Jamiyat 04.10.2019 22

FAOL VA TASHABBUSKORLAR TAQDIRLANDI

E’tirof

Prezidentimizning 2017-yil 13-iyuldagi "Mahalla iftixori" ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan ushbu mukofotga bu yil viloyatimizdan 24 kishi munosib ko‘rildi.

Qarshi shahridagi "Vatanparvarlar bog‘i"da viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev ushbu mukofotni o‘z egalariga topshirar ekan, mahallalarda bunday fidoyilar ko‘pligi va ular joylarda ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirish kabi keng ko‘lamli vazifalar ijrosini sidqidildan bajarib kelayotganini ta’kidladi.

- Mahallada ishlash oson emas. Bu - hududda yashayotgan har bir oila, har bir kishining dardini his etib, muammosini hal qilish, yaxshisini targ‘ib qilib, yomonini to‘g‘ri yo‘lga solish degani, - deydi Dehqonobod tumanidagi Obod mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sharof Jumayev. - Ayni paytda mahallamizda "Obod qishloq" dasturi doirasida juda katta bunyodkorlik ishlari davom etmoqda. 75 o‘rinli zamonaviy bog‘cha qurildi, 12 kilometrlik ichki yo‘l ta’mirlandi. Mahalla idorasi qaytadan rekonstruksiya qilinib, yangi zamonaviy guzar barpo etilmoqda. Guzar yaqinidagi 10 xonadonda turli xil qandolat mahsulotlari ishlab chiqaradigan sexlar tashkil etildi. Endilikda bu imkoniyat va e’tiborga munosib faoliyat ko‘rsatishimiz kerak. Bugun berilgan mukofotni ana shu yo‘ldagi katta ishonch va mas’uliyat, deb qabul qildim.

Shohista BOZOROVA