Tibbiyot 11.06.2019 50

HAMMA UCHUN XAVFSIZ QON

14-iyun - Butunjahon donorlar kuni

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, barcha davlatlarda qonga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq ta’minlash uchun har 1000 kishiga 40-60 nafardan donor to‘g‘ri kelishi lozim. Mamlakatimizda esa bu ko‘rsatkich hozircha 4-5 nafarni tashkil etadi, xolos. Aynan shu bois  bugun beg‘araz donorlar safini kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarning izchilligini ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda.

Tibbiyotda ma’lumki, qon, uning komponentlari va preparatlari (plazma, eritrotsitlar, trombotsitlar, albumin va immunoglobulinlar) inson hayoti xavf ostida qolganda quyiladi. Shuningdek, qon tizimi kasalliklarida (og‘ir darajali kamqonliklarda, leykoz, ya’ni "oqqon" xastaligida, qon ivish tizimi buzilishi kasalliklari, ya’ni, gemofiliya kasalligi, koagulopatiyalar), saraton kasalliklarida, patologiyali og‘ir kechadigan tug‘ruqlarda, operatsiyalarda, og‘ir darajali kuyishlarda va turli xil favquloddagi holatlarda asqatadi. Bunday holatda kerakli miqdordagi qonni topish uchun sog‘lom insonlarni doimiy, beg‘araz qon donorligiga jalb etish lozim.

Birinchi bo‘lib qon guruhlarini aniqlagan olim Karl Landshteyner  sharafiga u tug‘ilgan sana – 14-iyunda nishonlanadigan  Butunjahon donorlar kuni donorlar, shuningdek, ular xizmatidan foydalanuvchilar uchun bayram. Bu kuni butun dunyoda, o‘zidagi eng qimmatli narsasi - o‘z qonini  beg‘araz topshiruvchi insonlar qadrlanadi.

- Tibbiyot sohasi tobora rivojlanib borayotgani sayin shifo maskanlarida ko‘plab murakkab operatsiyalar amalga oshirilmoqda, - deydi  viloyat qon xizmati markazi qon va qon mahsulotlari tayyorlash bo‘limi boshlig‘i Malik Nuriyev. - Jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli bajarish uchun esa, tabiiyki, ko‘p miqdorda qon kerak. Shu sababli markazimizda topshirilgan qon avvalo muayyan tartib-qoidalarga rioya etilgan holda, maxsus jihozlangan xonalarda olinadi. Uni topshirishdan avval donor shifokor nazorati, tibbiy ko‘rik va mutaxassis suhbatidan o‘tkaziladi. Shundan so‘ng u donorlikka loyiq, deb topilsa, qon topshirishi mumkin. Qon berish inson salomatligi uchun juda foydali amaliyot sanaladi. Ya’ni donorlik gipertoniya xastaligining oldini olish va davolash, organizmda moddalar almashinuvini yaxshilash hamda immun tizimini   mustahkamlashga sezilarli darajada ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Darhaqiqat, qon topshirishning foydasi, ijtimoiy ahamiyati keng targ‘ib qilinishi ortidan donorlar soni ham ortib bormoqda. Viloyatimizda 2017-yilda 8600 nafar donor qon topshirgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2018-yilda 10 ming 700  nafarni tashkil etdi. 2018-yilda viloyat qon xizmati markazi III darajali qon  qo‘yish  markazi nomini oldi.

- Bizda bir yilda 25 ming nafar donordan qon olish va uni qayta ishlash imkoniyati mavjud bo‘lib, viloyatimiz tumanlarida 19 ta qon quyish bo‘limlari faoliyat ko‘rsatmoqda, - deydi Malik Nuriyev. - Markazimizda qon olish, qon tayyorlash va uni bemorlarga quyishning zamonaviy tizimi yaratilgan bo‘lib, bu ish eng zamonaviy texnologiyalar yordamida, malakali mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi. 

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo aholisining 40 foizi kamqonlikdan aziyat chekmoqda. Mana shunday insonlarga ozgina bo‘lsa-da yordam ko‘rsatish  maqsadida har yili iyun - beg‘araz donorlik oyi deb e’lon qilinadi. Mazkur oylikda barcha sog‘lom insonlar beg‘araz donorlar safiga qo‘shilib, qonga muhtoj bemorlar hayotini saqlab qolish bilan birga favqulodda holatlar uchun qon zaxirasini tashkil qilishga o‘z hissalarini qo‘shishlari mumkin. Chunki mazkur tadbir chog‘ida tayyorlangan qon mahsulotlari shifoxonalarda davolanayotgan va hayoti xavf ostida qolgan og‘ir bemorlarning hayotini saqlab qolish uchun ajratiladi.

Har yilgi an’anaga muvofiq, mamlakatimizda bu yilgi Butunjahon donorlar kuni "Hamma uchun xavfsiz qon" shiori ostida o‘tkazilmoqda. Xususan, shu kuni joylarda ushbu sanaga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjumanlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, forum va muloqotlar o‘tkaziladi. Bulardan ko‘zlangan asosiy maqsad, saxovatpesha yurtdoshlarimizning ezgulik yo‘lidagi xayrli tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, yoshlarimizda insoniylikka xos go‘zal fazilatlarni qaror toptirishdir.

Shohista BOZOROVA

Sobir NARZIYEV  olgan suratlar.