Jarayon 20.08.2019 33

"Eng ulug‘, eng aziz": IJODIY ISHLAR QAYSI MEZONGA KO‘RA BAHOLANDI?

Ko‘rik-tanlov

Viloyat musiqali drama teatrida "Eng ulug‘, eng aziz" ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Qayd etish lozim, bu yilgi tanlovga "Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!" degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan va 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, shuningdek, "Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili" Davlat dasturi, "Obod qishloq", "Obod mahalla", "Har bir oila - tadbirkor", "Yoshlar - kelajagimiz", "Besh ijobiy tashabbus" kabi muhim dastur va rejalar doirasida olib borilayotgan tub islohotlarni keng yorituvchi ijodiy asarlar qabul qilindi.

Shunga ko‘ra, yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari, bosma OAV xodimlarining maqolalari, veb-saytlardagi jurnalistik ishlar, televideniye va radio ijodkorlarining materiallari, tasviriy san’at, fotoasarlar va dizayn ishlari, kino san’ati asarlari, jami 72 ijodkorning 385 asari taqdim etildi. Ijodiy ishlar ishchi guruh va hakamlar hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilib, g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. 18 ijodkor 6 nominatsiya bo‘yicha g‘oliblikka (1-, 2-, 3-o‘rinlar) va 8 ishtirokchi rag‘batlantiruvchi mukofotlarga munosib ko‘rildi.

- Bugungi kun jurnalisti tezkor bo‘lishi barobarida xolislikni birinchi o‘ringa qo‘yishi zarur, - deydi "Nasaf" teleradiosi muharriri Akbarali Xudoyberdiyev. - Ayni yo‘nalishdagi izlanishlarimiz e’tirof etilganidan esa xursandmiz.

Taqdirlash marosimida viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev ishtirok etib, tadbir ishtirokchilarini qutladi. Taniqli san’atkorlar ishtirokidagi kuy-qo‘shiqlar tadbirga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

NASRIDDIN

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.