Qishloq xo'jaligi 21.05.2019 49

ERTACHI TARVUZ ALLAQACHON EKSPORTGA HAM CHIQARILDI

Qishloq xo‘jaligi

Odatda bozorlarimizda eng ertachi savdoga chiqariladigan Chiroqchi tarvuzlarini may oyining oxirgi o‘n kunligida ko‘rishga o‘rganganmiz. Ammo "Rajab hoji" fermer xo‘jaligi dehqonlari ushbu ne’matni bundan ham ertachi yetishtirishning uddasidan chiqishdi. Xo‘jalik dalasida pishib yetilgan mahsulot har qachongidan 10 kun avval xaridorlar qo‘liga yetib bordi. Hosilning bir qismini eksportga yo‘llashga ulgurishganiga nima deysiz?!

- Hammasining tagida  vaqtida, bilib qilingan mehnat yotibdi, - deydi  xo‘jalik ish yurituvchisi Jasur Qurbonov. - Bu yil 4 gektar maydonga tarvuz-qovun ekib parvarishladik. Hosil cho‘g‘i yomon emas. Shu kunga qadar 10 tonna sara tarvuzni Qozog‘istonga eksport qildik. Yana 6 tonna mahsulotni ichki bozorga sotdik, talab yuqori. Hademay, Rossiyaga ham 20 tonna tarvuz jo‘natamiz. Hozir shuning harakatidamiz.

Dehqonning aytishicha, mahsulot bezarar va ekologik toza. Uni parvarishlashda asosan mahalliy o‘g‘itdan foydalanilgan. Aks holda katta miqdorda xorijga sotilmasdi. Ertachi mahsulot chiqargani hisobiga fermerning daromadi ham ancha yaxshi bo‘lmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil Chiroqchi tumani mirishkorlari 7 ming gektar maydonda ertachi tarvuz parvarishlamoqda. Ularning sa’y-harakati bilan bahorning oxiri va yoz faslining boshidanoq yurtimiz bozorlari ushbu sarxil poliz mahsuloti bilan to‘ladi. Ortgani chet el mamlakatlariga jo‘natiladi. Ahamiyatlisi, ertachi hosil tugagach, bozorda tarvuz taqchilligi aslo kuzatilmaydi. Negaki, mavsumda yana 5 ming gektardan ortiq maydonda o‘rtapishar tarvuz yetishtirilayapti. Shuningdek, ayni paytda qo‘shimcha 7 ming gektar maydonga kechki, lalmi tarvuz ekish bo‘yicha ishlar jadal olib borilmoqda. Bular barchasi aholi dasturxoni to‘kinligi, bozorlar mo‘l-ko‘lligini ta’minlashga qaratilgan amallardir.

Jahongir BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.