Jarayon 14.05.2019 139

HARBIY XIZMATGA TANLASH TARTIBI QANDAY?

Qaror va ijro

Fuqarolarimiz O‘zbekiston Respublikasining "Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida"gi Qonuni talablariga muvofiq harbiy xizmatni o‘taydilar. Aholi murojaatlari bilan ishlash jarayonida farzandlarining harbiy xizmatga olinmagani to‘g‘risidagi yoxud harbiy xizmatga borishi uchun yordam berishni so‘rab yozilgan arizalarga ham duch kelinadi. Yaqin o‘tmishga nazar tashlasak, bir vaqtlar ikki yoki uch yillik xizmatga bormagan yigitlar bo‘lmagani, keyinchalik harbiy xizmatga borishni istamovchilar ko‘paygani, bugungi kunda esa harbiy xizmatga olinmaganidan shikoyat qiluvchilar soni oshganining guvohi bo‘lamiz.

Xo‘sh, harbiy xizmatga chaqiriluvchilarni tanlab olish tartibi qanday? Bu borada 2019-yil 9-aprelda Vazirlar Mahkamasining "Chaqiriluvchilarni tanlab olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi 291-sonli qarori qabul qilinib, Chaqiriluvchilarni tanlab olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanganini qayd etish joiz. Nizom asosida chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorgarlikka jalb etish va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safidagi muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun tanlab olish tartibi belgilandi. Shuningdek, Nizomning 1-ilovasida belgilangan tarkibda tuman (shahar) hokimining qarori bilan tuziladigan Chaqiriluvchilarning umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash, ular bilan kasbiy tanlov hamda yakka tartibda suhbat o‘tkazish bo‘yicha kengashni tuzish tartibi va 2-ilovaga muvofiq Chaqiriluvchilarni tanlab olish tadbirlarining sxemasi belgilab berildi. Chaqiriluvchilarni tanlab olish tadbirlarining sxemasida bosqichlar, tadbirlar, mas’ullar va muddatlar ko‘rsatiladi.  

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman (shahar) kengashi raisining birinchi o‘rinbosari - Tanlov kengashiga raislik qiladi. Tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari, "Nuroniy" O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi vakili, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining hududiy kengashi vakili, tuman (shahar) ichki ishlar organlari boshliqlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchilari va chaqiriluvchilarning ota-onalaridan vakillar - tanlov kengashi a’zoligiga kiritiladi. Tanlov kengashi a’zolarining ish joyi, lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqlari tanlovga jalb qilingan vaqt mobaynida to‘liq saqlanadi.

Tuman (shahar) hokimining qarori bilan chaqiriluvchilarni tanlab olish tartiblarini tashkil etish, suhbat o‘tkazish joylari belgilanadi. Harbiy xizmatga yaroqli bo‘lgan chaqiriluvchilar ro‘yxati tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limlari tomonidan shakllantiriladi. Chaqiriluvchilar tanlovda bir yilda faqat bir marta ishtirok etishi mumkin. Tuman (shahar) chaqiruv komissiyalari Tanlov kengashi tomonidan berilgan tavsiya asosida chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorgarlikka jalb etish yoki muddatli harbiy xizmatga chaqirish haqida qaror qabul qiladi.

Nizom talablari asosida tanlov chaqiruv yilidan avvalgi yilning 10-avgustidan chaqiruv yilining 10-fevraliga qadar o‘tkaziladi. Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining umumiy rahbarligi ostida tashkil etiladi va amalga oshiriladi. Tanlovga chaqirish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etish huquqiga ega bo‘lmagan, sog‘ligining holati bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli bo‘lgan fuqarolar yashash joyidagi tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlarga murojaat qilishlari kerak. Tanlovga fuqarolik pasportlari asosida kiritiladi.

Tanlovda chaqiriluvchilarning qaysi jihatlariga e’tibor qaratilishi ko‘pchilik uchun qiziq.

Birinchidan, tegishli normativlarni qabul qilish orqali umumjismoniy tayyorgarlik darajasi ko‘riladi. Bu jarayonda turnikka tortilish, 100 va 3000 metrga yugurish baholanadi. Turnikka 12 marotabadan ko‘p tortilsa a’lo, 7 marotabagacha tortilsa qoniqarsiz, 100 metrga 14 soniyada yugurib borsa a’lo, 15,1 soniyadan oshiq vaqtda yugurib borsa qoniqarsiz, 3000 metrga 12,40 daqiqa ichida yugurib borsa a’lo, 14 daqiqadan oshiq vaqtda yugurib borsa qoniqarsiz va tegishli tartibda yaxshi, qoniqarli baholarni oladi. Bitta qoniqarsiz baho olgan chaqiriluvchi umumjismoniy tayyorgarlik normativlarini topshira olmagan hisoblanadi, normativlarni takroran topshirishga ruxsat berilmaydi. Baholar qaydnomasi Tanlov kengashi a’zolari hamda chaqiriluvchi tomonidan imzolanadi. Umumjismoniy tayyorgarlik normativlarini topshirmagan chaqiriluvchilar kasbiy tanlov tadbirlariga qo‘yilmaydi.

Ikkinchidan, kompyuterdan foydalangan holda beriladigan savollarga to‘g‘ri javoblarni belgilash yo‘li bilan o‘tkaziladigan kasbiy tanlov 25 nafar chaqiriluvchiga mo‘ljallangan kompyuter xonalarida o‘tkaziladi. Savollar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tuzilib, kompyuterga joylashtiriladi. Savollarning soni 60 tani tashkil qilib, ularga javob berish uchun 1 soat 30 daqiqa vaqt beriladi. Kasbiy tanlov boshlanganda, xonada faqat tanlov kengashi a’zolari bo‘lishi mumkin.

Kasbiy tanlov o‘tkaziladigan xonaga kitoblar va uyali telefonlar olib kirish mumkin emas. Savol-javoblarning yakuniy bahosi avtomatik tarzda kompyuter monitorida ko‘rinadi. Ota-onalar ham bu jarayonni kuzatib borishi mumkin. 56-60 ta savolga to‘g‘ri javob uchun a’lo, 51-55 ta savolga to‘g‘ri javob uchun yaxshi, 46-50 ta savolga to‘g‘ri javob uchun qoniqarli va 45 ta hamda undan kam savolga to‘g‘ri javob uchun qoniqarsiz baho qo‘yiladi. Baholar qaydnomada rasmiylashtirilib, Tanlov kengashi a’zolari va chaqiriluvchilar tomonidan imzolanadi. Kasbiy tanlovni takroriy topshirishga hamda qoniqarsiz baho olganlar yakka tartibda o‘tkaziladigan suhbatga qo‘yilmaydi.

Uchinchidan, yakka tartibda suhbat o‘tkazish xonasi videokuzatuv kameralari bilan jihozlangan bo‘lishi kerak. Bu bilan suhbat jarayonining shaffofligi va ochiqligi ta’minlanadi. Yakka tartibda suhbat o‘tkazish - O‘zbekiston tarixi, Amir Temur (tuzuklari) va boshqa ulug‘ ajdodlarimizning hayoti va faoliyatiga oid bilimlarni aniqlash orqali amalga oshiriladi. Suhbat kollegial prinsip bo‘yicha Tanlov kengashi tomonidan o‘tkaziladi.

Suhbat jarayonida chaqiriluvchining harbiy xizmatga borishdan maqsadi, yetakchilik fazilatlari, aqliy qobiliyati va boshqa xususiyatlariga aniqlik kiritiladi. Suhbat yakunida Tanlov kengashi a’zolari tomonidan qabul qilingan qarorga muvofiq tavsiya rasmiylashtiriladi. Ushbu tavsiya Tanlov kengashi a’zolari tomonidan imzolanib, chaqiriluvchi tomonidan ham tanishganligi to‘g‘risida imzo qo‘yiladi.

Tanlov natijasidan norozi bo‘lgan chaqiriluvchi natija e’lon qilingandan uch ish kuni davomida apellyatsiya komissiyasiga yozma ravishda murojaat qila oladi. Apellyatsiya murojaatlarini ko‘rib chiqish uchun viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari rahbarligida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, "Nuroniy" O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va O‘zbekiston yoshlar ittifoqining hududiy kengashi vakillaridan iborat apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.

Mazkur komissiya apellyatsiya shikoyatini ikki ish kuni ichida chaqiriluvchi ishtirokida ko‘rib chiqishi kerak. Apellyatsiyani ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha bayonnoma tuzilib, komissiya raisi va a’zolari tomonidan imzolangach, bayonnomadan ko‘chirma chaqiriluvchiga topshiriladi. Apellyatsiya komissiyasining bayonnomasi ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilish mumkin. Tanlov natijalariga oid hujjatlar ikki yil davomida tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limlarida saqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish - O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining muqaddas burchi ekanligi Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilgan. Bu burchni bajarishga intilish maqtovga loyiq va shu sabab bu borada yoshlarga ko‘maklashish, harbiy xizmatga chaqiriluvchilarni tanlab olishda odillik, oshkoralik prinsiplariga qat’iy rioya qilish kerak. Vazirlar Mahkamasining bu boradagi qarori shu ezgu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Abdishukur OMONOV,

viloyat hokimligi yuridik xizmat rahbari