Ma'naviyat 04.10.2019 26

GITLER QO‘LLASHGA ERISHMAGAN NOYOB QUROL SIRI

Ikkinchi maqola

"Mo‘jiza-qurol"ning maxfiy siri sobiq ittifoq va AQSH o‘rtasida bo‘lindi. Plzendagi "SSning aqliy markazi" "Yer osti kemalari" rejasini tuzadi, shaxtalarda reaktiv samolyotlar yasashadi va "Quyoshli zambarak"ni ishlab chiqishadi. Ular tadqiqotlarning asosiy nishoni - Ikkinchi jahon urushi finalini umuman o‘zgartirib yuborishga qodir edi...

Natsistlar atom bombasi tadqiqotini nega to‘xtatgan?

"Sobiq ittifoq bilan kelishuv"ga zid tarzda "egasiz" Plzenni zabt etish uchun yurishni amalga oshirgan AQSH generali Pattonning 16-tank diviziyasi razvedkachilari "Shkoda" tunneli va Kammler arxividan nimalarni izlashgan bo‘lsa?

- AQSH razvedkachilari juda katta xatoga yo‘l qo‘ygan, - deydi polshalik tarixchi va "Vundervaffe" haqiqatlari to‘g‘risida" nomli kitob muallifi Igor Vitkovskiy. - Ular nemislar yadroviy qurol yaratishayotganiga amin bo‘lishgan. Unga oid hujjatlarni Plzendan topishga urinishadi. Vaholanki, atom bombasining tadqiq ishlari 1942-yilning noyabr oyidayoq to‘xtatilgan. Nega deganda, Germaniyada zarur xom ashyo - uran topilmagan.

6 kundan so‘ng, aniqrog‘i, 1945-yilning 12-mayida Plzen shahri AQSH tank diviziyasidan Qizil armiya qo‘liga o‘tgach, "Shkoda"dagi SS obergruppenfyureri Kammlerning chizmalari muhrlanib, sobiq ittifoqqa olib ketiladi. Bugungi kunda mazkur qog‘ozlar Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligining Podolskdagi arxivida "Maxfiy" grifi ostida saqlanadi.

- Men u yerga kirish bo‘yicha rasman murojaat qildim, biroq javob olmadim, - deydi Igor Vitkovskiy. - Xullas, amerikaliklarning aqlsizlarcha xatti-harakatlari tufayli sobiq ittifoq maxsus xizmatchilari Kammlerning tadqiqot ishlarini qo‘lga kiritgan.

Germaniyadagi barcha maxfiy loyihalar ustidan boshqaruvchilikni qo‘lga olgan Gans Kammlerning izsiz g‘oyib bo‘lgani va uning taqdiri borasidagi yana bir taxminga ko‘ra, u Janubiy Amerikada yashiringan. Vitkovskiyning so‘zlariga qaraganda, obergruppenfyurer ancha oldin amerikaliklar bilan muzokaralar olib borgan. Aynan shu tufayli nemislar G‘arbiy frontda zaharli moddani ("YE-600"ga o‘xshash) qo‘llashga ulgurmagan. Ularning zaxiralari "SSning aqliy markazi" laboratoriyalarida ishlab chiqarilgan, biroq Kammler arsenallarga og‘uni yetkazib berishni kechiktiradi.

- Ushbu muzokaralar haqiqatan olib borilganini mudofaa reyxsministri Albert Shpeyer o‘z yodnomalarida qayd etadi, - deydi polyak tarixchisi. - Unga ko‘ra, 1945-yilning aprelida Shpeyer Kammler bilan Berlinda uchrashadi. Unga Argentinaga qochib ketish imkoniyati evaziga o‘zining barcha ishlanmalariyu "SSning aqliy markazi" olimlar guruhini AQShga taqdim etish niyatida ekanini aytadi. Faqatgina 1945-yilning kuziga kelib, nemis raketachilari ustidan olib borilgan seriyali tergovlardan so‘ng, amerikaliklar Plzenda qanday sirlarni qo‘ldan chiqarishganini anglab yetishgan. Shundan so‘ng AQShning maxsus xizmatlari uchinchi reyxning ilmlilar elitasini ovlashga kirishadi...

Maxfiy maktub

Fyurer urush boshlanishiga bir oy qolganida Stalinga maktub yo‘llab, Angliyaga hujum qilishni taklif etgan. Binobarin, "Shkoda" fabrikasida Londonga zarba berish rejasi ustida ham ishlangan. 

Avstriya, Germaniya va Chexiyada duch kelingan 600 dan ziyod shaxtalarda "SSning aqliy markazi" Moskva va Londonga zarba berishga qodir bo‘lgan qit’alararo raketa - "A-10" sinovlarini o‘tkazgan. Kammler Mautxauzen yaqinidagi yer osti fabrikalarida jahondagi dastlabki reaktiv qiruvchi samolyotlarni ("Messershmitt-262") ishlab chiqarishni idora qilgan. Kyonigsbergda zenit lazerlari va "Midgard ajdari" (mazkur "yerqazar" uskuna vagonli poyezd ko‘rinishida bo‘lgan) yer osti kemalarini yaratishga urinishgan. Har bir shunday turdagi kema minglab 250 kilogrammli bombalarni tashishi kerak bo‘lgan, uning yordamida kelgusida Buyuk Britaniya shaharlarini yo‘q qilish taklif etilgan.

"Quyosh zambaragi"

- Birgina inson qay tariqa "Yer osti reyxi"ni boshqarishi mumkinligiga ishonish qiyin? - deydi chexiyalik tarixchi Karel Matetskiy. - Biroq Gitler Gans Kammlerni yuqori darajadagi ishlash qobiliyati sababli juda qadrlagan. Plzendagi byuro turli ixtirolarni, shular qatorida, eng ishonish qiyin bo‘lganlarini ham tekshirib chiqqan. 1945-yilning 9-iyulida Parijda AQShning armiya podpolkovnigi Jon Kek jurnalistlarga "Quyosh zambaragi" ("Sonnengewehr") sxemasini  taqdim etgan, uning ustida olib borilgan ishlarni ham Kammler nazorat qilgan.

Muhandis German Obert chizmalarni ko‘zdan kechirib, natsistlar koinotda Quyosh quvvati konsentratsiyasi uchun diametri 200 metr bo‘lgan ko‘zguli qaytargich yaratishni rejalashtirganini ta’kidladi. Agarda "Quyosh zambaragi"ni yaratishganida, u kuchi bo‘yicha soniya ichida butun shaharni yondirib, atom bombasidan ustun chiqqan bo‘lardi. Xayriyatki, fyurer bu loyihani judayam xarajattalab deb sanagan.

Ammo "Quyosh zambaragi", reaktiv samolyotlar va "Midgard ajdari" Kammlerning bosh maqsadi bo‘lmagan. Igor Vitkovskiy SSning shturmbannfyureri Rudolf Shuster va gruppenfyureri Yakob Shporrenbergning Polshadagi tergov protokollari qaydlariga tayanib,  Plzendagi markaz olamshumul ishga,  ya’ni kosmik texnologiyalarga qo‘l urganini ta’kidlaydi. Shuning uchun ham Gitler Berlin yengilishiga bir oy qolganida ham "mo‘jiza-qurol" Germaniyani xalos etishiga umid qilishdan to‘xtamagan.

- O‘sha zamonlardagi nemislarning raketasozlik va uchuvchi apparatlarni yaratishdagi yutuqlari AQSH va sobiq ittifoqning bu boradagi tadqiqot ishlaridan 10-15 yilga o‘zib ketgan, - deydi Vitkovskiy. - Kammlerning bilimlarisiz amerikaliklar koinotga ilk parvozlarini amalga oshirishlari dargumon edi. Ishonch bilan aytish mumkinki, AQSH faqatgina uchinchi reyxning sirlari yordamida koinotda o‘ziga eshik ochgan.

Georgiy ZOTOV

Rus tilidan Azizbek  NOROV tarjimasi