GIMNASTRADA — HAMMA UCHUN

Festival

Viloyat ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar gimnastika sport maktabida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan "Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!" shiori ostida "Gimnastrada - hamma uchun" sport festivali tashkil etildi.

Unda har bir shahar va tumandan 6 nafar 50 yoshdan yuqori ayollar hamda 10 yoshgacha bo‘lgan qizlardan iborat 15 ta jamoa ishtirok etdi.

Jamoalar musobaqa dasturiga ko‘ra, milliy musiqiy kompozitsiya asosida o‘z chiqishlarini namoyish qilishdi. Ayniqsa, Qarshi shahri, Kitob, Shahrisabz, Kasbi jamoalarining chiqishlari tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi.

Qayd etish joiz, viloyatimizda xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan intilish tobora kuchayib bormoqda. Ayni paytda 10 mingga yaqin umumiy sport seksiyalarida 400 ming nafarga yaqin xotin-qiz muntazam shug‘ullanib kelmoqda. Shundan qariyb 100 ming nafarga yaqini uy bekalaridir. Joriy yil davomida o‘tkazilgan 4 mingga yaqin musobaqada esa ko‘plab xotin-qizlar stol tennisi, voleybol, yengil atletika, qo‘l to‘pi, basketbol, stritbol, badiiy gimnastika, suzish, shaxmat-shashka, sport gimnastradasi va yugurish marafonlari kabilarda bellashishdi.

Musobaqa yakunida ishtirokchilar turli nominatsiyalar bo‘yicha viloyat xotin-qizlar qo‘mitasining faxriy yorlig‘i va esdalik   sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shohista BOZOROVA

Muallif olgan surat.