Ta'lim 16.07.2019 74

HARBIY-VATANPARVARLIK YO‘NALISHIGA IXTISOSLASHTIRILGAN SINFLARDA O‘QISH UCHUN…

Ta’lim

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Milliy gvardiya qo‘mondonligining qo‘shma qaroriga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan sinflar tashkil etilib, 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab o‘qishga qabul amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda ixtisoslashtirilgan sinflar respublikamizning har bir viloyatida 4 tadan bo‘lib, Qashqadaryo viloyati bo‘yicha Qarshi shahridagi 45-, Shahrisabz shahridagi 2-, Nishon tumanidagi 35- va G‘uzor tumanidagi 53-maktablarda tashkil etilgan. Respublika bo‘yicha har yili har bir ixtisoslashtirilgan sinfga 26 nafardan, jami 56 ta sinfga 1456 nafar o‘quvchi qabul qilinadi.

Harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan sinflarga umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 6-sinfini muvaffaqiyatli yakunlagan, chuqurlashtirib o‘qitish belgilangan o‘quv fanlaridan muayyan qobiliyatini ko‘rsata olgan o‘quvchilar o‘qishga qabul qilinadi.

Tegishli fanlar bo‘yicha test hamda jismoniy tayyorgarlik sinovlari Xalq ta’limi vazirligining hududiy boshqarmalari tomonidan o‘tkaziladi. Ixtisoslashtirilgan sinflarga kirish uchun test sinovlari 60 daqiqa, jismoniy tayyorgarlik sinovlari 120 daqiqa davom etadi. O‘quvchilarning tanlovdagi ko‘rsatkichlari teng bo‘lib qolgan hollarda quyidagi nomzodlarga imtiyozlar beriladi: 6-sinf reyting ballari bo‘yicha ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan bolalar; ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar; kam ta’minlangan oilalar farzandlari.

Ixtisoslashtirilgan sinflarga 2019/2020-o‘quv yili uchun navbatdagi qabul e’lon qilindi. Hujjatlar 1-20-iyul kunlari topshirilib, tanlov 5-20-avgust kunlari oralig‘ida o‘tkaziladi. Tanlovda ishtirok etish uchun o‘quvchilardan quyidagi hujjatlar talab qilinadi: ixtisoslashtirilgan sinf tashkil etilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori nomiga ariza; tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi; psixonevrologik, silga qarshi va teri-tanosil kasalliklari dispanserlari, elektrokardiografiya tekshiruvi (EKG) bo‘yicha tibbiy ma’lumotnomalar; 3x4 hajmdagi 6 ta fotosurat; fanlarni o‘zlashtirishi to‘g‘risida o‘qish joyidan direktor tomonidan tasdiqlangan ma’lumotnoma; o‘qish joyidan tavsifnoma; mahalla fuqarolar yig‘inidan tavsifnoma va ma’lumotnoma.

Ixtisoslashtirilgan sinflarga tanlovning yakuniy natijalari 5 kun ichida komissiya tomonidan e’lonlar taxtasiga osib qo‘yiladi. Tanlovni o‘tkazish jarayonidan norozi bo‘lgan o‘quvchilar va ularning ota-onalari amaldagi qonunchilikka muvofiq murojaat etishlari mumkin. Tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar 25-avgustga qadar ixtisoslashtirilgan sinflar tashkil etilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabining direktori buyrug‘i asosida o‘quvchilar safiga kiritiladi.

Mazkur maktab bitiruvchilari kelgusida "Temurbeklar maktablari" va respublikamizdagi oliy harbiy ta’lim muassasalarida o‘qishi hamda kelajakda o‘qishni bitirgan ofitserlar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida xizmat qilishi rejalashtirilgan. Bir so‘z bilan aytganda, maqsad yoshlarimizni ilmli, sog‘lom, mard, vatanparvar, fidoyi, jismonan va ma’naviy yutuk inson qilib tarbiyalashga qaratilgan.

Abdishukur OMONOV,

huquqshunos