Ma'naviyat 08.10.2019 28

GITLER QO‘LLASHGA ERISHMAGAN NOYOB QUROL SIRI

Oxirgi maqola

Natsistlarning maxfiy sirlari kelgusida lazer, televizor va uyali aloqa vositasi ixtirosiga imkon tug‘dirgan!

Agar "Shkoda" fabrikasi direktori Vilgelm Fossning so‘zlariga ishonadigan bo‘lsak, 1945-yil aprel oyining oxirlarida natsistlar koinotdan Moskva, London va Nyu-Yorkka zarba berishni rejalashtirishgan.

Qoyilmaqom "qo‘ng‘iroq"

Obergruppenfyurer Kammlerning bosh loyihasi "Die Glocke" deb atalgan, tarjimasi "qo‘ng‘iroq". Mazkur qurol bilan natsistlar Ikkinchi jahon urushi yakunida tarixni o‘zgartirishi lozim bo‘lgan. "Qo‘ng‘iroq" va "hamroh obyektlar"ning tajribalari o‘sha paytlarda Germaniyaga tegishli Breslau hududi, ya’ni Polshaning hozirgi Vrotslav shahriga yaqin joyda o‘tkazilgan. Maxfiylik darajasi shu qadar bo‘lganki, "Die Glocke" ustida ishlagan barcha 60 nafar olim otib tashlanib, qardoshlar qabristonida dafn etilgan.

Yakunda "qo‘ng‘iroq"ning "otasi" (yaqin kishilari va "Shkoda"ning direktori Vilgelm Foss bilan birgalikda) AQSH razvedkasiga yetkazilgan. "Mo‘jiza-qurol"ning (Plzen va Vrotslavdagi) hujjatlari va chizmalari sobiq ittifoq maxsus xizmatlari ixtiyorida qolgan.

- "Die Glocke" ustidagi ishlar 1940-yilda boshlangan. Uni Plzen shahridagi "Shkoda" fabrikasi "SSning aqliy markazi" konstruktori Gans Kammler boshqargan, - deydi polyak jurnalisti ("Vundervaffe" haqidagi haqiqat" kitobi muallifi) Igor Vitkovskiy. - Dastavval "mo‘jiza-qurol"ni Breslau tervarak-atrofida test rejimida sinab ko‘rishgan. Keyin, 1944-yilning dekabrida Vatslav shaxtasi ichkarisidagi yer osti laboratoriyasiga (umumiy maydoni 10 km2) olimlar guruhi ko‘chirib kelindi. Shubhasiz, ular "qo‘ng‘iroq"ni takomillashtirish ustida ish olib borishgan. "Die Glocke" hujjatlarda ulkan qo‘ng‘iroq shaklida, qattiq metalldan tayyorlangan, kengligi 3 metr atrofida, balandligi taxminan 4,5 metr o‘lchamda tasvirlanadi. Bu moslama ikki qo‘rg‘oshinli silindrdan iborat bo‘lib, teskari yo‘nalishda aylanadigan va shartli ravishda "Xerum 525" deya nomlangan noma’lum substansiya bilan to‘ldirilgan. "Die Glocke" ishga tushirilishi natijasida shaxtani xira binafsha rang yoritadi. Shaxsan men uchun "Qo‘ng‘iroq" - yadroviy fizika, plazma, gravitatsiya va magnit maydoni asosidagi tajribalardan tarkib topgan shunchaki jahannam qorishmasi.

Masofaga simsiz quvvat uzatishga erishilganmidi?

Igor Vitkovskiy o‘z talqini ishonchli ekaniga dalil sifatida ko‘plab davlatlarning arxiv hujjatlari qaydlaridan misollar keltiradi. Bular - SSning gruppenfyureri Yakob Shporrenbergning Polshadagi tergov protokollari, amerikaliklarga asir tushgan "Shkoda" direktori Vilgelm Fossning ko‘rsatmalari hamda 1945-yilning may oyida Buenos-Ayres shahriga "qo‘ng‘iroq" loyihasining bir qismini olib kelgan nemis samolyotlari qo‘ngani haqida guvohlik beradigan, 1993 yili oshkor etilgan Argentinaning mudofaa vazirligi ma’lumotlari edi.

Shporrenberg polshalik tergovchilarga "Die Glocke"ning sinovlari natijalarini shaxsan kuzatgani haqida so‘zlab bergan. Gruppenfyurerning so‘zlariga qaraganda, "qo‘ng‘iroq" chiqargan elektr nuri ikki kilometrgacha radiusda tarqalgan, tajriba uchun keltirilgan hayvonlar nobud bo‘lgan (kalamush va quyonlar tanasida kristallar paydo bo‘lib, ularning qoni quyulib ketgan). O‘simliklar esa xlorofill (o‘simlikka yashil rang berib turuvchi modda)dan ayrilgan, ranggi oqarib, 8-10 soatdan so‘ng parchalanib ketgan. Biroq "qo‘ng‘iroq"ning quvvati atom bombasiga o‘xshash vazifani bajarmagan, aksincha, SS olimlari tarqaladigan nurning ajal keltirish darajasini kamaytirishga urinishgan. Urush oxiriga kelib esa uni zararsizlantirishning uddasidan chiqishgan.

Xo‘sh, unda bu qurol nima uchun kerak bo‘lgan?

Vitkovskiy "Die Glocke" kosmik texnologiyalar yo‘nalishida yuksak darajaga yetgani, ancha haqiqatga yaqin talqinga ko‘ra, "qo‘ng‘iroq" yuz minglab  "uchar likopcha"lar uchun quvvat manbai ishlab chiqarganiga yuz foiz ishonadi. Bu disk ko‘rinishidagi uchar moslamalar ekipaji bir-ikki nafardan iborat bo‘lgan. "Likopcha"lar (ehtimol, masofadan ta’minlab turilgan quvvat bilan) soniyalar ichida vertikal tarzda havoga ko‘tarilishga, dushmanga qarshi yashindek tez hujum qilishga, koinotdan lazer yordamida nishonni urishga qodir bo‘lgan. Agar "Shkoda" fabrikasining direktori Vilgelm Fossga ishonadigan bo‘lsak, 1945- yilning aprelida natsistlar bu uskuna yordamida "Iblis nayzasi" operatsiyasini amalga oshirishni, ya’ni Moskva, London va Nyu-Yorkka zarba berishni rejalashtirishgan.

Darhaqiqat, 1000 dona atrofidagi tayyor "likopcha"larni amerikaliklar keyinroq Chexiya va Avstriyaning yer osti zavodlaridan topishdi.

Tadqiqotchi Jozef Farrell 1965-yili Pensilvaniyadagi Keksburg shaharchasi o‘rmoniga Gans Kammler namunasi bo‘yicha mudofaa vazirligi buyurtmasida tajriba tariqasida yasalgan "likopcha"ga o‘xshash notanish uchar jism qulaganini qayd etadi.

Haqiqatan shundaymi? Ehtimol. Chunki, bundan bir muncha vaqt ilgari AQShning milliy arxivi 1956-yildan keyingi maxfiy hujjatlarni oshkor etgandi, ular "uchar likopcha" ustidagi tadqiqot ishlari "1794-loyihasi" doirasida olib borilganini tasdiqlardi.

Norvegiyalik tarixchi Gudrun Stensen Kammlerning kamida to‘rtta uchuvchi diski Sovet armiyasi tomonidan Breslaudagi fabrikada qo‘lga kiritilgan, deb hisoblaydi. Ammo Stalin "likopcha"ga e’tibor qaratmadi, uni faqatgina yadroviy bomba qiziqtirib qo‘ygandi.

Aqlga sig‘mas talqin

- "Die Glocke" kosmik apparat bo‘lmagan, - deya ta’kidlaydi AQShlik yozuvchi, "Gitlerning quroli - hali ham sirli!" nomli kitob muallifi Genri Stivens. - U maxsus modda - qizil simob ishlab chiqargan va bu fantastik darajada samarasini bergan. Amerika razvedkasiga Vatslav yerto‘lasidagi tajribalarga guvoh bo‘lganlar "qo‘ng‘iroq"ning yuqori qismidagi botiq ko‘zgu sinov paytida shaxtadagi olimlarning hayotidagi o‘tgan voqealarni ko‘rishga imkon bergan" deya ko‘rsatma berishgan. Shuni inkor etmaslik lozimki, bu vaqtlar bo‘ylab sayohat qilish orqali kelajakni natsistlar foydasiga o‘zgartirishga urinish bo‘lgandi.

Bu talqin qanchalik aqlga sig‘masligi fahmiga yetib turibman, biroq, urush oxirida Berlinga sovet jangchilari yaqinlashganida Gitler nima lozim bo‘lsa, barchasiga ishonishga tayyor edi.

Polsha maxsus xizmati Vitkovskiyning tadqiqotini tasdiqlash yoki noto‘g‘riligini isbot etishdan bosh tortmoqda: SS gruppenfyureri Shporrenberg so‘roq qilingandagi protokollar siri hozirga qadar oshkor etilgani yo‘q. Vaholanki, Vitkovskiy Gans Kammler "qo‘ng‘iroq"ni Janubiy Amerikaga olib borganiga astoydil ishonadi. Boshqa tadqiqotchi - britaniyalik raketachi Nik Kuk o‘z kitobida "Die Glocke"ni AQShga ko‘chirishgani, aynan shuning uchun amerikaliklar fizika va raketasozlikda shu qadar katta siljishga erishgani haqida yozadi.

Shunday qilib, Uchinchi reyxning "mo‘jiza-qurol"i haqidagi asl haqiqat hozircha oshkor bo‘lmadi.

Natsistlardan nimalarni tortib olishgan?

Televizor: dastlabki televizorlar (mazkur modifikatsiyadagi televizorlar keyingilari rivojiga asos bo‘lgan) 1938-yili Berlindagi ko‘rgazmada namoyish etilgan.

Lazer: 1934-yili natsistlar ishlab chiqishni boshlagan dushman harbiy havo kuchlari uchuvchilari ko‘zini so‘qir qiladigan "lazer nuri" uskunasi urush tugashiga bir hafta (!) qolganida yaratilgan.

Vertolyot: 1942-yili Germaniyada jahondagi ilk jajji "Kolibri" vertolyoti ustida maxfiy sinov olib borilgan. Biroq keng ko‘lamdagi ishlab chiqarish to‘xtab qolgan.

Uyali telefon: Plzendagi Gans Kammlerning byurosi 1945-yil fevraldan o‘nlab loyihalar orasida "jajji" ko‘chma aloqa moslamasi ustida tadqiqot olib borgan.

Tarixchi Gudrun Stensen "ehtimol, Kammlerning markazidagi chizmalarsiz ayfonlar bo‘lmagan bo‘larmidi. Odatiy ko‘rinishdagi uyali telefonni yaratish esa kam deganda 100 yil orqaga cho‘zilgan bo‘lardi", deya ta’kidlaydi.

Georgiy ZOTOV

Rus tilidan Azizbek NOROV tarjimasi.