Jarayon 27.08.2019 32

FAOL TADBIRKOR AYOLLAR BELLASHDI

Anor-2019

Qamashi tumanidagi "Tursunov Muhammadali To‘lqinovich" MCHJ rahbari Sojida Umarova dastlab ishni 6 nafar xotin-qiz bilan boshlagan.

So‘ng bankdan 94 million so‘m kredit olib, Xitoyda ishlab chiqarilgan tikuv mashinalarini keltirib, 40 nafarga yaqin xotin-qizni ish bilan ta’minlagan. Sojida Umarovaning mehnatlari "Anor-2019" respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida e’tirof etildi va u tanlovning ishlab chiqarish yo‘nalishida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Viloyat hokimligi, "Tadbirkor ayol" ishbilarmon ayollar va O‘zbekiston banklar assotsiatsiyalari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda 14 nafar tadbirkor, fermer ayol ishtirok etdi.

- Asosiy maqsad xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini kuchaytirish, mahallalarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivoji uchun qulay biznes muhitini yaratish, ayollarning huquqiy va iqtisodiy savodxonligini oshirishga qaratilgan, - deydi "Tadbirkor ayol" O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi viloyat bo‘limi rahbari Oynisa Ochilova. - Tanlovga 200 nafar xotin-qiz hujjatlarini taqdim etdi.  G‘oliblarni aniqlashda tadbirkorlik sohasida erishgan yutuqlari,  innovatsion g‘oyalari, qancha ish o‘rni yaratgani, eksport salohiyatiga asosiy e’tibor qaratildi.

Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida Mirishkor tumanidagi "Pardayeva Malika" fermer xo‘jaligi rahbari Asal Rahimova, xizmat ko‘rsatish bo‘yicha esa ichki va tashqi turizm sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan Shahrisabz shahridagi "Tur" MCHJ rahbari Yulduz Mamadiyorova birinchi o‘ringa munosib topildi.

G‘oliblar faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Ular endi tanlovning respublika bosqichida ishtirok etadi.

Shohista BOZOROVA

Muallif olgan surat.