Ma'naviyat 09.04.2019 20

HAYOT KUZATUVLARIDAN QAYDLAR

Baxt ham, baxtsizlik ham hamisha o‘zimiz bilan birgadir.

* * *

Qarsakbozlikka sabab bo‘ladigan so‘zlarning aksariyati qalbga yetib bormaydi, zalda qolib ketadi.

* * *

Ishsizlik - jinoyatchilikning onasidir.

* * *

Cheksiz hokimiyat har qanday demokratni diktatorga aylantirib qo‘yadi.

* * *

Mulkdorlar o‘z yaqinlari va tarafdorlarining vakolatli mansablarda ishlashini istaydilar, shunga intiladilar.

* * *

Ko‘rinishing, fikru so‘zing va xatti-harakating boshqalarda senga nisbatan achinish yoxud nafrat hissini paydo qilmasin.

* * *

Kurashib, yonib yashamoq kerak, faqat "tirik yurish" uchun yashash ojizu g‘ariblarga xosdir.

* * *

Ota-onasiga "suyanib qolgan" bola bir umr "bola"ligicha qolib ketishi mumkin.

* * *

Mansabga erishgach, bu "tepalik"dan sog‘-omon tushishni o‘yla, dedi sobiq amaldor.

* * *

Davlatu qonunlardan qo‘rqish bo‘lmasa, nazoratchi-tekshiruvchilar qaroqchiga, qozilar firibgarga aylanadi.

* * *

Avomu olomonning oldida yurgandan ko‘ra, olimu ma’rifatlining ortidan yurgan ma’qul.

* * *

Ozchilikning boyib, ko‘pchilikning kambag‘allashishi - davlat va jamiyatdagi xavfli holatdir.

* * *

Ilm va hunar emas, amal egallashga intiluvchilar ko‘pdir.

* * *

Katta va kuchli bo‘rilar bilan birga ovga chiqqan bo‘ribachchalar ko‘proq uvlaydi.

* * *

Samimiylik va muloyimlikni ko‘pchilik ojizlik hisoblaydi.

Abdishukur OMONOV