Iqtisodiyot 05.07.2019 129

GAZ QAZIB CHIQARISH MIQDORINI OSHIRISH MAQSADIDA

Neft-gaz tarmog‘i

Muborak tumanidagi SHo‘rtepa konida bir yo‘la to‘rtta quduq va uzunligi 12 kilometrga teng "SHo‘rtepa-Shumak" kollektori ishga tushirildi.

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, mazkur quduqlardan bir kecha-kunduzda 200 ming kub metr, bir oyda esa 6 million kub metr tabiiy gaz qazib olinishi kutilmoqda.

Bu haqda xabar tarqatgan "O‘zbekneftgaz" aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati shu kunlarda Muborak tumanida neft-gaz tarmog‘ining mutaxassislaridan iborat ishchi guruh faoliyat olib borayotganini ham ma’lum qilmoqda. Ta’kidlanishicha, mazkur guruh a’zolari Janubiy Kemachi konining 166- va 167-quduqlarida olib borilayotgan burg‘ulash jarayonini ko‘zdan kechirishdi. Quduqlarni ishga tushirish maqsadida 8,7 kilometr uzunlikdagi kollektorga ulash uchun montaj ishlari "BVN-9" tizimida olib borilmoqda. Bu ishlar yakunlangach, sutkasiga qo‘shimcha ravishda 200 ming kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish imkoni tug‘iladi.

Mazkur hududda, shuningdek, 21 kilometr uzunlikdagi "Janubiy Kemachi koni - Buxoro neftni qayta ishlash zavodi (BNQIZ)" neft quvurini ishlab turgan "Ko‘kdumaloq - BNQIZ" neft quvuriga ulash ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Ishchi guruh tomonidan mazkur obyeklardagi barcha ishlarni qisqa fursatda yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, ishchi guruh a’zolari kapital qurilish ishlari yakunlangan Yangi Darvoza konidagi 5-sonli quduqda ham bo‘lishdi. Hozirgi paytda mazkur quduqni foydalanishga topshirishni tezlashtirish maqsadida 8,5 kilometr uzunlikdagi kollektorda qurilish va montaj ishlari davom ettirilmoqda. Uning ishga tushirilishi natijasida sutkasiga qo‘shimcha 500 ming kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish rejalashtirilmoqda.

Dengizko‘l konida ham ikkita quduqda burg‘ulash va obyektlarni o‘z vaqtida (315-quduqda shu yil 20-iyulgacha, 317-quduqda esa joriy yilning 9-sentabriga qadar) foydalanishga topshirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Ko‘rilgan choralar sutkasiga qo‘shimcha 300 ming kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish uchun zamin yaratadi. Shu yerning o‘zida "GPA-200" rusumli DKS agregatlarini ta’mirlash ishlari olib borilar ekan, bu uskunaning  sozlanishi natijasida sutkasiga qo‘shimcha ravishda 500 ming kub metr tabiiy gaz qazib olish imkoni tug‘iladi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, shu yilning besh oyi yakuniga ko‘ra viloyatimizda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi 2018-yilning tegishli davriga nisbatan 2,5 foizga, ya’ni 14 milliard 152,9 million kub metrdan 13,8 milliard kub metrgacha kamaygan. Neft qazib olish bo‘yicha kamayish 8,1 foiz, gaz kondensati bo‘yicha esa 1 foizni tashkil qilmoqda.

O‘z muxbirimiz