Ta'lim 15.03.2019 7

FRANKOFONIYA KUNI MUNOSABATI BILAN

Qashqadaryo va dunyo

FRANKOFONIYA KUNI MUNOSABATI BILAN

12-mart kuni Qarshi davlat universiteti va yana yettita oliy o‘quv yurtining talabalari O‘zbekistonda ilk bor mamlakat miqyosida o‘tkazilgan fransuz tilidagi diktant tanlovida ishtirok etishdi.

Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur tanlov har yili 20-martda nishonlanadigan Frankofoniya kuni, ya’ni aholisi fransuz tilida so‘zlashadigan mamlakatlar hamkorligi tashkiloti tuzilgan sana munosabati bilan uyushtirildi. Unda O‘zbekiston Milliy va davlat jahon tillari hamda Andijon, Buxoro, Qarshi, Urganch, Farg‘ona davlat universitetlari va Samarqand davlat chet tillari instituti talabalari qatnashishdi.

-Ushbu tanlovda oliy o‘quv yurtimizda fransuz tili yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan 82 nafar talaba va bu tilni ikkinchi chet tili sifatida o‘rganayotgan ingliz tili yo‘nalishining 18 nafar talabasi ishtirok etdi, - deydi Qarshi davlat universiteti "Fransuz tili va adabiyoti" kafedrasi mudiri, Fransiya Respublikasining "Akademik palmalar" ordeni sohibasi Aziza Zoirova. - Ular boshqa institut va universitetlarning talabalari bilan bir vaqtda tashkilotchilar tomonidan taqdim etilgan yagona matn asosida diktant yozishdi. Bu matn livanlik yozuvchi Sharif Majdalani qalamiga mansub, 2015-yilda buyuk fransuz yozuvchisi Jan Jiono nomidagi mukofotga sazovor bo‘lgan "La villa des femmes" ("Ayollar villasi") romanidan olingan.

Tanlov shartlariga ko‘ra, har bir ta’lim muassasasi eng yaxshi yozilgan 3 ta diktantni Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasiga yuboradi. Shundan so‘ng barcha ishlar orasidan 3 ta eng yaxshi ish tanlab olinadi. G‘oliblar shu yil 27-mart kuni poytaxtda bo‘lib o‘tadigan Frankofoniya bayramida taqdirlanadi.

Birodar AZIZOV

Suratda: Qarshi davlat universitetida o‘tkazilgan fransuz tilidagi diktant tanlovidan lavha.