Iqtisodiyot 16.07.2019 84

FAQAT QORIN TO‘YARI UCHUN ISHLASH VAQTI O‘TDI

Bugun iqtisodiyotni rivojlantirish, aholining turmush farovonligini yuksaltirish, qishloqqa sanoatni olib kirish va yangi ish joylarini yaratishda fermer xo‘jaliklari muhim ahamiyat kasb etayapti. Shunga monand, mazkur soha istiqboli uchun keng imkoniyatlar yaratish, fermerlik faoliyatini iqtisodiy va huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, qolaversa, ularni ko‘p tarmoqliga aylantirishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Chunki, fermerning faqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bilangina cheklanib qolishi davr talablariga mos kelmaydi.

Shahrisabz tumanilik Mo‘tabar O‘taganova ham bundan bir necha yil muqaddam tumanning Qo‘shchinor mahallasi hududidan 20 gektar yer olib, "O‘taganov Odiljon" fermer xo‘jaligini tashkil etgan hamda lalmi bug‘doy yetishtirish bilan faoliyatini boshlagan edi.

Fermerning izlanuvchanligi, tashabbuskorligi natijasida bugun xo‘jalik faoliyati har tomonlama kengayib, qo‘shimcha tarmoqlar soni ham oshib bormoqda.

- Faqat lalmi bug‘doy ekish bilan katta natijaga erisha olmasligimizni bilgach, yer osti suvidan foydalanib, 6,4 gektar maydonda intensiv bog‘ tashkil etdik, - deydi fermer. - Bu yerga asosan yuqori navli gilos hamda tok ekkanmiz. 

Shu bilan bir qatorda, xo‘jalikda chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik kabi tarmoqlar ham tashkil etilganki, bugun ularning har biridan daromad kelmoqda.

- Parrandaning o‘ziga xos turi, ya’ni yapon tovuqlarini boqayapmiz, - deydi u. - Ayni paytda 150 taga yaqin shu zotdagi tovuqlarimiz bor. Bu tovuqlar kichik, ammo bir qator afzalliklarga ega. Masalan, kasalliklarga chidamli, tuxum va jo‘ja berishda mahsuldorligi yuqori. Qolaversa, o‘zining chiroyli ko‘rinishi bilan ham e’tiborni tortadi. Shu bois, ayni paytda yetishtirayotgan tuxum va jo‘jalarimiz hududdagi aholining o‘zidan ortayotgani yo‘q. 

 Ayni paytda xo‘jalikda ellikdan ortiq qoramol hamda 300 ta mahalliy zotga mansub quyon ham parvarishlanmoqda. Yetishtirilgan chorva mahsulotlari hamda quyon go‘shti peshma-pesh hududdagi tadbirkorlik subyektlariga  yetkazib berilayapti.

Tabiiyki, tarmoqlar soni oshishi bilan daromad miqdori ham ko‘paymoqda. Bu esa fermerning iqtisodiy imkoniyatlari ortib, yanada kattaroq ishlarga sarmoya kiritishiga imkon berayapti. Misol uchun, yaqin ikki yil ichida zamonaviy sovutkichli issiqxona qurish, meva-sabzavot mahsulotlarini joylash uchun mo‘ljallangan plastik qutilar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish fermerning yangi rejasiga aylangan.

Jahongir  BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan surat.