Iqtisodiyot 12.04.2019 110

ERON KOMPANIYASI G‘UZORDA POLIMER MAHSULOTI ISHLAB CHIQARMOQCHI

Qashqadaryo va dunyo

Eron Islom Respublikasining "POOYA POLYMER TEHRAN" kompaniyasi viloyatimiz iqtisodiyotiga sarmoya kiritish istagini bildirdi. Xom ashyo yaqinligi sabab chet ellik investor o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun G‘uzor tumanini har tomonlama maqbul deb topgan. Bu haqda ushbu tuman hokimligi investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i Azamat Avazov ma’lum qildi.

Mutasaddining so‘zlariga ko‘ra, kompaniya direktori Kamron G‘aniy boshchiligidagi delegatsiya yaqinda mazkur hududga ishchi tashrif bilan kelgan. Xorijlik ishbilarmon tuman hokimi bilan uchrashib, o‘zaro manfaatli muzokaralar olib borilgan. Muloqot davomida mehmonlarga tumanning investitsiyaviy salohiyati, biznes yuritish uchun imkoniyatlar tanishtirilgan. Shundan so‘ng istiqbolli takliflar o‘rganilgan, natijada Eron kompaniyasi vakillari kelgusida hamkorlik qilishga xohish bildirgan.

- Bu kompaniya ko‘pdan beri polimer mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelmoqda, - deydi Azamat Avazov. - Ushbu subyekt tasarrufidagi mavjud quvvatlar yiliga 80 ming tonnagacha tayyor sanoat    tovarlari ishlab chiqarish imkoniga ega. Bugungi kunda kompaniya mahsulotlari Turkiya, Kanada, Koreya, Germaniya va Shveytsariya singari mamlakatlarga eksport qilinayotgani ham uning salohiyatidan darak bermoqda.

Qayd etilishicha, tomonlar shu yilning iyun oyida G‘uzor tumanida xorijiy korxonani davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga kelishib olishgan. Avvaliga ushbu subyekt tomonidan tomchilatib sug‘orish tizimlarini ishlab chiqarishni tashkil etish rejalashtirilgan. Zarur xom ashyoning 30 foizdan ko‘p qismi shu yerning o‘zidan olinsa, qolgani Erondan keltiriladi. Qiymati 2 million AQSH dollari atrofida baholanayotgan loyiha ilk bosqichi ishga tushsa, 20 nafar kishi ish o‘rni bilan ta’minlanadi.

Tashrif mobaynida investorlar viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev qabulida ham bo‘lishgan.

M.SHUHRATOV