Madaniyat 05.04.2019 121

"GRAN-PRI" SOHIBIGA 7 MING AQSH DOLLARI PUL MUKOFOTI BERILADI

Xalqaro baxshichilik san’ati festivali

Bugun Surxondaryo viloyati Termiz shahrida I Xalqaro baxshichilik san’ati festivali boshlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018- yil 1-noyabrdagi "Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida"gi qaroriga asosan tashkil etilgan  bu tadbir doirasida xorijiy va O‘zbekiston baxshichilik san’ati ustalarining yakka konsertlari, baxshi-shoir, oqin va jirovlar hamda folklor jamoalarining xalqaro ko‘rik-tanlovi, sayillar, yurtimizning dunyoga mashhur shaxslari hayoti va ijodiy faoliyati haqida zamonaviy usulda sahnalashtirilgan dastur namoyishlari, baxshichilik san’ati tarixiga oid ko‘rgazma, o‘zbek, fors, arab, ingliz va rus tillarida nashr etilgan ilmiy-tadqiqot asarlari hamda ilmiy-ma’rifiy adabiyotlar namoyish etiladi.

Festivalda 120 kishilik viloyatimiz delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda. Jumladan, O‘zbekiston xalq baxshilari - Qahhor va Abdimurod Rahimovlar, Ochil Chorshanbiyev hamda Maxmatmurod Rajabov ko‘p yillik an’anaga sodiq qolgan holda dostonlar kuylaydi. Shuningdek, ustozlari izidan borayotgan Chiroqchi baxshichilik maktabi  namoyondasi Sanjar Cho‘bayev, nishonlik Bobosher Mingliyev hamda Murod Aliqulov ham o‘z iste’dodini ko‘rsatishadi.

Shuningdek, xalqaro festivalda viloyatimizning "Rizvongul" hamda "Momogul" folklor-etnografik xalq ansambllari, raqqosalar jamoasi hududimizning o‘ziga xos dasturlari, viloyatning barcha shahar va tumanlarida faoliyat ko‘rsatayotgan hunarmandlar kashtachilik, gilamchilik, kulolchilik, musiqa asboblari yasash ustalarining o‘ziga xos ko‘rgazmalari bilan qatnashmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi viloyat bo‘limi ijodkorlari tomonidan tayyorlangan 15 ta o‘tov, qadimiy Oqsaroy majmuasining katta hajmdagi ramziy maketi hamda qadimiy an’analar, urf-odatlarni aks ettiruvchi badiiy va amaliy ko‘rgazmalari maydonga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlashi, xorijlik mehmonlarni qiziqtirishi shubhasiz.

Festival davomida viloyatimiz mohir oshpazlari tomonidan tandir go‘shti, osh, yaxna, ko‘k somsalar va boshqa milliy taomlar tayyorlanadi.

Qarorga ko‘ra, ko‘rik-tanlov g‘oliblarini taqdirlashda tashkiliy qo‘mita tomonidan tayyorlangan diplom, statuetka va "Gran-pri"  uchun 7 ming AQSH dollari, I o‘rin (har bir yo‘nalish bo‘yicha) uchun 2 ta 5000 ming dollardan, II o‘rin (har bir yo‘nalish bo‘yicha) uchun 2 ta 3500 dollardan, III o‘rin (har bir yo‘nalish bo‘yicha) uchun 2 ta 2500 dollardan pul mukofotlari taqdim etiladi.

Festival 10 aprelga qadar davom etadi.

Ta’kidlash joiz, ushbu tadbir har ikki yilda bir marta, Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida o‘tkaziladi.

  S.ALLAYOROVA

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.