Iqtisodiyot 27.09.2019 30

HAM KASB-HUNAR, HAM BIZNES YURITISHNI O‘RGANISHADI

Ijtimoiy sheriklik

Metallga ishlov berish, mebel ta’mirlash va yasash, santexnika ishlari - Chiroqchi tumanida ishsiz yoshlarga ana shu uchta yo‘nalish bo‘yicha kasb-hunar o‘rgatish va ularni ijtimoiy faollikka yo‘naltirish uchun bepul o‘quv kurslari tashkil etildi.

"Yuksalish" axborot-maslahat resurs markazi tomonidan tumandagi transport kasb-xunar kollejida ochilgan bu o‘quv kurslari viloyat hokimligining davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida amalga oshirilayotgan muhim ijtimoiy ahamiyatga molik loyiha doirasida faoliyat boshlagan. Ilgari xabar berganimizdek, "Yoshlarni tadbirkorlik sohasiga keng jalb qilish - yoshlar bandligini ta’minlashda muhim omildir" deb nomlangan mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining moliyaviy ko‘magi bilan hayotga tatbiq etilmoqda.

-Qisqa muddatli (2-3 oylik) bu bepul o‘quv kurslarida ishsiz yoshlar mehnat bozorida talab ancha yuqori bo‘lgan kasblarni o‘zlashtirish barobarida biznes yuritish ko‘nikmalariga ham ega bo‘lishadi, shuningdek, ularga o‘z ishini boshlash uchun amaliy yordam ko‘rsatiladi, -  deydi "Yuksalish" axborot-maslahat resurs markazi direktori Zulfiya Haydarova. - Loyiha doirasida birgina Chiroqchi tumanida 120 nafar (har bir yo‘nalish bo‘yicha 40 nafardan) ishsiz yoshni o‘qitish va barchasiga tegishli sertifikatlar berish nazarda tutilgan. Ishonchimiz komilki, bitiruvchilarimiz yaqin vaqt ichida malakali ishchi va yosh tadbirkorlar sifatida mehnat bozorida o‘z o‘rnini egallab, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishadi.

Bepul o‘quv kurslarini tashkil etish uchun loyiha doirasida Chiroqchi transport kasb-hunar kolleji binosidan xonalar ajratilgan.  Ishsiz yoshlar - maqsadli guruhlar a’zolarini o‘qitishga malakali amaliyotchi-mutaxassislar, trenerlar, tajribali tadbirkorlar jalb qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan ajratilgan mablag‘ hisobidan o‘quv-ishlab chiqarish xonalari uskunalar va materiallar bilan ta’minlandi.

- Metallga ishlov berish yo‘nalishini oladigan bo‘lsak, yoshlarni kasbga o‘rgatish uchun nomdor kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan elektr payvandlash apparatlari, temirni kesish, teshish va silliqlash, qolaversa, tayyor mahsulotni bo‘yash uchun mo‘ljallangan asbob-uskunalar, turli instrumentlar, himoyalash qalqonlari hamda elektrodlar va xom ashyo hozirlab qo‘yilgan, - deya ta’kidlaydi loyihaning Chiroqchi tumanidagi koordinatori Safar Do‘smatov. - Huddi shunday boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ham uskuna va jihozlar, sarf materiallari jamlamalari keltirilgan. Yana bir muhim jihati - tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan o‘quv kursi tinglovchilariga stipendiya, ularga ustozlik qilayotgan mutaxassislarga esa maosh to‘lab boriladi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, mazkur loyiha Qashqadaryodagi nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida amalga oshirilayotgan dastlabki tashabbusdir. Uni ro‘yobga chiqarishda viloyat va tuman hokimliklari, xotin-qizlar qo‘mitalari, viloyat bandlik bosh boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, "Hunarmand" uyushmasi hamda yana ko‘plab hamkor tashkilotlar ishtirok etmoqda.

Loyihaning yakuniy bosqichida mazkur o‘quv kurslari negizida eksperimental mahalliy rivojlanish markazini tashkil etib, unda ishsiz yoshlarga mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarni o‘rgatish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, biznesni yuritishga doir bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish bo‘yicha doimiy faoliyat olib borish nazarda tutilgan.

O‘quv kurslarining tantanali ochilish marosimi   doirasida loyihani ijtimoiy sheriklik tamoyillari asosida bajarayotgan hamkor tashkilotlarning vakillari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.

Botir TEMIROV