So'nggi yangiliklar 31.05.2019 103

HAR BIR FARZANDGA MEHR-E’TIBOR!

1-iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni

1-iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan yurtimizda muntazam ravishda “Har bir farzandga mehr-e’tibor!” mavzusida haftalik tashkil etiladi. Unda tegishli davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda turli tadbirlar, tantanalar tashkil etiladi, qiziqarli teatrlashgan tomoshalar, konsert dasturlari, ijodiy ko‘rgazmalar, sport musobaqalari va ommaviy sayillar uyushtiriladi. Shunday tadbir Qamashi tumanidagi 4-Mehribonlik uyida ham  tashkil etildi.

- Muassasamizda ayni paytda 114 bola tarbiyalanayapti, - deydi Mehribonlik uyi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Ro‘ziboy Abdiyev. –  “Mohir qo‘llar”, kashtachilik, rassomchilik kabi  to‘garaklar tashkil etilgan. Barcha sport anjomlari bilan jihozlangan sport to‘garaklari ishlab turibdi. Bundan unumli foydalanayotgan iqtidorli bolalar viloyat, respublika ko‘rik-tanlovlarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritmoqda.

- Bu yerda vaqtimiz qanday o‘tganini bilmaymiz, - deydi tarbiyalanuvchi Chehroza Qahramonova. – Bolalarning biri akam, biri opam, biri singlim, biri ukamdek bo‘lib qolgan. Tarbiyachilarimizni esa o‘z onamizdek bilamiz. Bo‘sh vaqtlarimizda kitob o‘qiymiz, televizor ko‘ramiz, kompyuterda ishlaymiz. 9-sinfni tugatdim. Dizaynerlikka juda qiziqaman. Rassomchilik bo‘yicha respublika ko‘rik-tanlovlarida yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelayapman. Bugungi tadbir juda mazmunli o‘tdi, hamma o‘z iqtidorini namoyish etdi.

Tadbir bir piyola choy ustida konsert dasturi bilan davom etib, bolajonlarga bayram sovg‘alari topshirildi.

SH.BOZOROVA