Iqtisodiyot 16.07.2019 78

ENDI BIZNING MEVA-SABZAVOTLARDAN YEVROPA AHLI HAM BAHRAMAND BO‘LAYAPTI

Qashqadaryo va dunyo

Zaminimizda yetishtiriladigan meva-sabzavot, poliz mahsulotlari, uzumga xorijda ham talabgor ko‘p, ularni tatib ko‘rishga ishtiyoqmandlar bisyor. Hamma gap mazayu ta’mda, sarxillik va tabiiylikda, deyishadi chet elliklar. Binobarin, xorij mamlakati savdo do‘konlari rastalaridan O‘zbekistondan eltilgan qishloq xo‘jaligi noz-ne’matlari  joy olgudek bo‘lsa, birpasda talash bo‘lib ketayotganini ko‘p eshitganmiz, ko‘rganmiz. Totli meva-chevamiz brendga aylangan desak adashmaymiz.

Bugun yurtimizda qishloq xo‘jaligi rivojlanib, sohada yuqori mahsuldorlikka erishilayotgan, bozorlar to‘kinligi ta’minlanayotgan bir paytda nega chet elliklarni ham ushbu ne’matlardan bahramand etmasligimiz kerak?! Ichki iste’molda yetarlimi, tashqi bozorga ham chiqarish hech zarar qilmaydi. Qaytanga, foyda bo‘ladi, birinchi navbatda sohibkor dehqonu bog‘bonga. Eksport ko‘paysa, valyuta tushumi ham yaxshi bo‘ladi. Boisi, hozir texnologik taraqqiyotimiz shu valyutaga bog‘liq. Shu pul bo‘lsa, biror eski quvvatni modernizatsiya qilolamiz, biror tarmoqqa yangilik kiritamiz.

Respublika agrar sektorida o‘z munosib o‘rniga ega viloyatimizda ham bu turdagi mahsulotlarni  eksport qilish borasida katta salohiyat mavjud, yaxshigina tajriba orttirilgan. Binobarin, oxirgi paytda hududda bog‘dorchilik, sabzavotchilik va polizchilik uchun mo‘ljallangan yer maydonlari kengayib borayapti. Eksportbop mahsulot yetishtirish rosa ommalashayapti. Dehqon yerga urug‘ qadarkan, ertaga oladigan hosilini nafaqat mahalliy, balki xorij bozorida sotishi haqida ham o‘ylayapti. Shunga yarasha tadorigini, chorasini ko‘rayapti.

Ahamiyatlisi, nozik didli, har narsani chertib-chertib tanlaydigan xorijlik iste’molchiga bugun qashqadaryoliklar taklif etayotgan meva-sabzavotning turi ko‘p. Aslida vatani boshqa, ammo dunyo bozorida xaridorgir sanalgan o‘simliklarni ham mahalliy sharoitda yetishtirishni eplayapmiz. So‘nggi ikki-uch yildagi natijalar dehqonlarimiz uddasidan chiqmaydigan ish yo‘q ekanini ko‘rsatayapti. Hatto mavsum tanlab ham o‘tirishayotgani yo‘q. Qish yoki bahorning ilk oylari bo‘ladimi, sal ilgariroq dehqonchilikka unnab, imkon qadar ertachi hosil olishgacha borishayapti.

Mana bir misol. Joriy yilning dastlabki besh oyida viloyatimizdan xorijga qariyb 20 ming tonna qishloq xo‘jaligi sarxil noz-ne’matlari eksport qilingan. Mazkur jarayonga juda barvaqt kirishilgani, tashqi bozorga asosan yangi uzilgan, barra mahsulotlar jo‘natilgani e’tiborga molik. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu davrda 5 ming tonnaga yaqin piyoz va sarimsoq piyoz, 700 tonnadan ko‘p uzum, 5 ming tonnadan ziyod karam, 2400 tonna atrofida sabzi, 2 ming 300 tonnadan ortiq boshqa meva-sabzavotlar xorijlik xaridorlarga yetib borgan.

Bunda mahsulot ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, eksportchi korxonalar alohida faollik ko‘rsatganini ta’kidlash joiz. Ushbu subyektlar chet el bozorlarini sara mahsulot bilan muttasil ta’minlash payida bo‘lishmoqda. Masalan, Yakkabog‘ tumanidagi "Yakkabog‘ obod yurt" fermer xo‘jaligi 2019-yil hosilidan chetga 30 tonnadan oshiq o‘rik, 25 tonnaga yaqin olxo‘ri, 4 tonnadan ziyod shaftoli chiqargan.  Dehqonobod tumanida ro‘yxatdan o‘tgan "Zaheer Taher trading" MCHJ esa Iroqqa 24 tonna o‘rik, 40 tonnadan ko‘p mosh yetkazib bergan. Qamashi tumanidagi "Dilshod Uralovich invest" fermer xo‘jaligi ko‘proq olma eksporti bilan shug‘ullangan.

Yana bir yirik eksportchi korxona - Koson tumanidagi "Oltin voha agro invest" MCHJ asosan o‘zi yetishtirgan noz-ne’matlarni xorijga sotgan. Jumladan, katta miqdorda qovun va tarvuz Qozog‘istonga jo‘natilgan. E’tiborlisi, mahalliy tadbirkorlar sa’y-harakati bilan Rossiya, Belarus, Ukraina, Qirg‘izistonda yashovchi aholi ham vohamizning tilyorar tarvuzlaridan bahramand bo‘lishgan. Bunda Chiroqchi tumanidagi "Rajab hoji" fermer xo‘jaligining ham alohida hissasi bor. Xo‘jalik mutasaddilari lalmi yerda ertachi tarvuz parvarishlash bilan birga uni eksportga yo‘llashga ham imkon topa olgan.

Yana bir jihati, avvalgi yillarda viloyatimiz ishbilarmonlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishda ko‘proq yaqin mamlakatlar bilan cheklanishgan. Ammo joriy yilda yangi-yangi bozorlarni ham zabt etishning uddasidan chiqishgan. Misol uchun,  Muborak tumanidagi "Europe line trading" MCHJ tomonidan birinchi marta Yevropaning Ruminiya va Germaniya mamlakatlariga piyoz yuklab jo‘natilgan. Albatta, bunga hali boshlanishi sifatida qarash kerak. Axir raqobatchilar ko‘p bo‘lgan bir vaqtda mahsulotni realizatsiya qilish ham yaxshi natija. Shahrisabz tumanidagi yakka tartibdagi tadbirkor Shavkat Xayrullayev esa Polshadagi biznes sheriklarini viloyatimizda unib-o‘sgan sarxil mahsulotlar bilan ta’minlagan. Muborak tumanidagi "Aziz agro trans fayz" MCHJdan Bolgariya ishbilarmonlari piyoz xarid qilishgan.

O‘tgan fursatda Qarshi tumanidagi "Nasaf trade invest" MCHJ ham meva-sabzavot eksportida faolligi bilan ajralib turdi. Korxona tomonidan Birlashgan arab amirliklariga juda katta partiyada gilos, bir qism o‘rik eksport qilingan. Latviyaga esa qovun sotilgan.  Chiroqchi tumanidagi "Beshchashmalik Yashnarbek" fermer xo‘jaligi eksporti tarkibida asosan quruq meva ustunlik qilgan. Ushbu subyekt Qirg‘izistonga yeryong‘oq, bodom, mayiz, shuningdek, qovun, sabzi, anor, uzum jo‘natgan. Qarshi shahridagi "SHo‘rtan agro trans" MCHJ ham Turkiya, Ozarbayjon kabi mamlakatlarga quruq meva, jumladan, olxo‘ri qoqisi, jiyda, mayiz eksport qilgan. Mirishkor tumanidagi "Obod Mirishkor eksport" MCHJ esa Xitoy bozoriga yo‘l topib, ushbu o‘lkaga qora uzum mayizi chiqargan.

Talab bo‘lsa, hatto barra ko‘katlarni ham katta miqdorda eksportga yo‘llash mumkin. G‘uzor tumanidagi "Muratova Gavhar Xo‘jamberdiyevna" korxonasi ana shunga imkon topgan. Korxona tomonidan Ukrainaga 15 tonna atrofida ko‘kat yetkazib berilgani fikrimizning tasdig‘idir. Shu tumandagi yana bir tajribali eksportchi - "Lavr farm" MCHJ ham ayni shu turdagi mahsulotlar eksporti bilan shug‘ullangan. Xususan, o‘tgan olti oyda Rossiyaga bir necha o‘n tonna petrushka, shivit yuborilgan. Mazkur subyekt osh lavlagi savdosini ham yaxshi yo‘lga qo‘ygan.

Bulturgi zaxira keyingi faoliyat samarasi uchun puxta zamin yaratadi. Nishon tumanidagi "Nishon ko‘zgu" fermer xo‘jaligi  misolida bunga amin bo‘lish mumkin. O‘tgan yilgi hosildan salmoqli miqdorda xurmo mevasini saqlagan tadbirkor shu yili uni eksportga chiqarishga muvaffaq bo‘ldi. 40 tonnadan ko‘p mahsulot Qozog‘iston bozorlaridan joy oldi.

Xorij tajribasi asosida yaqindan boshlab parvarish qilinayotgan achchiq qalampir eksporti ham buning uchun ketgan mehnatni oqladi. O‘tgan yili viloyatimizda ushbu ekindan juda katta miqdorda hosil yig‘ishtirib olingani ko‘pchilikka ma’lum. Sotish muammo bo‘layapti, mazmunida gaplar urchigani ham rost. Biroq shu narsa aniqki, yaxshi mahsulot hech qachon yerda qolmaydi. Dastlabki olti oyda viloyatimiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportida asosiy ulush aynan achchiq qalampir hissasiga to‘g‘ri kelayotgani ahamiyatlidir. Ushbu sabzavot savdosida bir necha million dollar miqdorida valyuta tushumi ta’minlangan. "Brend investment gruop" kompaniyasi ta’sischiligidagi bir necha eksportchi korxona tomonidan viloyatimizning deyarli barcha tumanlaridan achchiq qalampir eksporti amalga oshirildi. Mahsulot urug‘lik va maydalangan holda realizatsiya qilingan.

Sir emas, yurtimizda aholining kartoshkaga bo‘lgan ehtiyoji ko‘pincha import hisobidan qoplangan. Bu mahsulot odatda Pokiston va Rossiyadan keltirilardi. Joriy yilda esa aksincha mahalliy ishlab chiqaruvchilar kartoshka eksportini boshlab yuborishdi. Kartoshkachilikka ixtisoslashtirilgan ikki hudud - Kitob va Yakkabog‘ tumani dehqonlari bunda alohida o‘rnak ko‘rsatishdi. Xususan, Kitob tumanidagi "Marble industry" korxonasi tomonidan Rossiyaga 2019-yil hosilidan 20 tonnadan ortiq, Yakkabog‘ tumanidagi "Sharofat ona Qahramon qizi" agrofirmasi ham deyarli shuncha miqdorda kartoshka yetkazib bergan.

Yetishtirish yaqinda o‘zlashtirilgan, yapon turpi deb ataluvchi daykon ham birinchi marta chetga shu yildan eksport qilinmoqda. Bunda "Lavr farm" MCHJ mutasaddilari alohida tashabbuskorlik namoyon qilishdi. Bozorni yaxshilab o‘rganib, darrov xaridor topishdi-qo‘yishdi. Hozircha ushbu mahsulot salmog‘i u qadar ko‘p emas. Bundan tashqari, Eron, Afg‘oniston va Pokiston mamlakatlari viloyatimizda pishib yetilgan ko‘p miqdordagi loviya, no‘xatga xaridor bo‘lgan.

Darhaqiqat, yurtimiz tuprog‘i oltinga teng. Zaminimizga qadalgan urug‘ kun kelib mo‘l hosil beradi. Ushbu shirindan-shakar noz-ne’matlarga xorijliklarning ham ishqi, havasi tushgan. Shu bois, mamlakatimizda yetishtirilgan meva-sabzavot, poliz ekinlari va uzum jahon bozorida yuqori baholanadi, shuning uchun ularga xaridor ko‘p. Bu ustunlikdan esa o‘z o‘rnida foydalanish, yangi-yangi bozorlarni egallash, mahsulotlarimiz reklamasini kuchaytirish maqsadga muvofiq. Zero, mamlakatimiz eksport salohiyati yuksalgani sari  yuqori ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega loyihalar ro‘yobi tezlashadi, iqtisodiy barqarorlik ta’minlanadi, aholi farovonligi bundan-da oshadi.

Viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda M.SHUHRATOV tayyorladi.