Tibbiyot 23.08.2019 37

GEPATIT A: BELGI BERMASLIGI HAM MUMKIN

Do‘xtir ogohlantiradi

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, issiq mavsum virusli kasalliklar avj oladigan palla hisoblanadi. Masalan, yoz oylarida oshqozon-ichak infeksiyasi, teri va allergik xastaliklar keng tarqala boshlaydi. Shuningdek, bu mavsumda yuqumli gepatit, ayniqsa, gepatitning A turi birmuncha xavf tug‘diradi. Xo‘sh, bu qanday xastalik? U qay tarzda yuqadi va asoratlari qanday? Ushbu savollar bilan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Hamza ERNAZAROVga murojaat qildik.

- Virusli gepatit A - yuqumli kasallik bo‘lib, aksar hollarda bolalarda uchraydi. Bunda virus jigar hujayralarini zararlaydi. Kasallik virus bilan zararlangan suv va oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish natijasida og‘iz orqali yuqadi. Bemor ko‘pincha ikki hafta og‘ir bo‘lib, keyingi bir yoki uch oy davomida quvvatsiz bo‘ladi. Ko‘z oqidagi xastalik tufayli paydo bo‘lgan sariq rang yo‘qolganidan so‘ng ham uch hafta o‘tgunga qadar bemordan atrofdagilarga virus osongina yuqadi. 

Ushbu kasallik havodan yuqmaydi, balki bolalar qo‘lini yuvmasdan ovqatlanganida, qaynatilmagan suv ichishlari sababli kasallikka chalinishadi. Shu bilan birgalikda, bolalar maktabgacha ta’lim muassasalarida, maktabda o‘zaro muloqot jarayonida ham gepatit yuqtirib olishlari mumkin. Tabiiyki, uyda o‘tirgan bolalar kamroq shu kasallik bilan og‘rishadi.

Belgilari qanday?

- Xastalik dastlab yashirin kechadi. Bu davr 35 kun bo‘lib, aytarli alomatlari sezilmaydi. Har bir organizmda o‘zining immunitetiga qarab kasallik kechishi turlicha bo‘ladi. Ayrim bemorlarda 15 kun, ba’zilarda esa 35 kunda gepatit belgi beradi. Bu albatta, organizmga tushgan virusning qancha miqdordaligi va immun tizimining holatiga bog‘liq. Xastalikning ilk davrida bemorda sariqlik alomatlari bo‘lmaydi, lekin undan oldingi belgilar bo‘ladi. Nafas yo‘llarining yallig‘lanishi, ich ketishi, gripp va o‘tkir respirator virusli infeksiyalar  kabi alomatlar yuzaga chiqadi. Kasallikning ushbu davri 5 kundan 7 kungacha davom etishi mumkin. So‘ng organizmda sariq kasalligi belgilari boshlanadi. Ota-onalar ko‘pincha bizga ayni o‘sha alomatlar boshlangan paytda murojaat qilishadi. Shifokorga avvalroq murojaat qilish maqsadga muvofiq. Sababi, ushbu davrda virus asosan axlat va peshob orqali ajralib chiqadi va kasallik ancha yuqumli bo‘ladi. Bemorning terisi va ko‘z oqlari sarg‘ayganidan 2-3 kun o‘tgach esa kasallik yuqmaydi. Kasallikning yuqumli davrini bolalar bog‘cha yoki maktabda, uyda o‘tkazib yuborishadi. Shuning uchun ham gepatitning tarqalishi tezlashadi, ko‘payadi.

Davo turlari qanday?

- Gepatit A surunkali davom etmaydi, 6 oydan so‘ng bemor sog‘lom kishilar qatoriga qo‘shiladi. E’tibor qilish kerak bo‘lgan jihati shundaki, bemor tuzalgandan keyin ham belgilangan parhezlarga amal qilishi shart. Chunki jigar to‘qimalari tiklanishi uchun ko‘p vaqt kerak bo‘ladi. Mana shu davr mobaynida bemor yog‘li, achchiq va sho‘r ovqatlarni iste’mol qilishi mumkin emas. Keyin jigarni zo‘riqtirish ham taqiqlanadi. Bemorga 3 kilogrammdan ortiq yuk ko‘tarish man etiladi. Ota-onalar mana shu jihatlarga jiddiy e’tibor berib, nazoratga olishsa, bemor kasallikdan butkul forig‘ bo‘ladi.

Tozalik - eng yaxshi davo

- Birinchi galda tozalikka e’tibor berish kerak. Ota-onalar iloji boricha bolalarning gigiyena qoidalariga to‘la amal qilishlariga e’tiborli bo‘lishi, bolalar qaynatilmagan suvni ichmasliklari, to‘g‘ri ovqatlanishi zarur. Albatta, kattalar bolada gepatit belgilarini sezgudek bo‘lishsa, darhol shifokorga murojaat qilishlari zarur. Chunki kasallikning birinchi belgilari qon, peshob, axlatni laboratoriyada tekshirish orqali aniqlanadi. Gepatit kasalligining sariqlik bilan kechuvchi turi va sariq bo‘lmagan turlari bor. Ehtimol bemor ushbu kasallik bilan og‘risa ham sariq kasalligi o‘zining belgilarini bermasligi mumkin. Buni faqat jigarni tekshirib ko‘rib aniqlash mumkin.

SH.BOZOROVA