Iqtisodiyot 07.06.2019 39

FINALDA QASHQADARYO SHARAFINI KIM HIMOYA QILADI?

Tashabbus-2019

Tadbirkor ishiga xolis bahoni qanday berish mumkin? Albatta, muayyan davr mobaynida o‘z faoliyatida innovatsiyalar, ilm-fanning ilg‘or yutuqlarini qay darajada qo‘llay olgani, iste’mol bozorida naqadar mustahkam o‘rin egallaganiga qarab. Biznesini doim shu yondashuv asosida tashkil etuvchi ishbilarmondan biror tashabbus, yangilik kutsa bo‘ladi. Tashabbuskorlar esa hech qachon e’tibordan chetda qolmaydi, munosib rag‘bat topadi, namuna qilib ko‘rsatiladi.

Bugun Qarshi shahrida Prezident sovrini uchun o‘tkaziladigan "Tashabbus-2019" ko‘rik-tanlovi viloyat bosqichidan ham ana shu maqsad ko‘zlangan. O‘tgan fursatda o‘z sohasida a’lo natijalarni qo‘lga kiritgan xususiy sektor vakillari, albatta, qo‘llab-quvvatlanishi darkor. G‘oliblik uchun da’vogarlar esa 5 ta asosiy yo‘nalishda bahs olib boradi.

Ushbu nufuzli tadbirda viloyatimizning barcha hududlaridan kelgan 70 dan ortiq tadbirkor, hunarmand, fermer o‘zi ishlab chiqarayotgan mahsulot, ko‘rsatayotgan xizmatlar ko‘rgazmasi bilan ishtirok etadi. Qatnashchilar tegishli mezonlar asosida hakamlar hay’ati tomonidan baholab boriladi. Ishlab chiqarish jarayonida yuqori mahsuldorlik qayd etgani, o‘ziga xosligi bilan yaqqol ajralib turgani ishbilarmonlar uchun yuqori o‘rinlarni kafolatlovchi asosiy omil bo‘lib xizmat qilishi lozim. Faqat bu jarayonda xolislik va shaffoflik ta’minlansa bo‘lgani.

Ta’kidlash joiz, ko‘rik-tanlov ishtirokchilari orasidan "Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori", "Xizmat ko‘rsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori", "Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori", "Yilning eng yaxshi fermeri", "Yilning eng yaxshi hunarmandi" singari asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha g‘oliblar saralanadi. Ular tanlovning hal qiluvchi bosqichida viloyatimiz sharafini himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

M.SHUHRATOV