Ma'naviyat 01.10.2019 29

GITLER QO‘LLASHGA ERISHMAGAN NOYOB QUROL SIRI

Birinchi maqola

"Vundervaffe" ("mo‘jiza-qurol") haqidagi gap-so‘zlar yolg‘on-yashiq bo‘lgandimi yoki natsistlar Germaniyasini qutqaradigan najot ekanini hozirga qadar bilishning imkoni bo‘lmadi.

Sakrovchi bomba, uchar tank va boshqalar

1942-yilning oktabrida uchinchi reyxning mudofaa vaziri Albert Shpeyer "Biz g‘alaba ostonasida turibmiz. Bolsheviklarga qarshi urushda "vundervaffe" nomli noyob qurol yordamida g‘alaba qozonamiz", deya hayratomuz bayonot beradi. Gebbels rahbarligidagi targ‘ibot vazirligi ham "vundervaffe" allaqachon yo‘lda va hademay dushmanga "qaqshatqich zarba beradi", deya nemis xalqiga bir necha marotaba xabar tarqatdi.

Oradan uch yil o‘tib ham bu kabi shov-shuvli xabarlar to‘xtamadi. 1945- yilning 29-aprelida, Ikkinchi jahon urushi taqdiri hal bo‘lib ulgurgan bir pallada Berlin radiosi "Yaqin vaqt ichida "mo‘jiza-qurol" reyx dushmanlarining kulini ko‘kka sovuradi. Uning qo‘llanilishiga fyurerning o‘zi ijozat berdi", deya xabar qiladi. 30-aprelda esa Adolf Gitler o‘z joniga qasd qildi. Bu holat vaqt o‘tib tarixchilarning "Haqiqatan ham Germaniya urush jarayonini o‘zgartirib yuborishga qodir qudratli qurol ustida tadqiqot ishlarini olib borganmi yoki bu faqatgina Gebbelsning targ‘ibotga oid nayrangimidi?" kabi savollar yuzasidan bahs-munozaralar qilishiga sabab bo‘ldi.

"Tadqiqot ishlari tasavvurni hayratda qoldiradi"

 - "Vundervaffe"ning yaratilishi sira afsona emas, - deya ishonch bilan so‘zlaydi sobiq Chexoslovakiyaning davlat arxivi eks-xodimi Aloiz Vodichka. – 1944-yilning 4-martida mamlakatning nemislar tomonidan bosib olingan Plzen va Brno shaharlarida yer osti inshootlari qurish boshlangan. Ushbu ishlar Gitlerning sevimli shotiri Gans Kammlerning konstruktorlik byurosi tomonidan amalga oshirilgan, "mo‘jiza-qurol"ning tadqiq ishlariga u, ya’ni qo‘riqlash otryadi (SS)ning 43 yoshli gruppenfyureri shaxsan mas’ul bo‘lgan. Bir yil o‘tmasdan "Shkoda" zavodining binolari ostida ulkan tadqiqot majmuasi barpo etilgan. Unda yer ostiga cho‘zilgan chuqur tunnellar, olimlar uchun laboratoriyalar, "uchar jismlar"ni uchirish uchun shaxtalar va hatto "vundervaffe" sinovlari uchun poligonlar mavjud bo‘lgan. Urush tugashiga uch kun qolganda amerikaliklar Plzen shahrini egallaganida rekord darajadagi muddatlarda qurilgan 35 kilometr yer osti kommunikatsiyalarini aniqlashgan.

Amerika razvedkasining 1945--yil 14-oktabrda AQSH harbiy havo kuchlari shtabiga yo‘llagan ma’lumotida "Biz Chexoslovakiya, Avstriya va Vengriyaning yer ostidan 107 ta zavod topdik, bu esa biz o‘ylaganimizdan ham ko‘proq. Taxminan ularning yarmida bizga noma’lum qurol-yarog‘larni tadqiq qilish bilan shug‘ullanishgan", deya qayd etiladi. Plzendagi konstruktorlik byurosi SSning maxsus qo‘riqchilari tomonidan    xalqa shaklida o‘rab olib qo‘riqlangan: yer osti bunkerlarida Quyosh nurlarini ko‘rmasdan Yevropaning eng yaxshi olimlari mehnat qilishgan.

Ularning ko‘pchiligi bu yerga majburiy tarzda olib kelingan, urushdan so‘ng ular allaqayoqqa g‘oyib bo‘lishgan, hattoki, ularning jasadlarini ham topishning imkoni bo‘lmagan. 1945-yilning 3-aprelida  Gitler Kammlerga Germaniyadagi barcha maxfiy loyihalar ustidan boshqaruvchilik qilishni nazarda tutuvchi alohida buyruq jo‘natadi. Aynan o‘sha kunning o‘zida  Gebbels o‘z kundaligiga "Gans muhim ixtiroga juda yaqin. Uning tadqiqot ishlari har qanday tasavvurni hayratda qoldiradi" deb yozadi.

- Urush tugashiga bir hafta qolganida Kammler uchinchi reyxda qudratli inson sifatida Gitlerdan keyin ikkinchi bo‘lgan, - deydi polshalik tarixchi, 15 yildan beri "vundervaffe" siri ustida tadqiqot olib borayotgan Igor Vitkovskiy. – 1945-yilning bahorida daf’atan uning boshida hech qanaqangi sabablarsiz yuksak darajadagi unvon va mukofotlar yomg‘iri yog‘adi, SSning obergruppenfyurer faxriy unvoni beriladi. Ushbu qo‘qqisdan ko‘rsatilgan marhamatlarni balki birgina sabab bilan izohlash mumkindir - Kammler uchinchi reyxni qutqarishga qodir bo‘lgan qurolni yaratishda muvaffaqiyatga erishgan. Gitlerning tirik qolgan barcha safdoshlari o‘z yodnomalarida belgilashicha, fyurer yaqin vaqt ichida "vundervaffe" arsenallarini ishga tushirishi va dushmanlarni "zarraga aylantirishi"ga astoydil ishongan. Yana bir talqinga ko‘ra, Kammlerga "mo‘jiza-qurolni" batamom bitirishiga atigi bir oy yetmagan!

Konstruktor qayerga g‘oyib bo‘lgan?

1945-yilning 4-mayida Gans Kammler kutilmaganda Pragaga kelib, xotirjam, xuddi hech narsa sodir bo‘lmaganidek yer ostidagi zavodlar ishchilariga grafik bo‘yicha so‘nggi buyruqlarni beradi. U "Shkoda" xodimlariga hech narsani tushuntirmaydi, ular esa "agar Berlin Qizil armiya tomonidan qo‘lga kiritilgan bo‘lsa, endi "vundervaffe" bilan shug‘ullanishdan nima ma’no bor?", deya hayratda qolishadi.

Barcha maxfiy hujjatlar (chizmalar, rejalar, tadqiqot ishlari) zudlik bilan Plzenga ko‘chiriladi, Kammlerning o‘zi esa nom-nishonsiz yo‘qoladi. Fyurer arzandasining na tirigi, na o‘ligini topa olishadi. Uning yo‘qolishi bo‘yicha faqatgina uchta talqin mavjud. Birinchisiga ko‘ra, u 9-may kuni Plzendagi o‘rmonda o‘zini otgan emish. Biroq aynan o‘sha kuni uni oberammergau raketachi Verner fon Braun shaharchadagi mehmonxonada ko‘rgan, keyinroq u tergovda "Kammler mundirini yoqib, mahalliy monastir yerto‘lasiga yashirinishni xohlagan", deya ko‘rsatma beradi.

Yana bir talqinga ko‘ra, SSning maxsus loyihalari boshlig‘i partizanlar hujum qilgan bunkerda nobud bo‘lgan.

Uchinchi talqinga ko‘ra, bu hatto tanqid qilishga arzimaydi - u "bir guruh shaxslar" ko‘rsatmalariga asoslangan, ya’ni ular Kammlerning dafn marosimiga guvoh bo‘lishgan. Aslini olganda, g‘oyib bo‘lgan obergruppenfyurerni topishga hech kim umuman urinmagan. AQSH ham, sobiq ittifoq ham baayni og‘izlariga talqon solib olishgandek, Nyurnberg protsessida ham Gans Kammlerni eslashmagan. Vaholanki, bu inson natsistlarning eng muhim loyihalariga mas’ul bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Gitlerga bo‘ysungan. Reyxskansler (1945-yilgacha Germaniyada: hukumat boshlig‘i) Borman va gestapo (fashistlar Germaniyasining yashirin siyosiy davlat politsiyasi) boshlig‘i Myuller (ular ham urush oxirida g‘oyib bo‘lishgan) qidiruvga berildi, "vundervaffe" ixtirochisini esa bamisoli u mavjud bo‘lmagandek unutib qo‘yishdi. 1948-yilning 7-sentabrida Berlin sudi tomonidan Kammler rasman vafot etgan deb topildi.

 - "Mo‘jiza-qurol" loyihasi boshlig‘i qochib ketganiga hecham shubhalanmayman, - deya ta’kidlaydi Igor Vitkovskiy. - Men shaxsan Gans Kammlerning portfelidagi xaritani ko‘rdim, unda qalam bilan front tomoniga qayerdan yaxshiroq o‘tish mumkinligi belgilab qo‘yilgandi. U ega bo‘lgan maxfiy sirlar butun dunyoga hukmronlik qilishiga zamin yaratishi mumkin edi, shu boisdan, amerikaliklar ham, ruslar ham imkon qadar tezroq "Shkoda" zavodi va Kammlerning o‘zini qo‘lga kiritishga shoshilishgan.

1945-yilning 6-mayida Yevropadagi AQSH armiyasining qo‘mondoni Duayt Eyzenxauer "Sobiq ittifoq bilan kelishuvga muvofiq" o‘z jangchilariga Plzenga qarab yurmaslikka buyruq beradi. General Pattonning 16-tank diviziyasi mazkur buyruqni nazar-pisand qilmasdan, sovetlar istilo qilgan hududda joylashgan va "egasiz" Plzenni zabt etish uchun yurishni amalga oshiradi. Amerika razvedkasi "Shkoda" tunnelini o‘rganish maqsadida u yerga kira boshlaydi. Faqatgina 12-may kuni, sobiq ittifoq tomonidan qat’iy norozilik bildirilgandan so‘ng, Plzenga Qizil armiya kiradi. Qiziq, amerikaliklar Kammler arxividan nimani izlashgan bo‘lsa?

Georgiy ZOTOV

Rus tilidan Azizbek NOROV tarjimasi.