Qishloq xo'jaligi 17.05.2019 188

ERTACHI QOVUN-TARVUZ EKSPORTDAN ORTMAYDI

Qishloq xo‘jaligi

Unumdorligi past, suvdan yiroq yerdan imkon topib to‘g‘ri foydalana olgan  dehqon uquvli va tadbirlidir. Bugun o‘z ishini shu taxlit tashkil etayotgan sohibkor oldida ilojsiz degan narsa bo‘lishi mumkin emas. Kichik imkoniyatdan ham katta samara chiqarishga qodir, bir qarashda foydasizdek ko‘ringan joyda dehqonchilik qilib, yuqori hosildorlikka erishayotgan yurtdoshlarimiz talaygina. Lalmi yerda polizchilik bilan shug‘ullanib har yili bozorlarimiz to‘kinligiga hissa qo‘shayotgan chiroqchilik mirishkorlar tajribasi bunga misol. So‘nggi paytda ushbu ezgu an’ana keng quloch yozayapti, tajriba ommalashmoqda. Natijada qanchadan-qancha qaqroq maydonlarga jon kirib, yam-yashillikka burkanayapti.

Omilkorlikda o‘rnak bo‘luvchilar Muborak tumanida ham topiladi. Shu yildan boshlab faoliyat yuritayotgan "Tashabbuskor tadbirkor" fermer xo‘jaligida qo‘l urilgan ishlar ham e’tiborga sazovor. Xo‘jalikka ajratilgan 20 gektardan ziyod maydon sug‘orilmaydigan lalmi yerlar hisoblanadi. Dehqonlar vaqtni behuda o‘tkazmay yerga obdan ishlov berishgan, yaxshi niyat bilan dehqonchilik boshlashgan edi. Bu mashaqqatli ishning uddasidan chiqishgani palak yozgan qovunu tarvuzlardan ham ma’lum.

- Artezian quduq qazib, suv chiqarib, sug‘orish masalasini samarali hal etdik, - deydi xo‘jalik ish boshqaruvchisi Zafar Umarov. - Ko‘p o‘ylab o‘tirmadik, poliz mahsuloti yetishtirishga qat’iy to‘xtaldik. 50 sotix joyda issiqxona tashkil etib, urug‘dan ko‘chat ko‘paytirishni shu  yerda bajardik. Kun iliy boshlagan kezlarda ularni ochiq maydonga plyonka ostiga ko‘chirdik. 5 gektar joyga tarvuz, qolganiga qovun ekkanmiz. Turgan gapki, bu bizga odatdagidan ko‘ra ertachi hosil yig‘ishtirib olish imkonini beradi. Qovun-tarvuz kechi bilan iyun oyi boshlarida pishib yetiladi. Sifatli mahsulot olish uchun barcha chorani ko‘rdik, zarur agrotexnik tadbirlarni bajardik. Hosildorlik yuqori bo‘lishi uchun hamma sharoit hozirlangan.

Mas’ulning so‘zlariga ko‘ra, qovun ham, tarvuz ham eksportga mo‘ljallab parvarishlanmoqda. Shu bois sara navlar tanlab olingan. Asosiysi, mahsulotni sotib olishga chetdan xaridor bor. Hosil pishib yetilgan zahoti dalaning o‘zidanoq peshma-pesh eksport qilinadi. Fermer xo‘jaligi mutasaddilari  dukkaklilar, xususan, no‘xatga ham  eksportbop mahsulot sifatida qarayapti. Negaki unga tashqi bozorda     talab yuqori. Shuni hisobga olib, kelgusida bu yo‘nalish bilan ham jiddiy shug‘ullanish maqsad qilingan. Qolaversa, istiqbolda tuyachilik va tuyaqushchilik singari yangi tarmoqlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Buning uchun hudud iqlimi ham har tomonlama qulaylik tug‘diradi. Sut va go‘sht yetishtirish bu faoliyatdan ko‘zlangan asosiy muddaodir.

M.SHUHRATOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.