So'nggi yangiliklar 09.08.2019 30

FUTBOL AKADEMIYASIGA KIRISH IMTIHONLARI BO‘LIB O‘TDI

5-7-avgust kunlari O‘zbekiston futbol assosiatsiyasi huzuridagi Qashqadaryo viloyat bolalar-o‘smirlar futbol akademiyasida yangi o‘quv yiliga nomzodlarni qabul qilish imtihonlari bo‘lib o‘tdi.

Unda 2008 yilda tug‘ilgan 88 nafar nomzod 22 o‘rin uchun kurash olib bordi.

- Bugun mamlakatimizda futbolni rivojlantirish borasida juda katta ishlar olib borilmoqda, - deydi viloyat bolalar-o‘smirlar futbol akademiyasi direktori o‘rinbosari Shavkat Ro‘ziyev. – Bunda eng asosiy e’tibor bolalar futboliga qaratilgan. Shu bois futbol akademiyasiga nomzodlarni saralab olish bir necha bosqichdan iborat sinovlar asosida amalga oshirilmoqda. Jumladan, qabul imtihonlarining adolatli va shaffof o‘tkazilishi alohida nazoratga olinib, uni viloyatimizdagi futbol mutaxassislari bilan bir qatorda, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi futbolni rivojlantirish departamenti rahbariyati hamda ota-onalar kuzatib bordi.

Sinov imtihonlari davomida yosh futbolchilar o‘zlarining individual, texnik va taktik mahoratlarini namoyish etishdi.  Ulardan eng munosib deb topilgan nomzodlar joriy o‘quv yilini viloyat bolalar-o‘smirlar futbol akademiyasida boshlaydigan bo‘lishdi.

J.BOYMURODOV

Suratda: sinov imtihonidan lavha