So'nggi yangiliklar 12.04.2019 4

HARBIYLAR - O‘QUVCHILAR HUZURIDA

Tadbir

Qarshi shahridagi 23-sonli o‘rta maktabda buyuk bobokalonimiz Sohibqiron Amir Temur tavalludining 683 yilligi munosabati bilan harbiy xizmatchilar va o‘quvchi yoshlar uchrashuvi tashkil etildi.

Ma’lumki, mamlakatimizda yosh avlodni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda el-yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirish, xalq va armiya yakdilligini ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Turli bayramlar, tadbirlar, sanalar munosabati bilan yoshlar va harbiy xizmatchilar uchrashuvlari, o‘quvchilarning harbiy qismlarga sayohati, harbiy qurol-yarog‘lar ko‘rgazmalari tashkil etilishi an’ana tusini olgan.

Maktab va harbiy qism qo‘mondonligi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda ham dastlab Amir Temurning harbiy siyosati, bunyodkorlik ishlari xususida suhbatlashildi.

Shuningdek, harbiy xizmatchilarning turli jangovar elementlarni o‘zida mujassam etgan ko‘rgazmali chiqishlari, maktab o‘quvchilari tomonidan namoyish etilgan kichik sahna ko‘rinishlari, hamkorlikda arqon tortish, estafeta sport o‘yinlari, qurolni qismlarga ajratish va yig‘ish bo‘yicha musobaqalar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. 

Xuddi shunday uchrashuvlar viloyatimizdagi yana 20 ga yaqin maktablarda tashkil etildi.

J.BOYMURODOV