Ma'naviyat 07.06.2019 140

EZGULIK, SHUKRONALIK, MEHR-OQIBAT AYYOMI

Qadriyat

Mamlakatimizda Ramazon hayiti keng nishonlanmoqda.

 5-iyun kuni kuni erta tongdan Qarshi shahridagi "Ko‘kgumbaz" jome’ masjidi ham uzoq-yaqindan kelganlar bilan gavjum bo‘ldi. Iydi Ramazon namozi ado etilib, bugungi dorilomon kunlar uchun shukronalar keltirildi, Yaratgandan yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, to‘kinlik va farovonlik bardavom bo‘lishini tilab, duo qilindi.

- Allohga shukrlar bo‘lsinki, Ramazoni sharif ro‘zasini ado etish uchun mo‘min-musulmonlar subhidamda saharlik dasturxoni atrofida ibodatga kirishdi, fayzli oqshomlarda esa iftorlik qilib, taroveh namozlariga oshiqdi, - deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo Usmonov. - Bu yilgi Ramazon oyi har qachongidan ham fazilatli va barokotli bo‘ldi. Mo‘min-musulmonlarimiz ko‘p yaxshi himmat ko‘rsatishdi, qarindosh-urug‘lar, qo‘ni-qo‘shnilar, keksalar, bemorlar, muhtojlar ko‘ngli olindi, Alloh taolo farz qilgan zakotlar ado etildi, fitr sadaqasi hamda fidyalar berildi. Bunday xayrli ishlar fuqarolarimiz o‘rtasida mehr-muruvvat rishtalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda. Ilohim mana shunday ezgu amallarimiz bardavom bo‘lsin!

Prezidentimizning 2019-yil 1-maydagi "Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq ulug‘ ayyomga viloyatimizda katta tayyorgarlik ko‘rildi. Shahar va tumanlarda, qishloqlarda ko‘cha va guzarlar tartibga keltirildi, qabriston va ziyoratgohlar obodonlashtirildi. Muborak hayit ayyomi munosabati bilan yordamga muhtoj nogironlar, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotganlar, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi. Ramazon hayitining tartibli va yuqori saviyada o‘tishi, bayram kunlari masjidlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash, yo‘l harakatini tartibga solish borasida ham mutasaddi idora va tashkilotlar tomonidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi.

- Mana shu kunlarga yetkazganiga shukur, - deydi Qarshi shahrilik Tesha bobo Haqberdiyev. - Albatta, bunday sharoit va imkoniyatlar uchun biz - mo‘min-musulmonlar Alloh  taologa cheksiz shukronalar  aytib, o‘zaro ahil va inoq bo‘lishimiz lozim, yelkama-yelka turib mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida bor kuch va g‘ayratimizni ayamasligimiz kerak.

Bayram kuni saxovatpesha insonlar shuningdek, Mehribonlik, Saxovat, Muruvvat uylarida bo‘lib, u yerda xayriya tadbirlari o‘tkazishga o‘z hissasini qo‘shishdi.

Shohista BOZOROVA

Suratlarda: tadbirdan lavhalar.

S.NARZIYEV olgan surat.