So'nggi yangiliklar 16.08.2019 35

FERMERLARNI QANDAY MUAMMOLAR QIYNAMOQDA?

Sayyor qabul

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan Muborak tumanida sayyor qabul tashkil etildi. Unda hududdagi fermer va dehqon xo‘jaliklari vakillari ishtirok etib, o‘zlarini qiynab kelayotgan muammolar haqida ma’lum qildi.

Ta’kidlash joiz, tumanning bir qator hududlarida suv taqchilligi, suv yo‘llarining ta’mirtalabligi kuzatiladi. Bu esa fermer xo‘jaliklari uchun ekinlarni parvarishlashda qator qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Sayyor qabulda ham ko‘pgina fermer xo‘jaliklari xuddi shunday muammo bilan murojaat etishdi.

Ularning murojaatlari tuman qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi bo‘limlari ishtirokida tahlil etilib, dehqonchilik uchun ajratilgan suvlarning barcha hududlarga birdek yetib borishini ta’minlash, ayrim joylarda esa yer osti suvlaridan foydalanish, nosoz suv inshootlarini ta’mirlash bo‘yicha amaliy choralar ko‘riladigan bo‘ldi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi faoliyatini tashkil etish uchun yer ajratish, fermer xo‘jaliklariga berilayotgan yonilg‘i-moylash mahsulotlarining kamligi masalasida ham qator savollar bo‘ldi. Bu murojaatlarning bir qismi shu joyning o‘zida hal etilgan bo‘lsa, ayrimlarini o‘rganib hal etish tegishli mas’ullarga yuklatilib, ijrosi nazoratga olindi.

Sayyor qabulda umumiy hisobda 20 ta murojaat ko‘rib chiqilib, shundan 7 tasi joyida hal etildi. Yana 9 tasi yuzasidan tegishli tushuntirish berilgan bo‘lsa, 4 tasini hal etish bo‘yicha aniq choralar belgilandi.

Sarvinoz  ISMOILOVA,

O‘zagroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi bosh inspektori