Iqtisodiyot 22.12.2018 43

FAQAT QOG‘OZ TO‘LDIRAR QURUQ RAQAMLAR KIMGA KERAK

Faoliyatga nazar

FAQAT QOG‘OZ TO‘LDIRAR QURUQ RAQAMLAR KIMGA KERAK

yoxud nega bizda statistika shaffof yuritilmaydi?

Talabalik paytimda bizga tadbirkorlik faoliyati asoslari, degan fan o‘qitilgan. O‘qituvchi darsni juda qiziq tashkil etardiki, vaqt qanday o‘tganini ham bilmay qolardik. Eng yoqqan mavzu biznes-reja tuzish haqidagisi bo‘lgan. O‘zimizni biznesmen his qilish uchun birgalikda shunday reja ham ishlab chiqqanmiz. Bunda bozorni o‘rganish degan, alohida punkti bor.

O‘qituvchimiz biror tadbirkorlik yo‘nalishini yo‘lga qo‘yishdan avval taklif etilajak mahsulot yoki xizmatga xaridor bor-yo‘qligini bilish kerak, deya uqtirgan. Qanday qilib, degan savolga ochiq statistika ma’lumoti orqali, deb javob olganmiz. Aytaylik, 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar kiyimini ishlab chiqarmoqchimiz. Bizga quyidagi: muayyan hududdagi demografik holat, ya’ni potensial xaridorlar o‘rtacha soni, ayni yo‘nalishda ishlovchi korxonalar umumiy quvvati, aniqroq aytsak, raqobatchilar haqidagi ma’lumotlar kerak. Shu tariqa ushbu mahsulot bozori qay darajada egallangani yuzasidan biroz tasavvur hosil qilish mumkin, degandi ustozimiz.

O‘ylab qarasam, hamon ushbu usul umuman samarasiz. Chunki birgina viloyatimizda bunday statistika ko‘rsatkichlari yuritilmaydi, hech qayerda e’lon qilinmaydi, hisobi. Tadbirkorlikka qo‘l urmoqchi bo‘lgan kishi esa rejali emas, balki tavakkal ish tutishga majbur. Bozorni o‘zicha, undan-bundan so‘rab o‘rganib qo‘yaveradi, xolos. Nimaning savdosi chaqqon ekani qulog‘iga chalinsa, o‘shanga o‘zini uraveradi. Ammo bu usul biznesda har doim ham muvaffaqiyat keltirmasligini unutmaslik lozim.

Demak, iqtisodiyot rivoji sur’atini to‘g‘ri baholash uchun aniq va chuqur tahlilga asoslangan hisob-kitoblar kerak. Xo‘sh, Qashqadaryo bilan qiziqqan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, yuridik shaxslar, xalqaro tashkilotlar va fuqarolarning rasmiy statistika axborotiga bo‘lgan ehtiyojini qondiruvchi subyekt sanalgan tashkilot - viloyat statistika boshqarmasi o‘ziga yuklatilgan vazifani qanday bajarayapti? Quyida shu masalaga atroflicha to‘xtalamiz.

Umumlashma ma’lumot nimaga ham yaraydi?

Avvaldan eslatib qo‘yay, o‘zimni statistika bilimdoni, deb hisoblamayman. Ammo hamma qatori u nimaga xizmat qilishi lozimligini tushunaman. Albatta, keltiriladigan raqamlar faqat qog‘oz to‘ldirishga sabab bo‘lmasligi kerak, fikrimcha.

Viloyat davlat statistika boshqarmasi faoliyati nimadan iborat o‘zi, dersiz. Bilgan borki, bu tashkilot nuqul ma’lumot to‘plash bilan shug‘ullanadi, deb o‘ylaydi. Unchalik emas. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-sentabrdagi qarori bilan tasdiqlangan  "O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizom"da shunday joyi bor.  Ijtimoiy-iqtisodiy hodisalar, jarayonlar va ularning natijalari to‘g‘risidagi statistika axborotlarini yig‘ish, qayta ishlash, to‘plash, saqlash, umumlashtirish, tahlil qilish va e’lon qilish qo‘mita asosiy vazifalaridan biri sanaladi. Turgan gapki, bu qo‘mitaning hududiy bo‘g‘iniga ham tegishli.

Ko‘rinadiki, mazkur tashkilot statistika axborotini shunchaki yig‘ishi emas, balki qayta ishlashi hamda tahlil qilishi ham kerak. Tahlilmi, shubhasiz, uning ichida "nega?", "qanday qilib?", "nimaning  hisobidan?" degan savollarga javob bo‘lishi darkor. Aytaylik, biror sohada o‘sish kuzatildi. Statistika mutaxassisi bunga qanday omillar ta’sir ko‘rsatganini chuqur tahlil asosida tushuntirib berishi kerak. Shu yo‘sinda muayyan hudud iqtisodiyoti tarmoqlari va sohalarining rivojlanishidagi, shuningdek, aholi turmush darajasidagi sifat o‘zgarishlari to‘liq tavsiflab beriladi. 

Tahlil bo‘lmasa, mavjud ahvolni ochiq ifodalamasa, u holda quruq umumlashma ma’lumot nimaga yaraydi? Albatta, "Bajardimi - bajarildi"dan boshqa hech narsaga xizmat qilmaydi. Undan hech kim manfaat ko‘rmaydi.

Tahlil yo‘qmi yoki tahlilchi?

Viloyat davlat statistika boshqarmasi vohamiz aholisini statistika axboroti bilan ta’minlamayapti, desak noto‘g‘ri bo‘ladi. Yaqin-yaqindan boshlab, ko‘rsatkichlar oyma-oy (3, 6, 9, 10 oylik qilib) taqdim etib borilmoqda. Ma’lumotlar esa boshqarma rasmiy saytida joylashtiriladi. Bu tashkilot ishiga baho berish uchun esa shu ham yetarli. Zero, muayyan axborot shu usulda ochiqlanayotgan bo‘lsa ham, u potensial  foydalanuvchilar uchun qo‘l kelayotgani yo‘q.

Biroz avval e’lon qilingan, 2018-yilning yanvar-noyabr oylarida viloyatning sanoat ishlab chiqarishi haqidagi ma’lumotni ko‘zdan kechirsak. Bu muddatda viloyat korxonalari tomonidan 12 trillion so‘mlikdan ziyod sanoat mahsuloti ishlab chiqarilgani va natijada o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,3 foizlik o‘sish qayd etilgani keltiriladi. Rivojlanish bo‘lgani yaxshi, lekin unga qanday erishilgani boshqa bir masala. Tegishli axborotda esa o‘sish aynan nima hisobidan ro‘y bergani biror joyda tahlil qilinmaydi. Buni shu fursatda sanoat yo‘nalishidagi qanchadir istiqbolli loyiha ishga tushgani va yangi sanoat korxonasi faoliyat boshlagani bilan ham izohlash mumkin edi. Xo‘p, bu holat o‘sishga aynan qay darajada ta’sir ko‘rsatdi? Bunga ham oydinlik kiritilishi kerak.

Shuningdek, shu axborotda viloyat sanoat ishlab chiqarish hajmida Mirishkor tumani ulushi nihoyatda kam (1,3 foiz) ekani ta’kidlanadi. Mazkur tuman industrial qoloq hudud ekaniga nima sabab bo‘ldi, bu haqda esa lom-mim deyilmagan. Sanoatni rivojlantirish uchun ichki imkoniyat yetadimi, aynan qaysi tarmoqlarni ravnaq toptirishga e’tibor qaratish kerak, bunga nima to‘sqinlik qilayapti, shu to‘g‘risida ham fikr aytilishi maqsadga muvofiq emasmi? Tuman aholisining xaridorgir sanoat mahsulotlariga ehtiyoji qay darajada o‘zi, bu talab to‘liq qondirilayaptimi? Ana shular baholi qudrat tahlil etilsa, tadbirkorga ham yo‘riq ko‘rsatilgan bo‘larmidi.

Boshqarmaning joriy yilning 9 oyida viloyat tashqi savdo aylanmasi bo‘yicha taqdim etgan ma’lumotida ham shu narsa takrorlangan. Buncha eksport (208 million AQSH dollari), buncha import (299 million AQSH dollari) amalga oshdi, qabilidagi umumlashma ko‘rsatkichlardan nariga o‘tilmagan. Xos raqamlar esa maxsus tarmoqlar kesimida tor doirada keltirilgan, xolos. Aynan bir tarmoq kengroq qamrab olinmagan. Dunyo bozoriga chiqmoqchi bo‘lgan tadbirkorga vohamizdan aynan qanday turdagi mahsulot yoki xizmat, qancha hajmda  eksport yoki import qilinayotgani ko‘proq qiziq emasmi? Masalan, qishloq xo‘jaligi mahsuloti, xususan, pomidor eksporti haqida kengroq to‘xtalinsa. Bu noz-ne’matga asosan kim talabgor bo‘layapti, qanday navlar yuqori baholanmoqda? Shular haqida tasavvurga ega kishida o‘zi yetishtirgan mahsulotni ham xorij bozoriga olib chiqishga rag‘bat uyg‘onmaydi, deysizmi?

Yo bo‘lmasa, viloyatimizga chet eldan qaysi tovarlar katta hajmda import qilinayotganini chuqurroq tahlil qilish mumkin. Bugun ortiqcha va behuda valyuta sarfiga sabab bo‘layotgan, tashqi bozorga qaramlikni oshirayotgan importni qisqartirish masalasi hukumat e’tiborida turgan bir paytda, mahalliy tadbirkorlarga hududning o‘zida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlashni o‘zlashtirish bo‘yicha taklif berilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi, axir.

Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, boshqarma taqdim etayotgan ma’lumotlarda tahlil yo‘q ekani u yerda ishlayotgan mutaxassislarning bunga qodir emasligi yoki "qolip"ga aylangan ish uslubini o‘zgartirishni istashmayotganini anglatadi.

Qachon narx-navo haqida ochiq aytish boshlanadi?

Ancha avval duch kelganim bir holat. Viloyat statistika boshqarmasi tomonidan hududdagi o‘rtacha oylik ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumot e’lon qilindi. Unda keltirilishicha, Muborak tumani o‘rtacha oylik ish haqi ko‘rsatkichi bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi, tegishli davrda bu summa 2 million 501 ming so‘mni tashkil etgan. Bu axborot keng jamoatchilik e’tiboriga havola qilingach, ko‘pchilikda savol tug‘ildi: bu statistikani ishlab chiqishda qanday ma’lumotlarga tayanilgan? Nega u asliyatga mos emas? Qancha kishi qamrab olingan? Shunga o‘xshash boshqa savollar. Agar statistikachilar bu masalani atroflicha tushuntirib berganida, bunday savollarga o‘rin qolmasdi, albatta. Hammasi yana bir bor chuqur tahlil yo‘qligini, real hayotga to‘g‘ri kelmayotganini ko‘rsatadi.

Tegishli nizomda ham alohida qayd etilgan, ommaviy axborot vositalarida joylashtirish uchun ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish tendensiyalarini tavsiflovchi kompleks tahliliy ma’ruzalar, press-relizlar va maqolalar tayyorlanishi, tarqatilayotgan statistik ma’lumotlarga tahliliy va ma’lumotnoma materiallar majburiy tartibda ilova qilinishi shart. Biroq biz viloyat statistika boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan va bu talablarga javob beradigan birorta axborotga hali duch kelmadik.

Yana bir narsa. Boshqarma rasmiy saytida narx indekslari tahlili, deb nomlanuvchi rukn bor. E’tibor bering, shunchaki narxlar ro‘yxati emas, balki ularning tahliliga asoslangan ma’lumot haqida so‘z boryapti. Ammo ushbu rukn ostida hech narsa yo‘q, unda biror marta ham bu boradagi statistika joylashtirilmagan. Viloyat ahlini qiziqtirmaydi deysizmi turli hududlarda asosiy turdagi iste’mol tovarlari narx-navosi qanday ekani? So‘zsiz, qiziqtiradi, tadbirkordan tortib oddiy kishigacha - barchani birdek. Aytaylik, biror tumanda tuxum boshqa joylarga nisbatan qimmat sotilyapti. Demak, bu hududda tuxum taqchil, biroq talab yuqori. Bu shu mahsulot ishlab chiqaruvchisi yoki sotuvchisi uchun bir ishora bo‘lib xizmat qilishi turgan gap.

Albatta, bugungi bozor sharoiti narx-navo statistikasi bo‘yicha rasmiy ma’lumot ochiqlanib borishi zarurligini taqozo etadi. Berilmayaptimi, demak, statistikasi yuritilmagan yoki bo‘lmasa, bu borada ommaga e’lon qilinishi uchun kimdandir alohida topshiriq bo‘lishi kerak.

Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqsak, shunday umumiy xulosa  shakllanadi. Bugungi kunda viloyatdagi alohida-alohida sohalarning ishlab chiqarish quvvatlari haqida ma’lumot umuman yo‘q. Import va eksport chuqur tahlil qilinmaydi. Potensial tadbirkorning bozor talabini o‘rganish imkoniyati mavjud emas. Yetakchi tarmoqlarning o‘sish ko‘rsatkichlari doim so‘mda ifodalanadi. Vaholanki, bunda har yili ishlab chiqarish xarajatlari oshayotgani, inflyatsiyasi darajasi inobatga olinmaydi. Shunday ekan, bu holni real o‘sish deb bo‘ladimi?

Shu aniqki, boshqarma ma’lumotlari tadbirkor uchun yo‘riqnoma bo‘lib xizmat qilmayapti. Tashkilot ishi faqat ma’lumotlarni umumlashtirish bo‘lib qolyapti. Axir buni inson  omilisiz, bevosita elektron dasturlash asosida ham hisob-kitob qilish mumkin. Quruq raqamlar esa hech kimga naf keltirmaydi, shunchaki qog‘oz to‘ldirishga yaraydi, xolos.

MIRJAHON