Jarayon 16.07.2019 60

HAM REABILITATSIYA MARKAZI, HAM MAKTABGACHA TA’LIM MUASSASASI

Hamkorlik qirralari

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi va "LUKOYL Uzbekistan Opereyting Kompani" MCHJ hamkorligida amalga oshirilayotgan loyiha doirasida yaqin vaqt ichida yurtimizda 3 ta yangi ixtisoslashgan maktabgacha ta’lim tashkiloti (MTT) quriladi. Imkoniyati cheklangan bolalar uchun reabilitatsiya markaziga ega bunday muassasalardan bittasi Qashqadaryoda barpo etilib, 150 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘ladi.

Maktabgacha ta’lim vazirligining xabariga ko‘ra, loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi bitim shu oyning boshida Nukus shahrida, "Imkon" reabilitatsiya markaziga ega  birinchi ixtisoslashgan MTTda imzolandi. Mazkur hujjatga asosan yangi ixtisoslashgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari Buxoro shahrida (250 o‘rin), Qarshi shahrida (150 o‘rin) va Toshkent viloyatida (150 o‘rin) quriladi.

- Buxorodagi MTT umumiy turdagi tashkilot, yana ikkita MTT esa reabilitatsiya markazlariga ega bo‘lgan ko‘p tarmoqli ixtisoslashgan tashkilotlar bo‘ladi, - dedi Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin. - Bu reabilitatsiya markazlari, tarbiyalanuvchilardan tashqari, har yili sog‘lomlashtirish muolajalariga muhtoj 5-7 ming nafar bolani qabul qiladi.

Vazirlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Qarshi shahri va Toshkent viloyatidagi loyihalar uchun Nukusdagi "Imkon" reabilitatsiya markaziga ega ixtisoslashgan MTT prototip (namuna) bo‘lib xizmat qiladi. Loyihada jismoniy va aqliy rivojlanishi o‘ziga xos bolalar uchun maktabgacha ta’lim va tibbiyot muassasalari birlashtirilgan. Yangi MTTda zamonaviy davolash-fizkultura va fizioterapiya zallari,  massaj, sensor, mayda motorikani rivojlantirish, ijtimoiy-maishiy adaptatsiya, musiqa va art-terapiya xonalari, shuningdek, vrachlarning kabinetlari joylashadi.

"LUKOYL" Uzbekistan Opereyting Kompani" MCHJ bosh direktori Stepan Gurjiyning gaplariga qaraganda, uchta ixtisoslashgan maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilishi loyihasiga 12 million AQSH dollari yo‘naltirish rejalashtirilmoqda.

O‘z muxbirimiz