Jamiyat 10.09.2019 27

HAMKORLIKKA OID KELISHUV IMZOLANDI

Qashqadaryo va dunyo

Viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev Hindiston xalqaro biznes palatasi rahbari Manprit Singh Nagini qabul qildi. Uchrashuvda mamlakatimizda yaratilgan biznes muhiti, xorijiy hamkorlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, hind ishbilarmonlarini vohada tadbirkorlik faoliyati yuritishga jalb etish masalalarida muloqot qilindi.  

Sir emas, ayrim yurtdoshlarimiz turli kasalliklarni davolash, murakkab jarrohlik amaliyotlariga ehtiyoj bo‘lganda chet el klinikalariga, ko‘p hollarda esa hind tibbiyoti mutaxassislariga murojaat qilishni afzal bilishadi. Shuningdek, Hindiston tibbiyot vositalari, dori-darmonlar ishlab chiqarish yo‘nalishida dunyoda katta mavqega ega.

Uchrashuvda ana shu sohalarda hamkorlik qilish borasida ham muzokaralar o‘tkazildi.  

- Qashqadaryo boy nabotot dunyosiga ega, - dedi hokim. - Farmatsevtikada muhim xom ashyo sanaladigan yuzlab turdagi dorivor giyohlar, shifobaxsh o‘simliklar bizda tabiiy holatda o‘sadi. Ularni yig‘ib-terib olish, qayta ishlash bo‘yicha qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, vohada xususiy tibbiyot muassasalari faoliyati ham yaxshi rivojlanayapti. Ana shu sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘ysak, Hindistonning nomdor klinikalari filiallarini, dori-darmonlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalari tarmoqlarini shu yerda ochsak, har ikkala tomon uchun ham manfaatli bo‘lishiga ishonaman.

Muloqot davomida Manprit Singh Nagi janoblari samimiy qabul uchun o‘z minnatdorligini bildirgan holda O‘zbekiston, xususan, Qashqadaryo zamini hind tadbirkorlari uchun investitsion jozibador biznes maydoni sanalishini, hozirda bu yerda tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga, qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga  qiziqish yuqoriligini qayd etdi. Ushbu muloqot esa bu boradagi ishlarni jonlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida viloyat hokimi va Hindiston xalqaro biznes palatasi rahbari o‘zaro hamkorlikka oid ikki tomonlama kelishuvni imzoladi.

O‘z muxbirimiz