So'nggi yangiliklar 20.08.2019 46

ENG ILFOR MUTAXASSISLAR SARALANDI

Ko‘rik-tanlov

Qarshi tumani Xonobod qo‘rg‘onidagi harbiy qismda radiotexniklar o‘rtasida "Eng ilg‘or mutaxassis" ko‘rik-tanlovining birinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari hamda vohamizdagi radiotexnik birlashmaga qarashli harbiy qismlardan kelgan eng ilg‘or planshetchilar, radiolokatsion stansiya operatorlari va radiolokatsion stansiya boshliqlari g‘oliblik uchun bahs olib bordi.

Ma’lumki, dushmanning havo orqali hujumini aniqlash, havo mudofaa chegaralarini ishonchli qo‘riqlashda radiotexnik qo‘shinlar muhim o‘rin tutadi. Ularning ishi o‘ta mas’uliyatli bo‘lib, aniqlik va tezkorlikni talab etadi.

Ko‘rik-tanlovda ham bu jihatga e’tibor qaratilib, ishtirokchilarning o‘z sohalari bo‘yicha nazariy bilimlari sinovdan o‘tkazildi. Shundan so‘ng amaliy shart boshlandi. Bu shartda ishtirokchilar radiolokatsion stansiyasini jangovar holatga keltirib, boshqaruv joyiga ma’lumotlarni uzatish bo‘yicha belgilangan meyoriy talablarni bajarishdi.

Ularning harakatlari hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, eng ilg‘or stansiya boshlig‘i nominatsiyasida leytenant I.Qobilov, eng ilg‘or operator nominatsiyasida serjant B.Tursunov, eng ilg‘or planshetchi nominatsiyasida serjant E.Qodirov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Ular endi musobaqaning yakuniy bosqichida ishtirok etishadi.

J.BOYMURODOV

Suratda: ko‘rik-tanlovdan lavha.