Madaniyat 26.03.2019 31

"HALIMA"DAN "O‘RIK GULLARI"GACHA 87 YIL

27- mart - Xalqaro teatr kuni

"HALIMA"DAN "O‘RIK GULLARI"GACHA 87 YIL

An’anaga ko‘ra, har yili 27- mart - Xalqaro teatr kuni dunyo bo‘yicha (World Theatre Day) "Teatr - xalqlar o‘rtasidagi hamjihatlik va tinchlikni mustahkamlash vositasi" shiori ostida keng nishonlanadi. Bu g‘oya ilk marotaba 1961-yilda Xalqaro teatr institutining IX kongressida ilgari surilgan va dunyoning 100 dan oshiq davlati uni qo‘llab-quvvatlagan. 

Aslida teatr tarixi qadim zamonlarga, ilk teatr namoyishi eramizgacha bo‘lgan 2500-yilga borib taqaladi. Ilk tomoshalar Misrda qo‘yilgan bo‘lsa, qadimgi Yunoniston va Rimda shuhrat topdi. G‘arbiy Yevropa davlatlarida bu san’at turi Molyer kabi tili o‘tkir satiriklarning komediyalariyu SHekspir kabi daho fojianavislarning tragediyalari tufayli kishilar ongiga singdi.

"QIZIQ" YOKI "MASXARA"DAN AKTYORLARGACHA...

Yurtimizda teatr san’atining ilk kurtaklari qadimiy chodirxayol tomoshalari, xalq orasida "qiziq" yoki "masxara" nomi bilan tanilgan artistlar tomonidan to‘y-sayillarda, podsholar saroyida qo‘yilgan sahnaviy ko‘rinishlarga borib taqaladi. XIX asr oxiri - XX asr boshlariga kelib, O‘zbekistonda teatr jadidlar uchun o‘z g‘oyalarini xalq ongiga tushunarli va ta’sirchan usulda yetkazish vositasiga aylandi. Bir vaqtning o‘zida ko‘pchilikka ta’sir qiluvchi san’atning bu turi rivojida Behbudiy, Avloniy, Fitrat, Munavvarqori singari allomalarning hissasi katta. Behbudiy qalamiga mansub "Padarkush" dramasining sahnalashtirilishi esa o‘sha davrdagi eng katta hodisalardan biri bo‘lgan.

Bugun esa respublikamizda 40 ga yaqin professional davlat teatrlari faoliyat ko‘rsatayotir. Ularda ming-minglab mutaxassislar ishlashadi. Jumladan, ular orasida viloyat musiqali drama teatri ham o‘z o‘rni va mavqeiga ega.

TANBURIYDAN QOLGAN YODGORLIK

Ushbu dargoh shakllanishida Qarshi shahrilik mashhur musiqachi va soz ustasi Abdulla Qodirov - Tanburiyning hissasi katta. Uning tashabbusi bilan o‘tgan asr 30-yillari boshida Qarshi va Shahrisabz yoshlarini birlashtirgan havaskorlik to‘garagi tashkil etiladi. 1932-yil 2-avgustda esa Qarshi-Shahrisabz havaskorlik jamoalari negizida teatr tashkil etildi. 1936-yildan davlat teatri maqomini olgan muassasaga 1943-yilda O‘zbekiston xalq hofizi Mullato‘ychi Toshmuhammedov nomi berildi. Sahnada ilk bor "Halima" spektakli sahnalashtirilgan bo‘lsa, o‘tgan 80 yildan ziyod davr mobaynida ko‘plab asarlar tomoshabinlar e’tiboriga havola qilindi.

Ikkinchi jahon urushi yillarida ham aktyor, ham rejissor, sozanda, xonanda sifatida faoliyat yuritgan Bahrom Kamolov rahbarligida Ikroma Boltayeva, Muhtarama Nosirova, Majid Mamatov singari aktyorlar tomonidan sahnalashtirilgan "Farhod va Shirin", "Tohir va Zuhra", "Layli va Majnun", "Alpomish", "Nurxon", "Gulsara" kabi asarlar teatrning katta yutug‘i bo‘ldi. Sal o‘tib, "Otello", "Ravshan va Zulxumor", "Oshiq G‘arib va Shohsanam", "Gulisiyoh" kabi spektakllar qo‘yildi. 60-yillarda Odiljon Ismoilov, Lola Xoliqulova, Omon Beganjiyev, Yo‘ldoshali Rahimov kabi san’at oliygohlarini tamomlagan bir guruh yoshlar tomonidan teatrda yangi ijodiy muhit yaraldi. Natijada "Toshbolta oshiq", "Maysaraning ishi", "Jon qizlar", "Oltin devor", "O‘jarlar", "G‘ariblar", "Zo‘raki tabib", "Kelinlar qo‘zg‘oloni", "Suqrot" kabi asarlar sahna yuzini ko‘rdi.

Keyingi avlod vakillari Isoq To‘rayev, Erkin Shodiyev, Sa’dulla Qoraboyev, Oygul Xalilova, Ra’no Mustafoyeva, Qurbon Berdiyev kabi mahoratli kadrlarning kino va teatr san’ati sohasiga qo‘shayotgan hissalari beqiyos.

ORTGA BIR NAZAR...

Jamoaning yaqin o‘tmishdagi faoliyatiga nazar tashlansa, xalqaro va respublika miqyosidagi ko‘rik-tanlovlarda erishgan yutuqlari ko‘zga tashlanadi. Jumladan,   "Debyut-2010" Respublika yosh rejissorlarining III ko‘rik-festivalida Farhod Boynazarov sahnalashtirgan, Anvar Obidjon qalamiga mansub "Qo‘ng‘iroqli aldoqchi" musiqali ertak-tomoshasi Gran-pri sovriniga, xuddi shu tadbirning 2012- yildagi IV ko‘rik-festivalida yosh rejissor Orif Mamatov Tavfiq al-Hakim asari asosidagi "Bexato otilgan o‘q" spektakli uchun    "Aktyorlar bilan ishlash mahorati" nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Shuningdek, rejissor Akbar Berdiyev sahnalashtirgan, Nafas Shodmonov asari asosidagi "Yurt qadri" spektakli "Aktyor bilan ishlash mahorati" nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Jamoa 2011-2012-yillarda rejissor Avliyoquli Xo‘jaquliyev tomonidan sahnalashtirilgan "Layli va Majnun" milliy musiqali dramasi va Akbar Berdiyev sahnalashtirgan "Bobomning orzusi" musiqali folklor tomoshalari bilan xalqaro teatr festivallarida faol ishtirok etdi. 2015-yilda "Seni kuylaymiz, zamondosh" Respublika 3-teatr festivalida jamoa rejissor Farhod Jumayev sahnalashtirgan "Orolbobo" spektakli bilan ishtirok etib, 1-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Shuningdek, "Qo‘ng‘iroqli aldoqchi" ertak-tomoshasi, "Najot darvozasi" kabi spektakllar respublika miqyosida e’tirof etildi.

O‘tgan davr mobaynida jamoa a’zolari mehnati evaziga ko‘plab sahna asarlari tayyorlandi. Jumladan, Chingiz Aytmatov qalamiga mansub "Jamila", "Oq kema" asarlari, Abdulla Avloniyning "Advokatlik osonmi?",  Nafas Shodmonovning "Najot darvozasi", Nurullo Abbosxonning "Bog‘bon qiz", Abdulla Qahhorning "Ayajonlarim" pyesalari, Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan adibning "Ikkinchi tumor" asari, Nafas Shodmonov va Isoq To‘rayev hamkorligidagi "Oqsaroy" spektakli, yosh rejissor Akbar Berdiyev tomonidan Sofoklning "Shoh Edip" fojiasi sahnalashtirildi. 

Xalqaro teatr kuni arafasida, ya’ni 21-27-mart kunlari jamoa tomoshabinlarga bepul tuhfa tayyorladi. Dastlab, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov tavallud kuni munosabati bilan "Jannatga yo‘l" spektakli, so‘ng "Jamila", "Oq kema", "Advokatlik osonmi?", "Bog‘bon qiz", "Kampir topaymi?", "Xazina" ijro etilmoqda.

Ayni paytda jamoa joriy yil uchun rejalashtirilgan spektakllar ustida ham qizg‘in ish olib bormoqda. Shu paytgacha, "Nodirabegim", "Ot yig‘lagan tomonda" spektakllari sahnalashtirildi. Oldinda yangi taqdimotlar bor.

Shu o‘rinda Behbudiyning "Teatr - bu ibratxonadur..." degan gapini esga olish joiz. Insoniyatning ilg‘or fikrli vakillari bu ibratxonani juda qadimdanoq kashf qilishgan va uning darsi asrlar osha hamon eng ta’sirli saboq bo‘lib kelayotir. Shunday ekan, teatr madaniyat o‘chog‘i, tarbiya vositasi bo‘lib xizmat qilaveradi.  

Sojida ALLAYOROVA tayyorladi.