Ma'naviyat 30.08.2019 36

HAR BIR OILANING SAODATI VA IZZATI SHU XALQNING ICHKI INTIZOMI VA TOTUVLIGIGA BOG‘LIQ

Mutolaa uchun tavsiya

Oilaviy munosabatlarga oid kitoblar orasida Abdurauf Fitratning 1914 yilda yozilgan "Oila" asari muhim o‘rin tutadi.

O‘rta Osiyo jadidchilik harakatining mashhur vakillaridan biri Abdurauf Abdurahmon o‘g‘li Fitrat 1886-yilda Buxoroda tug‘ilgan. Abdulla Qodiriy, Behbudiy, Cho‘lpon, Fayzulla Xo‘jayev, Botu kabi xalqimizning asl farzandlari bilan zamondosh bo‘lgan. Millat va til  qayg‘usi, hurlik va erkka oid o‘lmas g‘oyalari uchun qatag‘on qilinib, 1938-yilda otib tashlangan.

Fitrat 1917-yilgi inqilobdan keyin "Hurriyat" gazetasini tashkil etgan. Ma’lum muddat Buxoro xalq jumhuriyatida maorif xalq noziri sifatida ishlab, so‘ngra Moskva Sharq tillari institutida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullangan. Uning "Munozara", "Yurt qayg‘usi", "O‘g‘izxon", "Abulfayzxon", "Abo Muslim", "Temur sag‘anasi" kabi asarlari diqqatga sazovor. Bu asarlarda Turkistonni va turkistonliklarni ozod ko‘rish, xalqni ilmli va ma’rifatli qilish orqali taraqqiyotga erishish mumkinligi targ‘ib qilingan.

"Oila" - yosh avlod uchun hayotiy qo‘llanma bo‘lish bilan birga, millatni ozod, ilmli, axloqli va ma’naviyatli bo‘lishga undovchi asardir. Muallifning fikricha, oila asosini to‘g‘ri qurmasdan va yosh avlodni to‘g‘ri yo‘lda tarbiyalamasdan turib jamiyatni taraqqiy ettirib bo‘lmaydi: "Har bir oilaning saodati va izzati shu xalqning ichki intizomi va totuvligiga bog‘liq. Tinchlik va totuvlik esa millat oilalarining intizomiga tayanadi, mamlakat va millatlar ham shuncha kuchli bo‘ladi. Agarda bir mamlakatning aholisi axloqsiz va johillik bilan oilaviy munosabatlarni zaiflashtirib yuborsa va intizomsizlikka yo‘l qo‘ysa, shunda bu millatning saodati va hayoti shubha ostida qoladi".

Fitrat har jihatdan sog‘lom oila yetishtirgan farzandlargina millatni yuksakka ko‘tara olishini, uni istibdoddan qutqarishini ko‘p bora ta’kidlaydi.

Asarning birinchi qismi uylanish va uylanmaslik, uylanmoq zarur bo‘lganda qanday xotinni tanlash, bo‘lajak er-xotin birinchi navbatda nimalarga ahamiyat berishi, mahr va to‘y qanday bo‘lishi, oilaning maishati va idorasi, iffat va mo‘minlik, murosayu madora, taloq va homiladorlik davri masalalariga bag‘ishlangan. Ikkinchi qismda farzand, badan tarbiyasi, aqliy, axloqiy tarbiya, maktab, qizlar ham ilm olishlari kerakligi, ota-onaning haqqi, yetimlar, xizmatkorlar huquqlari yoritilgan.

Fitrat millat kamchiligi sifatida iqtisodiy savodsizlikni qoralaydi. Millatimiz vakillari butun umr yiqqan mol-dunyosini bir kunlik to‘yga sarflashini, qayerdagi bemaza orzu-havaslarga berilib isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘yishini qattiq tanqid qiladi. To‘yni kichik davrada isrofgarchiliksiz o‘tkazib, undan qolgan mablag‘ni yoshlarning ilm olishlariga, sog‘lig‘iga sarflash foydali ekani uqtiriladi.

Ilmli va tarbiya ko‘rgan ayollar erlariga har tomonlama madadkor bo‘lishi, bolani irodali qilib tarbiyalashda ota-onaning zo‘ri emas, balki bolaga beriladigan muayyan erkinlik muhim ekani qayd etiladi.

Nazarimda Fitratning "Xalqning harakat qilishi, davlatmand bo‘lishi, baxtli bo‘lib izzat hurmat topishi, jahongir bo‘lishi, zaif bo‘lib xorlikka tushishi, faqirlik jomasini kiyib, baxtsizlik yukini tortib e’tibordan qolishi, o‘zgalarga tobe, qul va asir bo‘lishi bolalikdan o‘z ota-onalaridan olgan tarbiyalariga bog‘liq...", degan fikrlari har bir yurtdoshimiz qalbida jaranglab turishi kerak.

Abdishukur OMONOV