Tibbiyot 01.12.2018 237

HAR DAQIQADA 5 KISHI OIV INFEKSIYASI YUQTIRADI

Bugun - Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni

HAR DAQIQADA 5 KISHI OIV INFEKSIYASI YUQTIRADI

BMT ma’lumotiga ko‘ra, OITS Yer yuzida istiqomat qilayotgan 37 milliondan ortiq bemorni o‘z iskanjasiga olgan. Achinarlisi, har yili 2,7 million odam OIV/OITS virusini yuqtiradi, epidemiya tufayli yiliga 2 million kishi hayot bilan vidolashadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha bir kunda 7000, bir soatda 300, har daqiqada 5 kishi OIV infeksiyasini yuqtiradi.

OIV nima?

OIV - odam immuntanqisligi virusi bo‘lib, u qondagi limfotsitlarni yemiradi. Limfotsitlar organizmga yot bo‘lgan kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroorganizm (bakteriya, virus, zamburug‘)larni aniqlab, ularni parchalab tashlash, zararsizlantirish vazifasini bajaradi. Shuning  hisobiga kasallikka chalinmaymiz, chalinsak ham tez sog‘ayamiz.

Bu nimaga olib keladi?

Qonda limfotsitlarning kamayishi organizm himoya tizimining kuchsizlanib borishiga olib keladi.

OIV yuqishi OITS kasalligining boshlanishi degani emas. Virus organizmga tushgandan keyin 5-10 yil yashirin yashashi, bu davr ichida kasallik belgilari yuzaga chiqmasligi, odam o‘zini sog‘lom his qilishi mumkin. Kasallikning yashirin davri atrofdagilar uchun xavfli bo‘lib, odam bilib-bilmay virusni boshqalarga yuqtirishi ehtimoli katta.

OITS nima?

OITS - orttirilgan immun tanqisligi sindromi - OIV infeksiyasining kasalliklar rivojlanadigan so‘nggi davri hisoblanadi. Sog‘lom odamlarga qaraganda OIV yuqqanlarda o‘pka sili rivojlanish xavfi yuqoriroq bo‘ladi. Shunday mikroorganizmlar mavjudki, ular sog‘lom odam uchun hech qanday xavf tug‘dirmaydi. OIV yuqqanda esa, hatto shu mikroorganizmlar ham kasalliklarni yuzaga keltirishi mumkin. Pnevmotsistli zotiljam, Kaposhi sarkomasi (terining o‘sma kasalligi) kabi kam uchraydigan kasalliklar shular jumlasiga kiradi. Ular oxir-oqibat o‘limga olib keladi.

Tarixi

OIV/OITS virusi Afrikada ayrim donorlarning qonida 1970-yillar boshida qayd etilgan, 1976-yilda esa donor-negr ayolda topilgan. Keyinchalik bunday muammolar 1981-yilda AQShning Atlanta shahridagi kasalliklarni nazorat qiluvchi markazda yangi xastalik sifatida ro‘yxatga olingan va unga OITS deb nom berilgan.

OIVni topgani uchun fransuz olimi Lyuk Montanye oradan 25 yil o‘tib 2008-yilda Nobel mukofotiga munosib topilgan. Ya’ni olim 1983-yilda kasal erkakdan retrovirus ajratib olgach, u   T-limfotsitlarini halok etuvchi virus ekanligini aytgan.

Yurtimizda

Bizda OITS ilk marotaba 1987-yili xorijdan kelib o‘qiyotgan talabalar orasida qayd etilgan. O‘sha yili respublika SPID diagnostika markazi tashkil qilingan. OIV infeksiyasi bilan kasallangan birinchi o‘zbekistonlik esa 1989-yili aniqlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, respublikamizda 2018-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, 38 mingga yaqin, viloyatda esa 186 nafar OIV/OITS bilan kasallangan bemor ro‘yxatga olingan.

Belgilangan choralar

Mamlakatimizda mazkur infeksiya tarqalishiga qarshi kurash samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilishi natijasida keyingi yillarda bu boradagi epidemik vaziyat biroz barqarorlashgan. Ushbu infeksiya bilan kasallanganlar soni 2017-yilda 2013-yilga nisbatan 222 nafarga (5 foiz) kamaygan. Biroq bu bilan OITS endi xavfsiz kasallikka aylandi, deya xotirjamlikka berilib bo‘lmaydi.

OIV qanday yuqadi?

- OIV/OITS bilan kasallangan odam bilan jinsiy aloqaga kirishganda;

- ukol va tomizg‘ich (kapelnitsa) uchun avval ishlatilgan yoki noto‘g‘ri sterillangan ignadan foydalanilganda, agar igna OIV/OITS bilan kasallangan qonga tekkan bo‘lsa;

- OIV/OITS bilan kasallangan onadan bolaga homiladorlik, tug‘ish va ko‘krak bilan boqish davrida yuqishi mumkin;

- OIV/OITS bilan kasallangan qon boshqa odamga quyish uchun ishlatilganda;

- stomatologiya yoki boshqa davolash xonalari, sartaroshxona va go‘zallik salonlari kabi joylarda avval ishlatilgan yoki noto‘g‘ri sterillangan asboblardan foydalanilganda, agar asboblar OIV/OITS bilan kasallangan qonga tekkan bo‘lsa.

Kasallik yuqish xavfi yuqori bo‘lgan guruhlarga:

giyohvand moddalarni tomir orqali qabul qiluvchilar;

fohishalar;

tartibsiz jinsiy hayot kechiruvchi shaxslar;

besoqolbozlar;

davolash muassasalarining davolanuvchilari, shuningdek, qon quyilgan shaxslar;

ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar;

OIVni yuqtirgan onalardan tug‘ilgan bolalar kiradi.

Infeksiyani qanday aniqlash mumkin?

Buning uchun qon virusga qarshi ishlab chiqariladigan antitelolarga tahlil qilinadi. Tahlilning eng keng tarqalgan va ishonchli usuli - IFA, ya’ni immun ferment analiz (tahlil) hisoblanadi. Tahlilning "musbat" natijasi qonda virusga qarshi antitelolar mavjudligidan, ya’ni odamga OIV yuqqanligidan dalolat beradi. "Manfiy" natija esa, ayni vaqtda qonda virusga qarshi antitelolar yo‘qligini, ya’ni odamga OIV yuqmaganini yoki odamga OIV yuqqanu, lekin qonda virusga qarshi antitelolar yetarli emasligini bildiradi.

Qonda antitelolar virus yuqqanidan keyin ma’lum vaqt o‘tib hosil bo‘ladi. Bu 3 haftadan 6 oygacha bo‘lgan muddatni tashkil etadi. Yuqish xavfi yuzaga kelgan vaqtdan bir necha kun o‘tib qonni tahlil qildirish hech qanday ma’no kasb etmaydi. "Ochiq davr" deb yuritiluvchi ushbu davrda tahlil baribir "manfiy" natija beradi. Qonni yuqish xavfi yuzaga kelgan kundan 3-6 oy o‘tib, tahlil qildirish aniqroq natija olish imkonini beradi.

Klinik ko‘rinishlari

Virus organizmga tushgandan keyin ko‘pchilik odamlarda harorat ko‘tariladi, limfa tugunlari kattalashadi, shamollash yoki angina belgilari kuzatiladi. Bu kasallikning o‘tkir davri bo‘lib, tezgina o‘tib ketadi. Virus tushganidan 6-8 hafta o‘tib, organizmda antitelolar hosil bo‘la boshlaydi.

Bitta OIV har kuni millionlab yangi viruslar ishlab chiqarib, ko‘payishni davom ettiradi, immun tizim esa infeksiyani nazorat ostiga olib, unga qarshi faol kurashadi. Organizm bilan virusning kurashish jarayoni, virusning immun tizimdan ustun kelish davrigacha davom etadi. Aynan shu davrdan OITS boshlanadi.

2030-yilgacha epidemiya tugatiladimi?

UNAIDSning ma’lumotlariga ko‘ra, OITS bilan kasallanganlarning 25 millioni Afrikada yashaydi. Infeksiya virusi topilganidan beri taxminan 78 millionga yaqin kishi uni yuqtirgan. Ularning yarmidan ko‘pi hayotdan ko‘z yumgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yaqin 15 yil ichida xastalik epidemiyasini tugatish uchun 2020-yilgacha odam immuniteti virusini yuqtirganlarning 90 foizi xastalik diagnozini bilishi, davolanishi va organizmida ushbu virus xurujini juda past darajaga keltirishi lozim.  Demak, avvalo, targ‘ibot, profilaktik ishlarga e’tibor qaratish kerak.

Yuqtirmaslik uchun nima qilish kerak?

Bu savolga bemorlarning o‘zi ham, shifokor-mutaxassislar ham bir xil javob beradi: pok va sog‘lom hayot kechirish!

Olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlari natijasida ko‘pchilik o‘rtasida OITSning haligacha davosi topilmagan va o‘limga olib boradigan yuqumli xastalik ekani haqida tasavvur bor. Ammo inson unutuvchan. Kasallik tomon ko‘r-ko‘rona qadam tashlaydi. Bu odimlar odatda giyohvandlik, fahsh yo‘lidan o‘tadi, borar manzil esa aniq - o‘lim. Buni hech qachon yoddan chiqarmaslik kerak.

Manbalar asosida Sh.BOZOROVA tayyorladi.