So'nggi yangiliklar 06.09.2019 22

ESKI TUG‘RUQXONA BINOSI 37 OILAGA UY QILIB BERILDI

Ijtimoiy himoya

O‘n yildan buyon ko‘ch-ko‘ronini ko‘tarib ijarama-ijara sarson yurgan kitoblik 2-guruh nogironi Sevara Mannonovaning murodi hosil bo‘ldi. Mustaqillik bayrami arafasida imtiyozli uy-joyga ega bo‘lib, turmush o‘rtog‘i Qamariddin, ikki o‘g‘li Asliddin va Sunnatilla bilan  yangi uyga ko‘chib kirishdi.

Bundan Sevaraning ham, oila a’zolarining ham boshlari osmonda.  Ayniqsa, onasi Gulsara opa xursand. Har ikki gapining birida Prezidentimizga, viloyat va tuman hokimlariga rahmatlar aytib, quvonganidan ko‘zlarida yosh aylanadi. Negaki, qizining ijarama-ijara yurishi onaizorni charchatgan. Hozir esa shodligini qanday izhor etishni bilmay turibdi.

Sevara 8-sinfda o‘qib yurganida baxtsiz hodisa tufayli o‘ng qo‘li bilagidan kesib tashlangan. Ammo noumid - shayton, unga oila a’zolari, yaqinlari, do‘stlari madadkor bo‘lishdi. Maktabni tugatganidan so‘ng onasi Gulsara  opaning kasbi - tikuvchilikni egalladi. Bir qo‘li bilan har qanday kiyim-kechakni bichishni ham, tikishni ham uddalaydigan bo‘ldi.

- Shu kunlarda ko‘proq  beshik yopig‘i tikayapman, - deydi Sevara. - Buyurtma ko‘p. Ish o‘rgating, deb kelguvchi yoshlar ham talaygina. Maqsadim tikuvchilik sexi tashkil etib, yon-atrofimdagi xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash.

Ko‘rinib turibdiki, Sevaraning hayoti ibrat, u uyida nafaqasini kutib o‘tirmaydi. O‘zi ham ishlab pul topadi. Bolalarining kelajagi, oilasining farovonligi uchun turmush o‘rtog‘i yonida unga kamarbasta bo‘ladi. Shuning uchun u yangi uyiga zarur buyumlari qatorida birinchi bo‘lib qadrdon tikuv mashinasini olib kirdi.

 Tumanda Mustaqillik bayramini yangi uyda kutib olgan faqat Sevaraning oilasi emas. Tuman va viloyat rahbarlarining tashabbusi va tashkilotchiligi, qo‘llab-quvvatlashi bilan tumandagi eski tug‘ruqxona binosi mukammal ta’mirlanib, nogiron va ehtiyojmand oilalar uchun turar joyga aylantirildi. Shu tariqa 37  oilaning orzulari ushalib, ko‘zlarida quvonch porladi.

Obodlik ko‘ngildan boshlanadi, deydilar. Xayrli tadbir natijasida nafaqat shu oilalar, ularning ortida turgan yuzlab yaqin kishilarining ko‘ngillari obod bo‘ldi.

Zero, hazrat Mir Alisher Navoiy aytganlaridek:

Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,

Oncha borki Ka’ba vayron bo‘lsa obod aylagay.

Lola O‘ROQOVA