So'nggi yangiliklar 31.05.2019 32

ERTAKLAR YAXSHILIKKA YETAKLAR

Teatr

1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni oldidan Qarshi shahar madaniyat va aholi dam olish markazida “Fantning sarguzashti” spektakli namoyish etildi.

Viloyat qo‘g‘irchoq teatri va O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashi hamkorligida bolalarga ko‘tarinki kayfiyat ulashish maqsadida tashkil etilgan ertak tomoshaga Qarshi shahar tibbiyot birlashmasi ishchi-xodimlarining farzadlari, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va maktabgacha ta’lim muassasalarining tarbiyalanuvchilari taklif etildi.

- Har bir insonning u xoh kichik, xoh katta bo‘lsin o‘z haqiqati va dunyosi bor, - deydi viloyat qo‘g‘irchoq teatri direktori Elbek Eshmuradov. - Ana shu olamni boyitish, taassurotlarini ijobiy tomonga o‘zgartirishda qo‘g‘irchoq teatrining o‘rni beqiyos. Bugun namoyish etilgan “Fantning sarguzashti” spektaklida ham aql bilan ish yuritish, yolg‘on gapirmaslik, maqtovlarga uchmaslik, kibrlanmaslik, mehr-oqibatli bo‘lish, dangasalik qilmaslik kabi fazilatlar ilgari surilgan.

Ezgulikning yovuzlik ustidan g‘olib chiqishini tarannum etuvchi ertak qahramonlari obrazlari bola tafakkurini yanada boyitishga xizmat qilishi shubhasiz.

Tomoshadan so‘ng bolajonlar madaniyat va istirohat bog‘iga sayohat qilishdi. Partiya tomonidan sovg‘a qilingan kitoblar ularni yanada xursand qildi.

Sitora MAHMUDOVA,

Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi