Jarayon 06.08.2019 86

ESKI DEHQON BOZORI O‘RNIDA ZAMONAVIY SAVDO MAJMUASI BARPO ETILADI

Bunyodkorlik

Shu kecha-kunduzda Yakkabog‘da buzilish-qurilish haqida so‘z ketsa, tuman rahbarlari bir sakrab olishi turgan gap. Chunki tadbirkorga tegishli mulkni qonunga zid tarzda buzishga urinish ortidan bir qancha mahalliy rahbarlar lavozimdan olinganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmadi.

Ammo biz hozir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-martdagi "2017-2019-yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarori  hamda  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "2019-2020- yillarda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida tuman markazidagi "Istiqbol" dehqon (oziq-ovqat) bozorida  olib borilayotgan rekonstruksiya va bunyodkorlik ishlari xususida to‘xtalmoqchimiz.

- Ushbu bozor bundan 40 yil avval qurilgan bo‘lib, bugungi davr talabiga javob bermay qolgan, - deydi bozor rahbari Asliddin Hakimov. - Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotishga kelayotgan dehqonu tadbirkorlar hudud kichik bo‘lgani sababli ko‘chada, aholi harakatlanadigan yo‘laklarda va bozor atrofida savdo qilishga majbur bo‘layotgandi. Qolaversa, obyekt yong‘in xavfsizligi,  favqulodda  holatda  texnikalarning kirib-chiqishi  va sanitariya qoidalari talablariga javob bermay qolgandi.

Yuqoridagi suratda ko‘rib turganingiz - bozorning bugungi manzarasi. Keyingisi esa yangilanajak bozor loyihasi. Undan ko‘rinadiki, ko‘p o‘tmay eski, zamon talablariga javob bermaydigan bozor o‘rnida yirik zamonaviy savdo majmualari qad rostlab, ko‘rgan ko‘zni quvontiradi. Eng muhimi, olib borilayotgan qurilish ishlarida obyektning yong‘in xavfsizligi, sanitariya qoidalari va gigiyena talablariga to‘liq mos bo‘lishi inobatga olingan. Mavjud avtomobil to‘xtash joyi esa zamonaviy usulda barpo etiladi.

- Bozorimiz chiroyli, ozoda bo‘lsa, bizga ham yaxshi, - deydi tadbirkor Abdurahmon Hakimov. - Hozir savdo do‘konlarimizning hajmi kichkina. Mahsulotlarimiz do‘kon ichiga sig‘magani sababli rastalarni tashqariga  ham yoyib  qo‘yishga  majburmiz. O‘ylaymanki, yangi quriladigan bozorda bu  kabi  muammolar bo‘lmaydi.

Shohista BOZOROVA