Ma'naviyat 09.07.2019 401

HAYOT KUZATUVLARIDAN QAYDLAR

Iqtisodiy erkinlik - huquqiy va siyosiy erkinlikning bosh kafili.

* * *

Ilm va hunar emas, amal egallashga intiluvchilar ko‘pdir.

* * *

Katta va kuchli bo‘rilar bilan birga ovga chiqqan bo‘ribachchalar ko‘proq uvlaydi.

* * *

Samimiylik va muloyimlikni ko‘pchilik ojizlik hisoblaydi.

* * *

Insonni faqat fikru so‘ziga emas, asosan xatti-harakatiga qarab ta’riflash kerak.

* * *

Mehnatiga yarasha daromad olmaydigan davlat xizmatchisining fidoyiligi va halolu pokligiga ishonish qiyin.

* * *

Buyuk daholar o‘z davridan oldinga o‘tib ketadilar, shu sababli yo tan olinadi, yo o‘z fikru g‘oyalarining qurboniga aylanadi.

* * *

Aqlu farosati yetadigan gaplarni aytmasang "jinni"lar seni jinniga chiqarishadi.

* * *

Sharq falsafasi: zaif inson ustidan qozonilgan g‘alaba mag‘lubiyatga tengdir.

* * *

Jamiyatda qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati o‘zaro mustaqil hamda amalda bir-birini  tiyib turish vakolatiga ega bo‘lmasa, huquqiy demokratik davlat, fuqarolik jamiyati qurib bo‘lmaydi.

* * *

Mulku mansab va unvonu nishon qayg‘usi ko‘plab olimu fozillarni rostu haqni aytishdan tiyib turadi, sukut saqlatadi.

* * *

Muqaddas ziyoratgohlar savdo do‘koniga aylanib qolmasligi kerak.

* * *

O‘zini o‘tgan davru tuzumdan jabr ko‘rgan qilib ko‘rsatuvchilarning aksariyati yolg‘onchilardir.

* * *

Sharq falsafasi: yoqtirmagan kishilarimiz yordamiga muhtoj bo‘lish buyuk baxtsizlikdir.

* * *

Jamiyatda siyosiy partiyalarning ko‘pligi - oshkoralik va huquqiy demokratik davlat barpo qilinganligidan dalolat bermaydi.

* * *

Bo‘rilar ham o‘z uyi atrofida sherlarning ov qilishiga qarshiliq qiladi.

* * *

O‘tmishni yomonlab bugunning muammosini hal etib bo‘lmaydi.

* * *

Ayrim yolg‘onlar shunchalik chiroyli tarzda aytiladiki, ko‘p eshitaversang uning yolg‘onligiga ham shubha qilib qolasan.

* * *

Qalbda muhabbat bo‘lmasa - maqsad, umid, zavq, intilish va kurashish ham bo‘lmaydi.

* * *

Insoniyat tarixida o‘z ixtiyori bilan taxtini topshirgan shohlar kam bo‘lgan.

A.OMONOV