So'nggi yangiliklar 03.06.2019 4

ENG NAMUNALI BOSHLANG‘ICH TASHKILOTLAR ANIQLANDI

Ko‘rik-tanlov

O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Qarshi shahar kengashi “Eng namunali boshlang‘ich tashkilot” ko‘rik-tanlovning 1-bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimini o‘tkazdi.

Unda tizimdagi umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim muassasalari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar, madaniyat hamda jismoniy tarbiya va sport muassasalarining 122 ta boshlang‘ich tashkiloti  ishtirok etdi.

Har ikki yilda bir marotaba o‘tkazib kelinayotgan ushbu ko‘rik-tanlovda  qoidaga ko‘ra kasaba uyushma a’zolari soni 100 nafargacha bo‘lgan va kasaba uyushma a’zolari soni 100 nafardan ortiq bo‘lgan boshlang‘ich tashkilotlar ishtirok etadi. Ishtirokchi boshlang‘ich tashkilotlarning  xodimlar ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari, mehnat sohasidagi huquqlari himoyasi, mehnat muhofazasi, madaniy-ma’rifiy, sport-sog‘lomlashtirish va tashkiliy masalalar hamda targ‘ibot-tashviqot yo‘nalishidagi ishlari atroflicha o‘rganilib, tanlov g‘oliblari aniqlandi.

Unga ko‘ra, a’zolari soni 100 nafargacha bo‘lgan boshlang‘ich tashkilotlar o‘rtasida viloyat ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport o‘yinlari va yengil atletika maktabi 1-o‘rinni, 41-sonli davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi va 39-maktabgacha ta’lim muassasasi 2- va 3- o‘rinlarni egalladi.

A’zolari soni 100 nafardan ortiq bo‘lgan boshlang‘ich tashkilotlar bo‘yicha esa 1-o‘rin Qarshi davlat 2-son IUMIga, 2-o‘rin Qarshi pedagogika kollejiga, 3-o‘rin Qarshi madaniyat va turizm kollejiga nasib etdi.

G‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alar topshirildi. Endi ular tanlovning keyingi bosqichlarida ishtirok etadi.

SH.YULDOSHEV