tobi qochib kolgudek bo‘lsa, darrov biznikiga chiqardi. U esa ishdan charchab kelganiga qaramay, hech qachon yo‘q degan javobni aytmasdi.

Birgalikda ikki o‘g‘il, ikki qizni voyaga yetkazdik. Hozirgi kunda 13 nafar nevaraning bobo va buvisimiz.

O‘g‘illarim onasi kabi tibbiyot sohasini tanlagan. Ikki qizim esa san’at sohasida faoliyat yuritayapti.

Rafiqam bilan birgalikda farzandlar tarbiyasiga doim e’tiborli bo‘lganmiz. Lekin eng avvalo o‘zimiz muntazam izlanardik, intilardik, ishlardikki, farzandlarimiz ham hayotda barcha yutuqlarning asosi mehnatda, harakatda ekanini ko‘rib katta bo‘lishdi. Halol mehnatimiz, izlanish va intilishimiz bilan ularga namuna bo‘la oldik, deb o‘ylayman.

Jahongir BOYMURODOV suhbatlashdi.

Sobir NARZIYEV olgan surat.