Tibbiyot 09.05.2019 171

HAMSHIRA MAS’ULIYATI

12-may - Xalqaro hamshiralar kuni

HAMSHIRA MAS’ULIYATI

aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishda muhim o‘rin tutadi

Hamshira haqida so‘z ketarkan, tibbiyotning turli bo‘g‘inida kunni tunga ulab ishlayotgan xodimlar ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Tibbiy-ilmiy markazlardan tortib oilaviy poliklinikalar, qishloq vrachlik punktlarigacha tibbiy maslahat yoki ko‘mak so‘rab kelgan insonga eng avvalo ular peshvoz chiqadi. Bugun viloyatimizda 33 ming 900 nafar hamshira el sog‘lig‘ini asrash yo‘lida xizmat qilmoqda.

- Aholiga malakali tibbiy yordamni tashkil etish uchun, avvalo, hamshiralarning bilimi, malakasini oshirish, kasbiy mahoratini yuksaltirish, o‘z ishiga mas’uliyatini kuchaytirish muhim ahamiyatga ega, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash  boshqarmasi bosh hamshirasi Yelena Parembo. - Shundan kelib chiqib, tibbiyot institutlari qoshida anesteziologiya va reanimatsiya, xirurgiya, akusherlik va menejment yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ma’lumotli hamshiralarni tayyorlash bo‘limlari ochildi va unda 56 nafar hamshiralarimiz ta’lim oldi. Ular ayni paytda barcha muolajalarni bajarib,  yangi texnologiyalar bilan mukammal ishlaydi, bemorning ahvoliga baho berib, kasallik belgilari asosida hamshira tashxisi qo‘yadi, bemor muammosi bo‘yicha  mustaqil reja tuzib ishlay oladi. Kelgusida bunday malakali hamshiralar sonini oshirib borish maqsad qilingan.

Shu o‘rinda aholini maqsadli patronaj bilan qamrab olish, tibbiy madaniyatni oshirish hamda oila va ta’lim muassasalarida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida har bir mahallada jamoatchilik asosida "Salomatlik maktablari" tashkil etilganini ham ta’kidlash joiz.

- Oilalarga o‘rta tibbiyot xodimining qatnovi ko‘paygani sari xonadon a’zolarining o‘z salomatligiga e’tibori kuchayishi kuzatilmoqda, - deydi Qarshi tumanidagi O‘zbekiston mustaqilligi qishloq vrachlik punkti patronaj hamshirasi Zuhra Sanayeva. - Mehnat faoliyatimga 33 yil bo‘lgan bo‘lsa, shuning 22 yili patronaj xizmatida o‘tayapti. Hududimdagi Mevazor mahallasi Navro‘z qo‘rg‘onida 162 xonadonda 890 kishi istiqomat qiladi. Reja asosida xonadonma-xonadon yurib, aholi sog‘lig‘ini nazorat qilib boramiz. Odamlarning salomatligidan shikoyati bo‘lmasa, bizga bildirilgan ishonchni oqlagan bo‘lamiz. Bunga  "Yilning eng yaxshi patronaj hamshirasi" ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida g‘olib chiqqanimda, yana bir bor amin bo‘ldim.

Shohista BOZOROVA